
Liliya Shakirova UFCdagi debyutiga tayyormi yoxud uning raqibasi haqida nimalarni bilamiz?
O‘zbek MMA olamida yana bitta ajoyib voqelik ro‘y berdi. Ya’ni, Liliya Shakirova jahonning eng nufuzli promousheni UFC bilan to‘rtta jangga shartnoma imzoladi. Dastlabkisi esa, Habib Nurmagomedov va Jastin Getji o‘rtasidagi yil jangi bo‘lishi kutilayotgan “UFC 254” turnirida 24 oktyabr kuni bo‘ladi. Uning raqibasi Loren Myorfi faoliyati mobaynida 17 ta jang o‘tkazib, ularning 13 tasida g‘alaba qozongan va 4 bora mag‘lubiyatga uchragan. U UFCda to‘qqizta jang o‘tkazgan va barcha to‘rt mag‘lubiyatini aynan ushbu promoushenda qabul qilib olgan.
Myorfini mag‘lub etganlarga e’tibor qaratsak, MMA olamida anchagina nom qozongan Sara Makman, Liz Karmush, Ketlin Chukagyan va Sijara Yubenksni ko‘rishimiz mumkin. So‘nggi mag‘lubiyatini Sijaradan qabul qilib olgan Myorfi ketma-ket uch marta g‘alabaga erishdi. U aslida, vazn toifasi reytingida ikkinchi pog‘onada borayotgan Sintiya Kalvillo bilan jang qilishi kerak edi. Biroq Sintiyada koronavirus aniqlanganligi bois, yurtdoshimiz zaxira jangchisi sifatida ko‘rildi va unga UFCda debyut qilish imkoni berildi.
Myorfi UFCdan avval ayollar promousheni hisoblanadigan “Invicta” va AFC, ACF, LFC kabi promoushenlarda jang o‘tkazib, 8 ta jangda ketma-ket g‘alaba qozongan va ushbu natijalar uni jahonning eng kuchli tashkiloti bilan shartnoma imzolashga sababchi bo‘lgandi. Super engil vazn toifasida harakat qiladigan amerikalik Myorfi o‘z vazn toifasi reytingida 4-o‘rinda qayd etilgan. Ma’lumki, ushbu vazn chempioni Qirg‘izistonda tavallud topgan Valentina Shevchenko hisoblanadi.
Liliya esa, faoliyati mobaynida 9 ta jang o‘tkazib, ularning 8 tasida g‘alaba qozongan. Bir bora ochkolar hisobida rosssiyalik Yuliya Borisovaga “Fight Night Global 85” turniri doirasida imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, uch martalik seriyali g‘alabaga erishib, GFCning super engil vazn toifasi chempioniga aylandi.
Shu o‘rinda, bir hafta qolganda ushbu jangni qabul qilib olishi Liliyaga muammo tug‘rdirmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy... Chunki, bunday jangda oktagonga ko‘tarilishi, ya’ni jahonning eng nufuzli promoushenida va jiddiy raqibga qarshi, boz ustiga juda muhim turnir doirasida debyut o‘tkazishi katta tayyorgarlikni talab qiladi. Nafaqat jismoniy, balki ruhiy tomonlama ham mukammal bo‘lishi kerak. Biz ushbu savollar bilan uning murabbiyi Ruslan Yaqubovga murojaat qildik.
- Albatta, buning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Bizga ushbu jang taklif qilindi va rozi bo‘ldik. Bizda barcha hujjatli masalalar va tekshiruvlar uchun bir kun vaqt bor edi. O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi yordamida buni tez sur’atlarda amalga oshirdik va Liliya bugun Abu-Dabiga uchib ketdi. Bu o‘ziga xos imkoniyat edi. Har kimga ham bunday taklif bo‘lavermaydi. To‘g‘ri, bunday janglar uchun ma’lum bir mashg‘ulot rejasi bo‘lishi kerak, qolaversa, raqibni o‘rganib chiqish uchun ham vaqt zarur edi. Shunday bo‘lsa-da, Liliya doimo jismoniy holatini yaxshi darajada ushlab yuradi. Shuningdek, har kuni mashg‘ulotlar olib borardik. Bir so‘z bilan aytganda, u jangga tayyor holatda va o‘ylaymanki, barchasi yaxshi yakun topadi, - dedi Ruslan Yaqubov.
Fikrlar