
“Leyptsig” - PSJ: prevyu
Kecha Evropa Ligasida ikkinchi yarim final uchrashuvi ham o‘tkazildi va biz final juftligini bilib oldik. Ushbu final haqida keyinroq to‘xtalishga ulguramiz. Bugun boshqa voqea. Ha, Chempionlar Ligasi tarixida biror marta finalda o‘ynamagan ikki klub yarim finalda o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu mavsum bizga katta klublarning gegemoniyasiga barham berilayotgani va endi futbolda teng imkoniyatlar davri boshlanayotganini ko‘rsatib bergani haqida oldingi prevyularimiz orqali gaplashdik. Ushbu yangi davrning 2 klubi o‘zaro to‘qnash keladigan kunda turibmiz. Nega aynan ular yangi davr klublari? Sababi ikkisi ham yaqin yillar mobaynida amalga oshirila boshlangan loyiha. Ular “Malaga” yoki “Blekbern”ga o‘xshagan bir mavsumlik klublar emas. Ha, ikkisi ham futbolga aloqador bo‘lmagan moddiy resurslarga ega. Ammo futbolda aql bilan ishlatilmagan millionlar bir chaqaga arzimaydi. PSJ necha yillar mobaynida o‘zini hozir turgan maqomiga olib chiqishga intildi. Pullarini kerakli futbolchilarga, klubga brend vazifasini o‘tab bera oluvchi Zlatan, Bekxem, Motta va boshqalarga sarf etdi. Bu kabi dunyo darajasidagi futbolchilar albatta jamoaga yosh iste’dodlarning ishonchini oshiradi va ular bexavotir parijliklar safiga qo‘shiladi. “Leyptsig” esa butun boshli korporatsiya. Rahbarining mentalitetida nemischa aniqlik va tizimli ishlash borligi jamoaga katta natijalar olib kelgani ular EChL yarim finaligacha atigi 11 yil sarflaganidan ham ko‘rinib turibdi. Ularda bu qadar ko‘p iste’dodli futbolchilar qanday paydo bo‘lib qolganini faqatgina klub rahbariyati tushuntirib bera olishi mumkin. Ularda skautlik masalalari a’lo darajada hal qilinadi.
Demak, ikkala jamoa ham e’tibor qaratishga arziydigan futbol ko‘rsata oladi.
“Leyptsig”
Germaniyada o‘z uslubiga ega katta klubga aylanib borayotgan “Red Bull” kompaniyasi vakillarining “Tottenxem”ga qarshi to‘qnashuvdagi g‘alabasiga ko‘pchilik shubha bilan qaradi. Sababi, “shporlar” o‘sha paytlarda juda ko‘plab yo‘qotishlarga uchragan, Mourinoda zaxira imkoniyatlari cheklangan edi. Ammo chorak finalda “Atletiko”ning taslim etilganiga nima deysiz?! Simeone Evropadagi eng kuchli taktik bilimga ega murabbiylardan biri. Uning himoyaviy futboliga nemislar ma’lum muddat ko‘ngandek bo‘lishdi. Ammo kerakli vaziyatda o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanib ketishdi.
Biz yuqorida ta’kidlagan yangi davr futbolining eng katta namoyondalaridan biri Nagelsmann hisoblanadi. Uning yosh va jo‘shqin qarashlari futbolga yangilik olib kira olmoqda. Chempionlar Ligasi yakuniga etgach, “Leyptsig” klubi telefonlari Evropa grandlari tomonidan muntazam band qilinishi kutilmoqda.
Taxminiy tarkib: Gulachi, Klostermann, Upamekano, Xalstenberg, Laymer, Kampl, Zabitser, Anxelino, Olmo, Poulsen, Nkunku.
Ishtirok eta olmaydi: Konate.
