
Legioner bo‘lishni istayotgan, murabbiylikni xohlamayotgan, "Loko"dan ketishi kutilayotgan Oleg Zoteev haqida
O‘z pozitsiyasida chempionatimizning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri – Oleg Zoteev «Lokomotiv»ning muhim figuralaridan biri hisoblanadi. Tinib-tinchimas futbolchi milliy terma jamoamizda ham o‘z o‘rniga ega. Lekin oxirgi paytlarda u maydonda ko‘rinmay qolgandi. Bunga esa uning jarohati sabab bo‘ldi. Masalan, terma jamoamizning Falastinga qarshi uchrashuvi uchun chaqirilgan futbolchilar orasida dastlab Zoteev ham bor edi. Ammo keyinchalik jarohati sababli o‘rniga boshqa futbolchi jalb etilgandi. Albatta, ushbu himoyachining yo‘qligi «Lokomotiv»ga ham bilinmoqda. Besh yil mobaynida temiryo‘lchilarning ajralmas qismiga aylangan, qator sovrinlarni yutishida katta hissa qo‘shgan. Lekin ko‘rinishidan Zoteevning «Loko»dagi hayoti nihoyasiga etib bormoqda. U kelasi mavsumni legioner sifatida boshqa chempionatda o‘tkazsa, bundan ajablanmaymiz. Quyida u bilan uyushtirilgan suhbatda shu va yana boshqa masalalar haqida fikr bildirdi. Avvalo, Oleg jarohatidan qutulgani haqida gapirdi.
- Jarohatimdan qutuldim, umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda qatnashyapman. Keyingi uchrashuvda maydonga tushaman. Hammasi ortda qoldi. Shunchaki 11 kun muolaja uchun davolandim. Qo‘rqinchli joyi yo‘q, - deydi futbolchi.
- «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ko‘pchilik esa intriga yo‘qolganini ta’kidlashmoqda. Bunga qanday qaraysiz?
- To‘g‘ri, chempionlik uchun kurashda intriga yo‘qotildi. «Paxtakor» chempion! Lekin bizda hali intriga yo‘qolgani yo‘q. Chunki biz ikkinchi o‘rinni olishimiz kerak. Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun kurashyapmiz. Shuning uchun bizda aksincha, endi intriga boshlandi desak ham bo‘ladi. Ha, biz ko‘p ochkolarni yo‘qotdik. Lekin buning sabablarini 100 foizlik hech kim bilmayapti. O‘ynayapmiz-u, lekin gol ura olmayapmiz. Balki omad etishmayaptimi, balki bu yil yangi tuzilgan jamoadagi futbolchilar hali moslasha olmayotgandir. Baribir o‘yindan-o‘yinga o‘zgarishlar bo‘lyapti. Shunchaki, duranglar ko‘payib ketyapti. Bunga qadar ketma-ket uch yil davomida chempion bo‘lgandik va o‘shanda deyarli bitta tarkib bilan bu natijaga erishganmiz. Hammamiz bir-birimizni yaxshi tushunardik. Yangi kollektiv bilan esa birdaniga bir-birimizni tushunib o‘ynab ketishimiz qiyinroq.
- To‘g‘ri, «Lokomotiv» uch yil davomida chempionlikni o‘zida saqlab keldi va bu orada O‘zbekiston Kubogi va Superkubogini ham yutdi. Shunday ekan, joriy mavsumda sovrinlarni qo‘ldan chiqargani u qadar katta fojia emasmi?
- Istalgan klub sovrinlarni yutgach, 2-3 yildan keyin ularda ham pasayish bo‘ladi. Mana, «Real»ni qarasangiz, o‘yini chiqmayotgan paytlar ham bo‘lyapti. Yoki bunday holat «Manchester Siti», PSJ kabi klublarda ham ro‘y berishi mumkin. «Lokomotiv»da uch yil davomida bitta tarkib bilan o‘ynadik, murabbiylar ham almashmagandi. Tarkibdan 60 foiz o‘yinchilar ketib qolganidan keyin esa boshqa jamoa tuzish uchun bunga vaqt kerak. Bu yil 2-o‘rinni olib, chempionlar ligasi uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz kerak. To‘g‘ri, bu jamoa uchun u qadar yaxshi emas, ammo jamoa o‘zidan ko‘proq yoshlarni chiqarishi lozim. Agar shunga e’tibor qaratsak, bu albatta mevasini beradi. «Paxtakor»ga esa bu yil chempionlik nihoyatda zarur edi. Ularni chempionlik bilan tabriklayman.
