"Lokomotiv" meni ishontira oldi, "Qizilqum" shunday jamoaki..." - Akaki Shulayya intervyuda nimalarni aytdi?

  • 20 dekabr, 2024, 11:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligaga ravona bo‘lgan “Lokomotiv” klubi qishki transfer oynasi vaqtida tarkibini tajribali futbolchilar va shu bilan birga legioner yordamida kuchaytirmoqda.

Jumladan, ikki yil davomida “Qizilqum” sharafini munosib himoya qilgan va barchada yaxshi taassurot qoldirgan gruziyalik futbolchi Akaki Shulayya ham “Lokomotiv” a’zosiga aylandi. Shundan so‘ng Sports.uz jurnalisti Akaki bilan suhbatlashdi.

- Akaki, “Qizilqum” klubini tark etdingiz. Bunga nima sabab?

- Avvalo, “Qizilqum” jamoasiga minnatdorlik bildiraman. Kelgusi mavsumda barchasiga yaxshi natijalar tilayman. Jamoaning hamma o‘yinchilari va xodimlariga ham tashakkurimni aytib qolaman. “Qizilqum”ni oilaviy shart-sharoitim tufayli tark etishga qaror qildim. Faoliyatimning ushbu qismida bu qadamni tashlash to‘g‘ri bo‘ladi, degan to‘xtamga keldim va yangi klubga ko‘chib o‘tdim.

- “Lokomotiv”ga o‘tishga sizni nima qiziqtirdi? Nega aynan “Loko”ni tanladingiz?

- Bu jamoa avvalo buyuk tarixga egadir. “Lokomotiv” meni ishontira oldi va ishonch bildirishini namoyish etdi.

- “Lokomotiv” pro ligaga tushib ketdi. 2025 yilda yana Superligada qatnashishiga ishonchingiz komilmi?

- Ha, ular ligadan tushib ketishdi. Biroq yana Superligaga qaytishlari mumkinligiga iymonim komil.

- “Qizilqum”da ikki yilni o‘tkazdingiz. Sizga u erda ko‘proq nima yoqdi?

- “Qizilqum” – bu shunday jamoaki, u har qanday raqib bilan bellasha oladi. Biror-bir jamoa unga qarshi uchrashuvda oldindan hisobni rejalashtira olmaydi. “Qizilqum” jangovar klub.

- Akaki, qishki ta’tilni qaerda o‘tkazyapsiz?

- Hozir har bir soniya va daqiqalarni oilam davrasida o‘tkazishga harakat qilyapman. Ular bilan yanada ko‘proq birga bo‘lishni istayman.

- O‘zbekiston chempionatida siz uchun eng kuchli murabbiy deb kimni ayta olasiz?

- Rostini aytsam, men uchun Samvel Babayan ko‘p ahamiyat kasb etadi. Shunday inson bilan birga ishlash uchun ham yakuniy to‘xtamga keldim. Yangi mavsumni o‘zgacha zavq-shavq va ishtiyoqlar bilan boshlaymiz.

- 2023 yilgacha siz asosan Gruziya chempionatida o‘ynadingiz va ilk bor legioner sifatida Superligamizga keldingiz. Bu erda sizga ko‘proq nima yoqdi?

- Men o‘zbek Superligasini kuchli va yaxshi chempionat deb hisoblayman. Shu sababdan ham bu mamlakatda o‘z baxtimni izlashga qaror qildim. Gruziyaga taqqoslaganda O‘zbekistonda butunlay boshqacha futbol namoyish etishadi.

- Agar “Lokomotiv” pro ligada qatnashsa, bu sizni faoliyatingizda orqaga bir qadam tashlash hisoblanmaydimi?

- Ushbu qarorim haqida kimlarni nima deb o‘ylashlarini bilmayman. Lekin shunga ishonchim komilki, hammasi hali oldinda va men to‘g‘ri qarorni qabul qildim.

- Akaki, vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Yangi klubda omad tilayman.

- Menga qiziqish bildirganingiz uchun sizga alohida rahmat aytmoqchiman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!