Kriket federatsiyasi "Tashkent Perfect University" bilan hamkorlik bitimini imzoladi

CHERY AUTO

O‘zbekiston kriket federatsiyasi mamlakatimizda kriket sport turini keng ommalashtirish, ayniqsa, yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan mazkur sport turini yoshlar orasida rivojlantirish  ishlariga alohida e’tibor qaratgan. 

Tecno

Shu boiski, kriket federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ham kriket bo‘yicha hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, kecha 18 mart kuni poytaxtimizdagi "Tashkent Perfect  University" da O‘zbekiston kriket federatsiyasi "Tashkent Perfect University" bilan kriket sport turini talaba-yoshlar orasida keng rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlik Memorandumi imzoladi. 

Memorandumni O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev hamda mazkur oliy o‘quv yurti rektori Daurenbek Ilesaliev imzolashdi. Universitet va kriket federatsiyasi o‘rtasida imzolangan ushbu memorandumdan ko‘zlangan maqsad - talabalar orasida kriket sport turini ommalashtirish va ularni shu sport turiga jalb qilish orqali iqtidorli sportchi-talabalarni saralash, kriket bo‘yicha musobaqalar tashkil etish va eng asosiysi yaqin kelajakda ushbu oliy o‘quv yurtida  kriket bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishini ochish kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishdan iborat.

Memorandum imzolash tadbirida shuningdek,  "Tashkent Perfect  University" rektori  maslahatchisi Ulug‘bek Muhammadiev, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va xalqaro  hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Nasullaev, pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri Feruza Norboeva, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Memorandum imzolash marosimi yakuniga etgach, O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev tadbir ishtirokchilariga kriket sport turining ichki va xalqaro hamkorlik doirasidagi faoliyati, kriket sport turini rivojlantirish orqali turizmga keng yo‘l ochilishi  singari qator ma’lumotlarni berib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston kriket federatsiyasi 2019 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, federatsiya raisi Aziz Mixliev say’-harakati va tashabbusi bilan kriket sport turi rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikdagi xalqaro aloqalarni mustahkamlagan.

"Tashkent Perfect University" va kriket federatsiyasi tomonidan imzolangan kelishuv ham mamlakatimizda kriket sport turining rivojlanishiga, yoshlar orasida ommaviylashishi uchun yana bir dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi bor gap. 
Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!