- «Lokomotiv»ga Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng ko‘pchilik intriga kuchayishini, qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishini aytgandi. To‘g‘ri, o‘yin bor-u, lekin biror o‘zgarish sezilmayapti va ochkolar yo‘qotilishi davom etmoqda. Aslida murabbiyning almashgani klubga qanchalik ta’sir qildi?
- Murabbiyning almashgani katta ta’sir qilgani yo‘q. Har bir murabbiyda boshqacha fikr va boshqacha taktika bo‘ladi. Yigitlar Samvel Babayanga asta-sekin o‘rganib borishyapti. Boya aytganimdek, bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘lyapti-yu, biroq gol urishga kelganda omad chopmayapti. Albatta, vaqti kelib yangi taktikaga to‘la moslashib olganimizdan so‘ng bu o‘z natijasini beradi. Shota Arveladzeni olaylik, mana, «Paxtakor»dagi uchinchi mavsumida natija keltiryapti.
- Terma jamoamizning JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichini kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshladi. Vaholanki, sobiq bosh murabbiy sizni o‘sha o‘yinga ham chaqirgandi. Aksiga olib jarohatingiz sababli uchrashuvda ishtirok eta olmagansiz. O‘sha mag‘lubiyat haqida nima deya olasiz?
- O‘shanda qandaydir tushunarsiz o‘yin bo‘lgandi. Lekin bunday o‘yinlar futbolda bo‘lib turadi. O‘sha oqshom bizning kunimiz emasdi. Agar Falastin bilan hozir o‘ynaydigan bo‘lsak, biz albatta ularni yutamiz. Boshida ikkita vaziyatdan foydalana olmadik. Keyin bir narsa bo‘ldi va o‘yin o‘zgarib qoldi. Afsuski, hayotda shunday holatlar ham bo‘lib turadi. Hammasini yaxshilab tahlil qilib ishlash kerak. Lekin birovdan ayb qidirish noto‘g‘ri. Biz hammasini o‘zgartirib, yana birinchi o‘ringa qaytishimiz lozim. Futbolda doim g‘alaba bilan mag‘lubiyatlar bo‘ladi. Mana, Germaniya terma jamoasini qarang, qanday tartibli jamoa, jahon chempioni! Lekin ularda ham pasayish bo‘ldi va o‘tgan yilgi mundialda guruhda qolib ketdi.
- Falastinga yutqazganimizdan keyin terma jamoadagi futbolchilar bilan buning sababi haqida gaplashdingizmi?
- To‘g‘risi, gaplashmadim. Albatta, o‘yindan keyin ayrim yigitlarga qo‘llab-quvvatlovchi xabarlarni yozdim. Davolanayotganimda shifokorlar vaqtincha telefonni ishlatmay turishimni aytishdi. Shu sababli tinch holatda muolajalar oldim, natijada hech kim bilan gaplashmadim.
- Chempionat boshida sizga takliflar bo‘lgandi, mana mavsum ham tobora tugayapti. Keyingi rejalar haqida o‘ylayapsizmi?
- Chempionat tugashigacha ikki oy bor. Ungacha tezroq safga qaytib, jamoamga yordam berishim kerak. Noyabr oyida keyingi taqdirim haqida o‘ylayman. Baribir hozir o‘ylaganingiz bilan hamma joyda transfer oynalari yopiq. Agentim bilan gaplashganman, o‘sha oyga borib ishni boshlaymiz. Chetdan variantlar bo‘lsa, gaplashamiz. Lekin mening pozitsiyamda xorijda legioner bo‘lib o‘ynash qiyinroq. Agar hujumchi yoki yarim himoyachi bo‘lganimda tezroq ketardim. Qanot himoyachilariga qiziqish esa u qadar ko‘p emas. Agar agentim xorijdan variant topsa ko‘rib chiqaman. Rosti, yaxshi taklif bo‘lsa, chetga ketmoqchiman va hech bo‘lmaganda ikki yil o‘ynab kelmoqchiman.
- Legioner sifatida yoshga ham e’tibor qaraladi. Bu borada kech qolmayapsizmikin?
- To‘g‘risi, kuchim ko‘p. Men rejimga jiddiy ahamiyat beraman. Agar yana shunday rejimda yuradigan bo‘lsam, bemalol besh yil davomida o‘ynay olaman. O‘zimga ishonaman. To‘g‘ri, 30 yoshdaman. Ammo hammasi o‘zimizga bog‘liq. Chetda ham qanot himoyasida 35-36 yoshida to‘p surayotgan futbolchilar ham bor. Agar rejimni me’yorida saqlab kelsangiz o‘ynayverasiz. Faqat sport formasidan chiqib ketmaslik kerak.
