Klublarimizni o‘ziga jalb qilayotgan Turkiya, bir o‘q bilan ikki quyonni urgan Kapadze, Toshkentda esa bor-yo‘g‘i 3 ta jamoa!

  • 10 fevral, 2022, 23:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yangi mavsumga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ko‘pincha Toshkentda olib borilardi. Lekin hozir biroz huvillab qolgandek. Nega deysizmi, chunki Superliganing aksar klublari Turkiyaga ketishgan.

To‘g‘risi, qishki yig‘inlar chog‘ida anchadan beri bunaqasini ko‘rmagandik. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor”, AGMK, “Metallurg”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Dinamo”, “Qizilqum”, “So‘g‘diyona” va “Andijon”. Bugun aynan “So‘g‘diyona” bilan “Andijon” Turkiyaning Antaliya shahriga etib bordi. “Neftchi” esa u erdagi yig‘inini yakunladi.

Saytimiz orqali klublarimizning ushbu yig‘ini borasidagi ma’lumotlarni imkon qadar hukmingizga havola qilib boryapmiz. Hatto, ayrim jamoalar qishki yig‘indagi o‘zining ikkinchi xorijdagi mashg‘ulotlarini o‘tkazishmoqda. Umuman aytganda, klublarning Turkiyada yig‘in o‘tkazishini ijobiy baholasa bo‘ladi. Chunki Antaliya kabi kurort shaharlarda ayniqsa, futbol uchun juda qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Shu bois har yili u erga dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘plab jamoalar tayyorgarlik ko‘rish uchun boradilar. Natijada xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyati juda katta. Bu o‘z navbatida klublarimiz uchun ham foydadan holi bo‘lmaydi. O‘yin amaliyotini yaxshilash, tajriba oshirishda, bu kabi chet el klublariga qarshi uchrashuvlar juda asqotadi-da. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, har kuni Turkiyadan daraklar sifatida o‘tkazilayotgan o‘yinlar haqida ham ma’lumotlar berib boryapmiz.

antaliya2

Superliganing 10 ta klubi Turkiyada, qolgan 4 tasi-chi? Qaysi jamoalarimiz hech qaerga chiqmagan holda o‘zimizda shug‘ullanyapti? Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi “Qo‘qon-1912” Turkiyaga bormasdan asosan Qo‘qon va Toshkentda yig‘in o‘tkazyapti. Ma’lumot o‘rnida aytmoqchimizki, qo‘qonliklar Farg‘onada o‘tkazilgan “Hokim Kubogi” musobaqasida g‘olib chiqdi. Murabbiy esa rejasiga Turkiya safarini kiritgan yoki kiritmagani bizga qorong‘u, ammo qo‘qonliklar safarga chiqmasdan o‘zimizda yig‘in tashkil qilishni ma’qul ko‘rdilar. Selektsiya ham parallel ravishda olib borilayotganidan xabaringiz bor. Ayniqsa, Quvondiq Ro‘ziev va Javohir Sidiqovning qaytarilgani jamoa uchun ijobiy holat sifatida baholay olamiz.

Turkiyadan chetda qolgan yana bir klub bu “Lokomotiv”. Ochig‘i, biroz hayron qoldik. Odatda qishki yig‘inlarni chetda o‘tkazishni rejalashtiradigan “temiryo‘lchilar”ning Turkiyaga ketgan Superliganing 10 ta klubi orasida yo‘qligi turli savollarni keltirib chiqaryapti. Ayniqsa, jamoada moliyaviy tarafdan biroz muammolar borligi haqida eshityapmiz. Buning ustiga “Lokomotiv”ni ko‘plab etakchilari tark etdi. Oxiri Jasur Jaloliddinov bilan Aziz Amonov ham ketishdi. Xo‘sh, endi kim qoldi? Kaxi Maxaradze, Diyor Turopov, Sherzod Fayziev va Sanjar Qodirqulov kabi futbolchilarning zimmalariga juda katta mas’uliyat tushadi. Klub ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratyapti. Shuning uchun tark etgan etakchilarning o‘rniga shunga yarasha munosib futbolchilar olib kelinmadi. Darvoqe, kamerunlik hujumchi bilan shartnoma imzolandi. Ammo kim u? Bilganimiz shuki, o‘tgan yili pro ligada “Yangier” tarkibida to‘p surgan. Jamoa safiga yana yangi o‘yinchilar qo‘shiladimi, bilmadik. Bosh murabbiy Denis Korostichenko yig‘ayotgan tarkib mavsumda qanday karomat ko‘rsatishini kuzatish qiziq.

loko_2

Turkiya safaridan chetdan qolgan 4 ta klubdan yana biri Termizning “Surxon” jamoasidir. Sports.uz sayti orqali klubdagi o‘zgarishlardan siz o‘quvchilarni boxabar qilib boryapmiz. Rosti, klubdagi vaziyat hamon murakkab bo‘lib turibdi. Chunki hali futbolchilar bilan shartnomalar imzolanmagan. Tayyorgarlik ham kech boshlangan, 19 yanvardan mashg‘ulotlarga kirishishdi. Hali bir oy ham bo‘lmadi. Ammo shu vaqt ichida murabbiylar o‘zgardi. Avvaliga Xordi Fabregat Valmanya boshchiligidagi ispaniyalik murabbiylar kelgandi, ammo litsenziya bilan bog‘liq muammo tufayli ular ketishdi va yaqinda ispaniyalik boshqa mutaxassis – Anxel Lopes keldi. Biroq hali ham klubning yuridik tomondan ishlari to‘liq hal etilmagan. Mana shu jarayon cho‘zilyapti. Hali hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar turganida “Surxon”ning Turkiyaga yo‘l olishi ham balki mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Chunki boya aytganimizdek, klub o‘zi yig‘inni juda kech boshladi. Murabbiy o‘zgarishi esa yana ishlarni ortga surishi tayin. Garchi yangi kelgani ancha tajribali bo‘lsa-da, uning oldida vaqt juda tig‘iz. Yangi mentalitetga ko‘nikishi, o‘zbek futboliga moslashishi va o‘yinchilarimizni o‘rganishi oson bo‘lmaydi. O‘zining uslubiga o‘rgatib olishi ham vaqt talab qiladigan jarayondir.

Superliganing yangi debyutanti “Olimpik” haqida hali tuzuk-quruq yangilik ham aytilmayapti. Bosh murabbiy Timur Kapadze O‘zbekiston U-21 terma jamoasini ham boshqarayotganini bilasiz. Ayni paytda u terma jamoa bilan Turkiyada yig‘in o‘tkazyapti. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “Olimpik”ning deyarli 99 foiz futbolchisi terma jamoa ixtiyorida Antaliyada shug‘ullanyapti. Demak, o‘z-o‘zidan “Olimpik” tarkibining negizi ham parallel ravishda yangi mavsumga o‘sha erda tayyorlanyapti. Bundan chiqdi, Kapadze bir o‘q bilan ikki quyonni “urdi”. U ham terma jamoa, ham klubini Turkiyada shug‘ullantirib olmoqda. Biroq negadir bu haqida ma’lumotlar deyarli berilmayapti.

Qisqasi, shunaqa gaplar! “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912” va “Surxon” Toshkentda, qolganlar esa Turkiyada. Nima bo‘lganda ham klublar yangi mavsum uchun har qachongidan ko‘ra jiddiy tayyorlanishyapti va mas’uliyatni his qilishyapti. Qolganini chempionatda ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!