
Komil Ro‘ziev: Biz birgalikda eng ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz!
Osiyo-Okeaniya Kurash Konfederatsiyasi Prezidenti Komil Ro‘ziev yuksak ishonch uchun o‘z tashakkurini bildirdi.
Joriy yilning 4 yanvar kuni BAAning Dubay shahrida Osiyo-Okeaniya Kurash Konfederatsiyasining navbatdan tashqari Kongresi bo‘lib o‘tdi. Unda Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi Prezidenti maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan o‘zbekistonlik Komil Ro‘ziev Osiyo-Okeaniya Kurash Konfederatsiyasi Prezidenti etib saylandi.
Ma’lumot uchun, Osiyo va Okeaniya qit’alaridagi 40 ga yaqin davlatlarda Kurash federatsiyalari faoliyat yuritadi. 2016 yil noyabr oyida Hindistonning Kochchi shahrida bo‘lib o‘tgan Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi Kongressida Osiyo va Okeaniya Kurash Konfederatsiyalarini birlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
Komil Ro‘ziev ikki qit’a birlashgan Kurash Konfederatsiyasining birinchi Prezidenti sifatida ish boshladi. Ungacha Osiyo qit’asiga Serik Angarbaev (1999-2001 y. Qozog‘iston), Jagdish Tatler (2001-2005 y. Hindiston), Muhammad Daraxshon (2005-2013 y.Eron), Haydar Farmon (2013-2016 y. Quvayt) Okeaniya qit’asiga Yohan Boshoff (2004-2016 y. Yangi Zellandiya) lar rahbarlik qilishgan.
Osiyo–Okeaniya Kurash Konfederatsiyasi Prezidenti Komil Ro‘zievning minnatdorlik maktubini e’tiboringizga havola etamiz.
Qadrli dunyo kurash oilasi a’zolari va Kurash muxlislariyu-fidoiylari!
Kurash buyicha Osiyo va Okeaniya kitalarining Prezidenti etib saylanganligim, menga juda katta ishonch va mas’uliyat yukladi.
Azaliy qadriyatimiz bo‘lgan Kurash ming yillardan beri ota-bobolarimizdan bizgacha etib kelgan bebaho merosdir.
Mustaqilligimiz sharofati ila Kurashimizning jahon sportiga aylanishi har birimizga o‘zgacha g‘urur va iftihor bag‘ishladi. Bu azaliy qadriyatimizni yanada ulug‘lash, uni asrab avaylash biz uchun xam qarz ham farzdir.
Bugun O‘zbekistonimizda bulayotgan olamshumul o‘zgarishlarga, xususan, muxtaram Prezidentimiz sportimizning jahondagi mavqeini yanada oshirish, jonajon mamlakatimizni ulug‘lash uchun qilayotgan barcha harakatlari, bugungi kunda hech kimni befarq qoldirmayapdi desam, sira mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Bu ulkan mas’uliyatni anglagan holda, betakaror yurtimizning oddiy bir fuqarosi sifatida o‘zimning kamtarona hissamni qo‘shishni maqsad qildim. O‘zbek sporti Kurashni Osie va Okeaniya kitalarida yanada keng yoyish va kelajakda jahon Olimpiya uyinlari qatoriga ko‘shishda bor bilimim, kuch va imkoniyatlarimni ishga solaman.
Osiyo va Okeaniya qitalaridan kelib menga yuksak ishonch bildirib, o‘z ovozini bergan barcha davlat vakillariga, aziz do‘stlarimga, hayrihox insonlarga o‘zimning samimiy tashakkurimni bildiraman. Biz birgalikda eng ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz!
Komil RO‘ZIEV,
Osie-Okeaniya Kurash Konfederatsiyasi Prezidenti
Fikrlar