PSJ
Parijliklar iroda va kambeklar qurboni bo‘lishdan zerikkan ko‘rinadi. Nimchorak finalda “Borussiya”ga birinchi o‘yinni boy bergan klub javob bahsida g‘alabani ilib ketdi. Neymardan “ichki hotirjamlik” uslubidagi ajoyib gol nishonlanishi. Aslida, bu birinchi uchrashuvda Xoland tomonidan qilingan harakatga javob tariqasida ijro etilgan edi. Chorak finalda esa “Atalanta”ga 90-daqiqa hisobidan ham mag‘lub bo‘lib turgan Tuxel shogirdlari yakunda ketma-ket ikki gol urib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Tuxelning g‘alaba hayqiriqlari esa memlar va karikaturalar mavzusiga aylanib ketdi. Murabbiyning o‘zi bu holatni quyidagicha izohladi: “Agar oyoqlarim imkon berganida, 40 metrga sprintimni ko‘rardingiz”. Ushbu uchrashuv bizga Neymarga uchrashuv masalasini hal qilish uchun yaxshi bir sherik, aniqrog‘i, Mbappe kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. U qanchalik harakat qilmasin, eng muhim pallada yakuniy nuqtani qo‘yishni uddasidan chiqa olmadi. Killian bilan esa u boshqacha o‘ynay boshladi. Shuningdek, o‘sha kuni asosiy tarkibda maydonga tushgan Mauro Ikardining o‘yini o‘xshamagani ham birinchi taymda PSJning golsiz qolishiga sabab bo‘ldi. Murabbiy amalga oshirgan o‘zgarishlar bellashuv taqdirini hal qilganini e’tiborga olib, final uchun kurashda ikki nemis mutaxassislarining ayovsiz kurashiga guvoh bo‘lishimizni kutish mumkin.
Taxminiy tarkib: Riko, Kerer, Tyagu Silva, Kimpembe, Bernat, Di Mariya, Markinos, Paredes, Neymar, Mbappe, Ikardi.
Ishtirok eta olmaydi: Navas.
So‘roq ostida: Guye, Veratti, Kurzava.
Murabbiylar
Yuliyan Nagelsmann: “Biz restartdan so‘ng o‘zimiz xohlagan o‘yinni namoyish eta olganimizcha yo‘q. Bizda ulkan ishtiyoq mavjud. Yigitlarning ko‘zlari yonib turibdi. Biz finalga yo‘l olishni istaymiz. Siz Mbappe va Neymar bor klubni e’tibordan chetda qoldira olmaysiz. Ular top futbolchilar. Biz ulardan jamoaviy tarzda himoyalana olishimiz talab etiladi. Biz PSJni qattiq ter to‘kishga majbur qila olamiz. Ikkala taraf ham hujum qilishni yoqtiradigan bo‘lsa, bunday futbolni kuzatish doim qiziq bo‘ladi”.
Tomas Tuxel: “Biz haqli ravishda yarim finaldamiz. Biz ajoyib mavsum o‘tkazdik, qattiq mehnat qildik va har bir uchrashuvga jiddiy yondashdik. Tarix haqida unutishimiz kerak. Bugun alohida kun. Biz g‘alabalarga chanqoqmiz. “Leyptsig” pressingda kuchli, yosh va tezkor jamoa. Xuddi “Atalanta”ga o‘xshaydi. Bizning o‘z uslubimiz bor”.
Xulosa o‘rnida
Tuxel g‘alabaga ortiq darajada ishonib yubormoqda. Nom jihatidan hech qanday muammo yo‘q: PSJ ustun. Ammo jamoaviy futbolni yaxshi o‘ynaydigan nemislar bugun ularga navbatdagi muhim sinovdek qarashadi, xolos. Shu jihatdan ham ularni hurmat qilish mumkin. PSJ esa sarmoyadorlarga natijalar orqali javob berishi lozim bo‘lgan vaqt keldi. Tuxel milliy miqyosdagi barcha titullarni qo‘lga kiritgani Nomir al-Xelayfini qoniqtirmaydi.
O‘yin taqdiri haqida nimadir deyish doimgidek qiyin. Ikki hujumkor jamoa bizga shiddatli futbol namoyish eta oladi. Katta ehtimol bilan har ikki jamoa darvozasi ishg‘ol qilinishining guvohi bo‘lamiz. Finalda g‘olibga dahshatli “Bavariya” yoki sirli “Lion” raqiblik qiladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar