
"Loko" - "Nasaf" va "So‘g‘diyona" - "Olimpik" uchrashuvlarida hakamlarning qarorlari to‘g‘rimidi? - O‘FA Hakamlar bo‘limi o‘z xulosalarini taqdim etdi
2 aprel kuni O‘zbekiston Superligasining 4-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘yinlardagi hakamlar tomonidan chiqarilgan ayrim vaziyatlar yuzasidan O‘FA Hakamlar bo‘limi o‘z xulosalarini taqdim etdi.
Xususan, “Lokomotiv” — “Nasaf” (0:1) uchrashuvining 23-daqiqasida mezbonlar tomonidan gol kiritildi. Biroq vaziyatdan biroz avval “temiryo‘lchilar”ning 7-raqamli futbolchisi to‘p uchun kurashda qo‘li bilan harakatlangan edi. Bosh hakam dastavval qo‘l harakatini ko‘rmay qoldi va golni hisobladi. Ammo VAR hakamlari vaziyatni qayta ko‘rib chiqib, bosh hakamni maxsus ekranga taklif qilishdi. Vaziyat qayta ko‘rilgach, hujumda qo‘l bilan o‘ynalgani qayd etildi va kiritilgan golni bekor qilindi.
Ushbu tur doirasidan o‘rin olgan yana bir o‘yin — “So‘g‘diyona” va “Olimpik” (1:1) uchrashuvining 15-daqiqasida mezbonlar tomonidan kiritilgan gol hakamlar tomonidan bekor qilindi. Boisi, golga qadar to‘p darvoza tomon tepilganida jizzaxliklarning 93-raqamli futbolchisi offsayddan chiqib keldi va to‘p uchun kurashga qo‘shildi. Bu vaziyatda o‘yindan tashqari holatdagi futbolchi ta’siri sabab kiritilgan gol bekor qilindi. Vaziyat VAR hakamlari tomonidan ko‘rilib chiqildi va bosh hakam qarori ma’qullandi.
58-daqiqada “So‘g‘diyona”ning 23-raqamli futbolchisi raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgan holda perspektiv hujumni to‘xtatdi. Bu holatda hakam unga ikkinchi sariq va qizil kartochkani ko‘rsatib, maydondan chetlatdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hakam qarori to‘g‘ri bo‘ldi.
78-daqiqada “Olimpik” futbolchisi raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Mazkur kiritilgan gol maydondagi hakamlar tomonidan hisobga olindi. Shuningdek, VAR hakamlari ham maxsus offsayd chizig‘i yordamida vaziyatni tekshirishdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kiritilgan gol to‘g‘ri hisobga olingan.
Uchrashuvning 90+2-daqiqasida havodagi kurashda to‘p “Olimpik” futbolchisining qo‘liga tegdi. Qo‘l harakati tabiiy holatdan balandda bo‘lganligi sabab bosh hakam ikkilanishsiz 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. VAR hakamlari ham qayta tekshirishdan so‘ng bosh hakam qarorini ma’qulladilar. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bosh hakamning qarori to‘g‘ri bo‘ldi.
O‘yinning 90+6-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning 10-raqamli futbolchisi raqib jarima maydonchasi ichida yiqildi. Bosh hakam o‘yinni davom ettirish lozimligini ko‘rsatdi. VAR hakamlari ham vaziyatni qayta ko‘rgach, o‘yin qoidasi buzilmaganligini qayd etishdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, himoyachining raqibiga nisbatan qo‘l harakati juda ham engil bo‘lib, bu vaziyat penalti uchun etarli emas va bosh hakam to‘g‘ri qaror qabul qilgan.
Shu o‘rinda, O‘FA Hakamlar bo‘limi yakuniga etgan 4-tur uchrashuvlarida hakamlar tomonidan o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan xatolarga yo‘l qo‘yilmaganini qo‘shimcha qildi.
O‘FA matbuot xizmati
Fikrlar