- Legioner sifatida Rossiyada o‘zbekistonlik futbolchilardan qanot himoyasida o‘ynaydiganlardan Vitaliy Denisov bor. Nima uchun sizning pozitsiyangizda xorijda o‘ynash qiyinroq?
- Har qanday chempionatning legionerlar limiti bor. Masalan, bizda ham asosan hujumchi, hujumkor futbolchi yoki markaziy himoyachilarni olishadi. Qanotda o‘ynaydigan legionerlarni kam olishadi. Boshqa chempionatlarda ham shunga o‘xshash. Baribir ko‘pincha hujumchilarga e’tibor qaratiladi. Qanot himoyachisi esa bitta joyni egallaydi. Undan ko‘ra gol uradigan hujumchi istashadi. Orqada esa mahalliy futbolchilar o‘ynayversin deyishadi.
- Lekin, bilishimcha, Olmaliqda yarim himoyada o‘ynab gol urish borasida ham sermahsul o‘ynay olganingizni ko‘rganmiz…
- «Bunyodkor»da ham o‘sha joyda o‘ynaganman. Ammo statistikangizni ko‘rishadi va qaerda o‘ynayotganingizga e’tibor qilishadi. Masalan, besh yildan beri «Lokomotiv»da qanot himoyachisi bo‘lib to‘p suryapman. Bu erda esa ko‘proq hujumkor o‘ynaymiz. Ayrim klublar esa himoyaviy o‘yin ko‘rsatishadi. Shu boisdan bu pozitsiyada o‘ynab, qaysidir jamoaning taktikasiga moslashishi yoki moslasha olmasligi mumkin. Rossiyani ham qarasangiz, hujumkor futbolga o‘tyapti. Ilgari esa himoyaviy o‘yin ko‘rsatishardi. «Bunyodkor»da yaponiyalik Sato Minori bilan birga o‘ynaganmiz. U esa hozir Rossiya birinchi divizionida «SKA-Xabarovsk» klubida o‘ynayapti. Hozirda bu jamoa 4-o‘rinda ketyapti. Aynan «SKA-Xabarovsk» meni yozda taklif qilgandi, ammo bormadim.
- O‘sha paytda sizga legioner bo‘lib o‘ynash uchun tayyor imkoniyat bo‘lgan ekan-ku. Nega ketmagansiz?
- Borgim keldi-yu, lekin «Lokomotiv» rahbarlari mavsum oxirigacha yana o‘ynab bering deb iltimos qilishgandi. Shunga ularning iltimosini rad eta olmaganman. Nasib qilsa, menga yana chetdan variantlar bo‘ladi.
- «Lokomotiv» bilan shartnomangiz tugayapti, u erdagi besh yillik faoliyatingiz davomida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- To‘g‘risi, faoliyatimdagi eng yaxshi davrlarni «Lokomotiv»da o‘tkazdim. Jamoamiz juda zo‘r edi. Haqiqiy o‘yinlar bo‘lgan. Bu oddiy so‘z emas, chinakamiga realniy holat. O‘tgan yillar davomida biror marta mashg‘ulotni qoldirmaganman. Aksincha, yana va yana ko‘proq shug‘ullangim kelaverardi. «Lokomotiv»da men uchun zo‘r hayot bo‘lgan. U erda o‘ynagan istalgan futbolchidan so‘rasangiz ham shunaqa deyishadi.
- O‘tgan vaqt davomida siz uchun unutilmas o‘yinlar ham ko‘p bo‘lganmi?
- Eng zo‘rimi? (Biroz o‘ylanib) Menimcha, Osiyo Chempionlar ligasida Qatarning «Al Duhayil» klubiga qarshi o‘yin. O‘shanda biz 1:2 hisobida yutqazganmiz. Biroq butun o‘yin davomida biz yaxshi o‘ynagandik, agar yutganimizda keyingi bosqichga chiqardik. Shunchaki, uchrashuv oxirida o‘zimiz xatoga yo‘l qo‘yganmiz. Juda alamli uchrashuv edi. «Bunyodkor» bilan «Al Hilol»ni yutgan o‘yinimiz ham unutilmas bo‘lib qolgan.
- Futboldan tashqari boshqa shug‘ullanadigan ishingiz ham bormi?
- Ishim bor, ammo buni ayta olmayman, sir. Futboldan keyin nima qilishim borasida variantlarim bor. Ko‘pchilik murabbiy bo‘lishni xohlashadi, ammo o‘zim negadir murabbiylikni istamayapman.
- Nimaga?
- Hozir bunga erta. Faoliyatim qachon tugashini bilmayman. Avvalo qancha o‘ynasam ham futbolni mazza qilib o‘ynamoqchiman. Qachonki, tugatganimdan keyingina boshqa narsa haqida o‘ylayman.
Fikrlar