
Ko‘zguda - "Ayaks"! Niderland futboli grandi tarixidagi eng foydali besh transfer
Xabaringiz bor, joriy yil avvalida «Ayaks» va «Chelsi» klublari vakillari Hakim Zieshning mazkur mavsum nihoyasiga etganidan so‘ng Angliyaga ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq masalani ijobiy hal qildilar. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, «aristokratlar» niderland futboli grandi safida yorqin o‘yin namoyish etayotgan ushbu ijrochini 40 million evroga sotib olishga rozi bo‘lgan. O‘sha kelishuv «Ayaks» tarixidagi top-5 transferlar ro‘yxatida 4-o‘ringa loyiq topiladigan bo‘ldi. Shu voqea munosabati bilan mazkur klub tomonidan amalga oshirilgan mana shunday top-transferlarga e’tibor qaratamiz.
1. Matteys de Ligt
Qaysi klubdan sotib olingan? Sotib olinmagan, de Ligt klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Qaysi jamoaga transfer qilingan? 2019 yili «Yuventus»ga. Transfer qiymati: 85,5 mln.evro.
De Ligt «Ayaks» akademiyasiga jalb etilganda 10 yoshli bolakay bo‘lgan. Bunga qadar u «Abkaude» klubining bolalar jamoasida to‘p surgan. O‘sha kezlarda baqaloq bo‘lgan bu bolakay aynan «Ayaks» tizimida har tomonlama shakllangan futbolchi darajasiga ko‘tarildi. Bejizga uni qo‘lga kiritish uchun qit’adagi top-klublar o‘zaro kurash olib bormadilar. Amsterdamliklarni esa «Yuventus» tomonidan yuborilgan taklif qanoatlantirdi. Chunki boshqa da’vogarlar Matteys uchun so‘ralgan pulni to‘lashga rozi bo‘lmagandilar.
2. Frenki de Yong
Qaysi klubdan sotib olingan? 2015 yili «Villem II»dan 10,13 mln.evroga. Qaysi jamoaga transfer qilingan? 2019 yili «Barselona»ga. Transfer qiymati: 75 mln.evro.
«Ayaks» rahbariyati bundan besh yil muqaddam «Villem II»da yarq etib porlagan 18 yoshli Frenkini sotib olish uchun 10 million evrodan sal ko‘proq pul to‘lagandi. Ko‘rib turganingizdek, iste’dodli yarim himoyachining o‘tgan yil yozgi transfer chog‘ida «Barselona»ga ko‘chib o‘tishidan niderland superklubi mo‘may foyda olgan. Aytish o‘rinliki, 2018-19 mavsum «Ayaks»ning ChLda yarim finalgacha etib kelishiga salmoqli hissa qo‘shgan ijrochilardan biri bo‘lgan de Yongning o‘zi «Barsa»ga ko‘chib o‘tishga oldindan rozilik bergandi. Shu bois tomonlar o‘rtasidagi muzokara silliq kechgan.
3. Davinson Sanches
Qaysi klubdan sotib olingan? 2016 yili «Atletiko Nasonal»dan 5 mln.evroga. Qaysi jamoaga transfer qilingan? 2017 yili «Tottenxem»ga. Transfer qiymati: 42 mln.evro.
Kolumbiyalik ushbu futbolchi «Tottenxem»da dastlabki ikki mavsumni yaxshi o‘tkazgani evaziga «Ayaks»ning hisob raqamiga qo‘shimcha bonuslar o‘tkazilishini ta’minlab bo‘lgan. Niderland klubi skautlari iqtidorli o‘yinchilarni qidirib topish masalasida boshqalardan ancha ilgarilab ketganlar, deya baralla aytish mumkin. Ular ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan futbolchilarda ham qandaydir jihatlarni ilg‘ay olishadi. Jumladan, Davinson Sanches bilan bog‘liq ish buni amalda tasdiqlaydi. Chunki Evropadagi boshqa top-klublardan ancha ildamroq harakat qilgan amsterdamlik skautlar uni «Ayaks»ga olib kelish masalasini ijobiy hal eta olganlar.
4. Hakim Ziesh
Qaysi klubdan sotib olingan? 2016 yili «Tvente»dan 11 mln.evroga. Qaysi jamoaga transfer qilinyapti? Joriy yil yozida «Chelsi»ga. Transfer qiymati: 40 mln.evro.
Marokashlik iqtidor egasini qo‘lga kiritish uchun top-5 ligalardagi boshqa etakchi klublar ham kurashga qo‘shilgandilar. Lekin bu kurashda omad «Chelsi»ga kulib boqdi. Qolaversa, Hakim Zieshning o‘zi ham «Ayaks» bilan ichki maydondagi barcha sovrin va unvonlarni yutganidan so‘ng omadini yanada jiddiyroq klubda sinab ko‘rish haqida o‘ylashga tushgandi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq yarim himoyachi joriy mavsumni «Lolalar yurti»da nihoyasiga etkazadi. So‘ng «Chelsi» murabbiylar shtabi vakillari ixtiyorida bo‘lishi kerak. Afrikalik yulduzning «Ayaks»dagi statistik natijalari ham juda yaxshi ko‘rinishda: 160 uchrashuv, 48 gol va 82 ta assistentlik. Shu bois uning transfer qiymati 40 million evroga baholanganidan ajablanish kerak emas.
5. Arkadiush Milik
Qaysi klubdan sotib olingan? 2015 yili «Bayer»dan 2,8 mln.evroga. Qaysi jamoaga transfer qilingan? 2016 yili «Napoli»ga. Transfer qiymati: 32 mln.evro.
Polshalik hujumchi 18 yoshida «Bayer»ga kelgandi. Ammo nemis klubidagi murabbiylar Milikdagi bor iqtidorni namoyon eta olmaganlar. Shu bois leverkuzenliklar uni ijara asosida o‘ynashi uchun «Ayaks»ga berib yuborishgan. Buni qarangki, amsterdamliklar jamoasida Arkadiush juda qobiliyatli o‘yinchi ekanligini isbotlab bera olgan. O‘z navbatida «Ayaks» mutasaddilari fursatni boy bermay, polshalik futbolchini 2,8 million evroga «dorishunoslar»dan sotib olganlar. Aytishlaricha, Milik 2016 yil yozida «Napoli»ga 32 million evroga pullangan mahalda niderland klubi mutasaddilari alamdan yig‘lab yuborayozganlar.
BILIB QO‘YGAN YaXShI
* «Ayaks» tomonidan klub tarkibiga qo‘shib olingan eng qimmat futbolchi Miralem Sulaymoni hisoblanadi. Rahbariyat uning transferi uchun 16,25 million evrodan voz kechgan. Aytish kerakki, Sulaymoni o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagan. Boz ustiga u «Ayaks»ni erkin agent maqomida tark etgandi.
* Arkadiush Milik, Davinson Sanches, Frenki de Yong va Hakim Zieshni sotib olish uchun jami 28,93 million evro sarflangan. Ularning chetga pullanishidan esa «Ayaks» 274,5 million evro foyda ko‘rgan!!!
Fikrlar