
Laosda termamiz uchun yana bir muammo, ammo bu bahona bo‘lmasligi kerak
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi 19 noyabr kuni "JCh-2026" saralashi 6-turi doirasida Shimoliy Koreyaga qarshi bahs olib boradi.
Mazkur bellashuv siyosiy sabablarga ko‘ra, Laosda o‘tkaziladi. Mazkur mamlakat iqlimi - subekvatorial bo‘lib, hatto qishda ham havo harorati 15-20 gradus atrofida bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur mamlakatda namlik juda yuqori. Solishtirish uchun ayni vaqtda O‘zbekiston hududida namlik 39 foizni tashkil etsa, Laosda bu ko‘rsatkich - 81 foiz. Hozirda Laos poytaxti Ventyanda havo harorati 28 gradus va termamiz futbolchilari aynan shu erda mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda.
Bilasiz, termamiz ayni vaqtda bu mamlakatda Shimoliy Koreyaga qarshi tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Terma mashg‘ulotlariga borgan bloger Abdurahmon Fazilovning videosida Jaloliddin Masharipovning libosi mashg‘ulotlardan so‘ng jiqqa ho‘l bo‘lganini ko‘rish mumkin.
"Bu sizlarga "vodoprovod"ning suvi emas Laosning havosi", - deya ta’kidladi bloger o‘z videosida.
Bundan tashqari, Jaloliddin Masharipov termamiz muxlislaridan qo‘llab-quvvatlab, duo qilib turishlarini so‘radi va jamoamiz yutishini ta’kidlab o‘tdi.
Ta’kidlash kerak, Laosda saralashning mazkur bosqichida koreyslar ikki o‘yin o‘tkazdi. Jumladan, ular Qatar bilan bu mamlakatda durangga imzo chekkan bo‘lsa, bir necha kun bo‘lib o‘tgan bahsda Eronga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, yakunda 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Qayd etish lozim, vakillarimiz "Yangi Laos Milliy stadioni"da Shimoliy Koreyaga qarshi o‘ynaydi. Mazkur stadion 2009 yilda qurib tugatilgan bo‘lib, 25 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Ayni vaqtda termamiz "JCh-2026" saralashi doirasida "A" guruhida 10 ochko bilan ikkinchi bo‘lib turibdi. 2 ochkosi bor Shimoliy Koreya esa guruhda so‘nggi pog‘onani band etgan.
Karim Xudayqulov tayyorladi
Fikrlar