
La’natlangan raqam va 73 yoshli hujum tandemi!
Deyarli 2 yildan beri Jiruning "Chelsi"ni tark etishi borasida mish-mishlar yurgan edi. Paolo Maldini esa, qandaydir 1 hafta ichida so‘nggi yillardagi eng sermahsul frantsuzni Milanga ko‘chib kelishini ta’minladi. Transfer summasi hali oshkor qilinmadi, biroq 2 million funt sterling atrofida ekanligi haqida ma’lumotlar bor.
Jiru oddiy hujumchi sifatida ko‘z oldingizda gavdalanishi mumkin, ammo uning faoliyati chinakam kinofilm. JCh, APL, EChL, EL va boshqa ko‘plab sovrinlarni boshi uzra ko‘targan Olive faoliyatidagi so‘nggi bekatlardan biriga etib keldi. Keling, uning faoliyatini raqamlar yordamida yodga olamiz!
1. Jiru Evropaga o‘z nomini 2011/12 yilgi mavsumdagi harakatlari bilan tanitdi. Kamtarin "Monpele" "Liga 1"da zafar quchdi. Olive esa, 21 gol bilan musobaqa to‘purariga aylandi. E’tiborlisi shundaki, Olive "Monpele"dagi debyut uchrashuvidayoq gol kiritishni uddalagan.
2. Olive Frantsiya futboli tarixidagi ikkinchi to‘purar hisoblanadi. Uning aktivida 46 gol mavjud. Undan oldinda 51 gol kiritgan Terri Anri bormoqda. Uni terma jamoaga Loran Blan taklif etgan bo‘lib, mutaxassis yosh hujumchini kelajakda top darajaga ko‘tarilishini bashorat qilgan. 2018 yilda, Desham aynan Blanning maslahatiga quloq solib, Jiruni mundialga olib ketdi. Yoshi o‘tib qolgan bo‘lsa-da, Olive Frantsiya hujumini buzib qo‘ygani yo‘q.
3. Jiru 2012 yildan boshlab, faoliyatini "tumanli albion"da davom ettirdi. Bu vaqt oralig‘ida 90 ta gol urdi va APLdagi eng sermahsul frantsuzlar ro‘yxatida 3-o‘ringa ko‘tarildi. Undan oldinda Nikolya Anelka (125) va Terri Anri (175) bormoqda. Jiru Angliyani 100 gol bilan tark etish orzusida edi, afsuski bu unga nasib etgani yo‘q.
7. "Atletiko"ga qarshi bahsda Jiru kiritgan gol yodingizdami? Bu hujumchi uchun EChLdagi 19-goliga aylandi. Sermahsullik bobida Olive musobaqadagi frantsuzlar orasida ettinchi pog‘onani egallagan. Shuningdek, qahramonimiz "Chelsi" safida EChLda 6 ta gol kiritdi. Bu o‘yin amaliyoti kam bo‘lgan forvard uchun fantastik ko‘rsatgich! Yakuniga etgan mavsumda frantsuz faoliyatidagi ilk EChL sovrinini boshi uzra ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.
9. "Milan" bilan shartnoma imzolagach, hujumchi mas’uliyati katta bo‘lgan 9-raqamni olishdan qo‘rqqani yo‘q. 2012 yilda Filippo Indzagi "Milan"ni tark etgach, hali birorta hujumchi bu raqamda omadli mavsum o‘tkazgani yo‘q.
Vaholanki, 10 futbolchi "la’natlangan" raqamda o‘z omadini sinab ko‘rdi. Ularning 7 tasi atigi 6 oy klub sharafini himoya qildi xolos. Pato esa, aynan shu nomer qurboni bo‘ldi desak, ishonasizmi? Braziliyalik forvard 7-raqam ostida "rossonerilar" uchun 60 dan ortiq gol kiritdi. Indzagidan so‘ng, 9-raqamni olgan hujumchi atigi 4 bor maydonga tushdi va birorta golsiz klubni tark etdi.
Keling, barcha hujumchilar qayd etgan statistikaga e’tibor qaratamiz: Mandjukich (10 match, 0 gol), Pyontek (18 match, 4 gol), Iguain (15 match, 6 gol), Torres (10 match, 1 gol), Destro (15 match, 3 gol), Matri (15 match, 1 gol), Pato (4 match, 0 gol), Andre Silva (24 match, 2 gol), Lapadula (27 match, 8 gol), Luis Adriano (26 match, 4 gol). Umumiy hisobida 164 o‘yinda "9" egalari atigi 29 bor gol kiritishni uddalagan.
11. 2018/19 yilgi mavsumda Jiru Evropa Ligasi musobaqasida 11 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishni uddaladi. So‘nggi 2 yilni inobatga olsak, Jiru xalqaro maydonda Erling Xoland, Leo Messi va Robert Levandovskidan kamroq gol kiritdi xolos.
24. Faqat 24 yoshdagina Olive oliy divizionda debyut uchrashuvini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. 2010-yilda "Monpele" bilan shartnoma imzolagach, qahramonimiz elitada o‘z kuchini sinab ko‘rdi. Bunga qadar "Liga 2"da "Grenobl", "Tur" singari jamoalarda to‘p surdi. Hatto, 3-divizionning "Istr" klubi sharafini himoya qildi. Mashhurlik nima ekanligni 25 yoshga qadar his qilmagan Jiruning tirishqoqligiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q.
550. Amaldagi JCh g‘olibi professional darajadagi o‘tkazgan o‘yinlari soni 550 tani tashkil etadi. 221 gol, 81 assist. "Milan" safida qahramonimiz 2 yil ushlanib qoladi. Bu vaqt oralig‘ida o‘yinlari sonini 600 taga etkazib olishi mumkin.
Paolo Maldinini ushbu transferdan so‘ng, ko‘pchilik tanqid qilgani rost. Yoshi katta hujumchi bilan yaxshi jamoa tuzish mumkinmi? Afsona, klub birinchi navbatda o‘z suyagini mustahkamlab olmoqchi ekanigini, shu bois yosh hujumchi bilan shartnoma imzolanmaganini ma’lum qildi. Darhaqiqat, Ibrohimovich va Jiru birgalikda Evropadagi eng keksa (umumiy hisobda 73 yosh) tandemni hosil qilishi kutilmoqda. Xo‘sh, bu transfer qay darajada o‘zini oqlaydi? O‘z fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring!
Ya.U
Fikrlar