
Kurash - xalqaro harbiy sport kengashining rasmiy sport turi
Sevimli sportimiz — kurash xalqaro sport maydonlarida yana bir muhim qadam tashladi. Endi u dunyodagi eng nufuzli harbiy sport tashkiloti — CISM (Conseil International du Sport Militaire) taqvimiga rasman kiritildi.
2025 yilning 17–25 may kunlari Shri-Lankaning Kolombo shahrida bo‘lib o‘tgan CISMning navbatdagi Bosh Assambleyasida Kurash rasman kengash sport turlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu qaror 140 dan ortiq davlat a’zo bo‘lgan harbiy sport jamiyati tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur voqeaga bag‘ishlab 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi Prezidenti Haydar Farmon, Vitse-prezident Sherzodxon Qudratxo‘ja, Bosh kotib Muhammad Reza Nassiri, Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Mudofaa vaziri maslahatchisi Olimjon Usarov, Mudofaa vazirligi mas’ul xodimi Mansur Mamadaminov, IKA Adminisratsiyasi raxbari Mansur Mirzaev, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Xalqaro Kurash instituti rahbarlari va bir qator xorijiy federatsiyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ta’kidlanganidek, bu yutuq — so‘nggi yillarda kurashning xalqaro darajadagi nufuzi tobora oshib borayotganining natijasidir. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Faxriy Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita e’tibori va tashabbuslari bu jarayonda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
— “Bu nafaqat sport tarixidagi muhim voqea, balki kurash orqali O‘zbekiston madaniyati va qadriyatlarini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Biz bu natijaga osonlikcha emas, balki butun kurash jamoasining mehnati orqali erishdik,” — dedi Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi Prezidenti Haydar Farmon.
Ma’lumki, CISM — bu 1948 yilda tashkil etilgan, har to‘rt yilda o‘tkaziladigan "Harbiy Olimpiada" — World Military Games musobaqalarini tashkil etuvchi tuzilma bo‘lib, unda asosan jangovar sport turlari namoyon etiladi. Kurashning mazkur tizimga kiritilishi uning jang san’ati sifatida xalqaro hamjamiyatda tan olinishiga xizmat qiladi.
— “Kurash – bu faqat bellashuv emas, balki tinchlik, tartib, odob va hurmat maktabi. Shu ma’noda uning harbiy sport tizimidagi ishtiroki ham jismoniy, ham ma’naviy ahamiyat kasb etadi,” — dedi IKA Vitse-prezidenti, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Anjumanda 2026 yilning 5–6 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kurash Challenge Cup” musobaqasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Bu musobaqa kurashning CISM doirasidagi ilk rasmiy turniri sifatida tarixga kiradi. Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik bayrami va 6 sentyabr — Kurash kuni munosabati bilan tashkil etiladi.
Turnir doirasida nafaqat sport bellashuvlari, balki O‘zbek madaniyati, an’analari va zamonaviy qiyofasini namoyon etuvchi bir qator madaniy tadbirlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kurashning CISM sport turlari ro‘yxatiga kiritilishi — sevimli sportimiz uchun navbatdagi tarixiy marra. Bu qaror ortida nafaqat rasmiy tashabbus, balki butun kurash oilasining ko‘p yillik mehnati va sadoqati turibdi.
Ilhom RAHMONOV
Fikrlar