
KONKAKAF qit’asining mashhur jamoasi — Meksika. Jahon chempionatigacha bosib o‘tgan yo‘li, tarkib va yulduz futbolchilari haqida
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 23 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "S" guruhining navbatdagi vakili Meksika orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Meksika futbol federatsiyasi (FMF). Laqabi – “yashillar”.
Tashkil topgan yil: 1927 yil (FIFAga 1929 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Xerardo Martino
Jamoa sardori: Andres Guardado
Ilk rasmiy uchrashuvi: Gvatemala – Meksika 2:3 (1923)
Eng yirik g‘alaba: Meksika – Bagama 14:0 (1987)
Eng yirik mag‘lubiyat: Angliya – Meksika 8:0 (1961)
Meksika terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 13-o‘rinni egallab turibdi. Eng yaxshi natijasi esa 4-pog‘ona bo‘lib, 1998 va 2006 yillarda ushbu natijaga erishgan. 2015 yilning iyul oyida esa eng yomon ko‘rsatkichni qayd etgan. O‘shanda ular 40-o‘ringa tushib ketishgan.
Meksika 1930 yildagi birinchi jahon chempionatidan keyin ushbu turnirda muntazam tarzda ishtirok etib keladi va shundan beri jami 16 ta musobaqada qatnashgan. Bu vaqt davomida ular 3 marta turnir yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadi: 1934 (Italiya), 1974 (G‘arbiy Germaniya) va 1982 (Ispaniya). Bundan tashqari, Meksika 1938 yildagi (Frantsiya) mundialga bormagan. Shuningdek, FIFA 1988 yilgi Olimpiya saralash turnirida yoshi kattaroq futbolchilar bilan o‘ynagani sababli “yashillar”ni 1990 yilgi jahon chempionatidan chetlatgan.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Meksika terma jamoasi Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlarini o‘z ichiga olgan KONKAKAF konfederatsiyasi orqali Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Bu qit’ada sayyoramizning asosiy turniriga saralash ikki davrali o‘yin tizimiga ega sakkiz jamoadan iborat bitta guruhdan iborat. Mundial uchun saralashda “yashillar”dan tashqari Kanada, AQSh, Kosta-Rika, Panama, Yamayka, Salvador va Gonduras terma jamoalari ishtirok etdi.
KONKAKAFning Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga kvotasi uchta yo‘llanmani o‘z ichiga olgan va yana bir o‘rin qit’alararo pley-offda ishtirok etish uchun mo‘ljallangan. Dastlabki olti uchrashuvda meksikaliklar mag‘lub bo‘lishmadi — to‘rt g‘alaba va ikki durang. Meksika saralash peshqadamga aylanib oldi, ammo keyin jamoa o‘yinida biroz pasayish kuzatildi. Meksika AQSh (0:2) va Kanada (1:2) kabi asosiy raqiblariga mag‘lub bo‘lib, guruhda uchinchi pog‘onaga tushib ketdi.
Shunga qaramay, “yashillar” jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘ldan boy berishmadi. Qolgan olti o‘yinda Meksika 14 ochko jamg‘arib, Kanada terma jamoasini ortda qoldirgan holda guruhida ikkinchi o‘rinni egalladi. Saralash natijalariga ko‘ra, har ikki jamoada ham ochkolar soni teng (20) bo‘lgan bo‘lsa-da, kanadaliklar qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha meksikaliklardan ortda qoldi.
Tarkib
Oldinlari Meksika terma jamoasi mahalliy chempionat futbolchilaridan iborat edi. O‘tgan yillar davomida terma jamoaning asosini “Amerika” “Monterreya”, “Krus Asul”, “Tigres”, “Deportivo Gvadalaxara”, “Xuares”, “Tixuana” kabi klublar futbolchilaridan tashkil topgan. “yashillar” safida Evropa chempionatlarida harakat qiladigan futbolchilari ham etarlicha topiladi. Jahon chempionatiga saralash doirasida “Betis”, “Sevilya”, “Vulverxempton”, “Napoli”, “Ayaks”, AEK, PSV, “Braga” va “Genk” kabi klublar futbolchilari Meksika terma jamoasi safida harakat qilishdi.
Terma jamoa libosida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekord Klaudio Suaresga tegishli. Meksikalik himoyachi 1992 yildan 2006 yilgacha milliy terma jamoada o‘ynagan va 177 ta o‘yinda maydonga tushgan. Qatardagi jahon chempionatida "Betis" futbolchisi Andres Gvardado Suaresning natijasini ortda qoldira olishi mumkin. Ayni damda Gvardadoda “yashillar” libosda 174 ta o‘yinda maydonga tushgan.
Ayni damda Meksikaning eng yaxshi to‘purari "Los-Anjeles Gelaksi"da to‘p tepayotgan Xaver Ernandes (109 o‘yinda 52 gol). Chicharito terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qilmagan va Qatardagi mundialga borish niyatida. Xaver Meksika termasidagi so‘nggi o‘yinini 2019 yilning sentyabr oyida AQSh termasiga qarshi o‘tkazgan (3:0).
“Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, Meksika terma jamoasi 219,30 million evroga baholangan. Jamoaning eng qimmat futbolchilari Edson Alvares va Irving Lozano hisoblanadi. Ularning narxi 30 million evroga baholangan.
"JCh-2022"dagi taqvimi
22 noyabr. Meksika — Polsha
26 noyabr. Meksika — Argentina
30 noyabr. Meksika — Saudiya Arabistoni
Fikrlar