
Ko‘pchilik boshqa iste’foni kutayotgandi-a? Yoxud Shuhrat Maqsudov nega "Bunyodkor"ga "sig‘may" qoldi?
Har bir murabbiy uchun iste’fo so‘zi yonma-yon. Shuning uchun har qanday jamoa bosh murabbiyi egallab turgan o‘rni kafolatlanmaganligini yaxshi biladi. Ularning taqdiri natijaga qarab belgilanadi. Ushbu maqola yozilishiga sabab bo‘ladigan holat yuz berdi.
Gap shundaki, Superliganing 8-turida “Bunyodkor” klubi o‘z maydonida “Metallurg”ni qabul qilib 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Aksiga olib mehmonlar 10 kishi bo‘lib qolishgandi. Umarali Rahmonaliev “Bunyodkor”ni hisobda oldinga olib chiqqaniga qaramasdan bekobodliklar 67-daqiqada Damir Temirov tomonidan kiritilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Qizig‘i, 46-daqiqada Shoxnazar Norbekov qizil kartochka tufayli maydonni tark etib, “Metallurg”ni qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Lekin yakunda tomonlarning kuchi teng keldi. Tabiiyki, “Bunyodkor”ning son jihatdan ustun bo‘lab turib g‘alaba qozona olmagani rahbariyatni ham, muxlislarni ham va murabbiylarni ham ranjitgani turgan gap. Shu sababli qayd etilgan durang “Qaldirg‘ochlar” uchun qoniqarsiz natija bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng murabbiy matbuot anjumanida futbolchilarning o‘yinidan umuman qoniqmaganini ochiq aytdi. Namanganda “Navbahor”ga qarshi bahs bilan solishtirganda er bilan osmoncha farqi bo‘lganini e’tirof etdi. Ammo uchrashuvning ertasiga bosh murabbiy Shuhrat Maqsudovning ishdan bo‘shatilishi fonida voqealar rivoji biroz tezlashib ketgandek taassurot qoldirdi.
Shu tariqa, chempionatimizdagi ilk iste’fo 8-turga to‘g‘ri keldi. O‘tgan yili 1-turdan keyinoq “Navbahor” No‘’mon Hasanovni bosh murabbiylikdan bo‘shatib yuborgani yodimizda qolgan. Bu yil esa ilk iste’fo Maqsudovga tegishli bo‘ldi. Xo‘sh, aslida hammasi qanday sodir bo‘ldi? Murabbiy “Bunyodkor”dan iste’foga chiqarilishga loyiqmidi? Avvalo masalaning shu mohiyatiga e’tibor qaratsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. “Bunyodkor” hozir qaysi o‘rinda? Kechagi durangdan keyin 6-o‘rinda. 8 ta uchrashuvda 3 ta g‘alaba, 2 ta durang va 3 mag‘lubiyat qayd etildi. Faqat oxirgi 3 ta turda 2 mag‘lubiyat va 1 durang o‘ynashdi. Qiziq, Shuhrat Maqsudov chindan ham iste’foga chiqishga loyiqmidi? Rosti, bu bilan murabbiyni yonini olish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Shunchaki, vaziyatga xolisona baho berishga intilyapmiz. Bu yil qanday tarkib yig‘di? O‘tgan yilgi tarkibdan kimlar ketdi? Masalaning shu tomoniga ham e’tibor qaratish adolatdan bo‘lardi, bizningcha. Etakchi o‘yinchilarini saqlab qola olmadi, ko‘plab futbolchilar ketib qoldi va asosiy e’tibor mahalliy tarbiyalanuvchilariga qaratildi. Eshitishimizga qaraganda, mavsum avvalida murabbiyga ushbu tarkibni shakllantirishi uchun bir yil vaqt berilgan. Lekin bir yilni kutishmadi va 8 ta turdan keyinoq unga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yishdi.
Maqsudov bir necha bor matbuot anjumanlarida qimmat o‘yinchilarni sotib olmasdan, asosiy e’tibor klub tarbiyalanuvchilariga qaratilayotganini aytgandi. Aslida har qanday murabbiy ham tarkibida tajribali futbolchilar bo‘lishini istaydi. Chunki shu orqali ko‘zlagan natijaga erishish nisbatan osonroq kechadi. Biroq “Bunyodkor”da bunday imkoniyat bo‘lmadi. To‘g‘ri, ayrim o‘yinchilar taklif qilindi. Lekin transfer bozorida klub shov-shuv uyg‘otmadi. Cho‘ntagiga yarasha futbolchilarni oldi. Agar shunga yarasha natija o‘ta salbiy bo‘lganida ham vaziyatni tushunardik. Shunday ekan, u iste’foga chiqishga loyiqmidi? To‘g‘ri, og‘ir mag‘lubiyat bo‘ldi. 6-turda “Bunyodkor” o‘z maydonida “Olimpik”ni qabul qildi va 1:5 hisobida kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olishiga to‘g‘ri keldi.
Ochig‘i, chempionatdagi ilk iste’fo sifatida boshqa mutaxassis nomi ko‘proq aytilayotgandi-a? Hech kimga sir emas, “Neftchi”ning salbiy natijalari tufayli Ilhom Mo‘minjonovning lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha gap-so‘zlar tarqaldi. Bugungi kunda “Neftchi” turnir jadvalida yaqqol autsayder bo‘lib turibdi. Jamoa ilk turda g‘alaba qozongan. Shundan beri yutolmayapti, ketma-ket mag‘lubiyatlar qayd etmoqda. Mana shunday salbiy natijalar sababli ko‘pchilik ilk iste’fo aynan Mo‘minjonov bilan sodir bo‘ladi, deb turgan bir vaziyatda jamoasi bilan yuqoriroq pog‘onalardan birida borayotgan Shuhrat Maqsudov ishsiz qoldi. “Bunyodkor” klubi uni “haydab” qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yo‘l tutganini mavsum davomida bilib olamiz.
Fikrlar