"Lokomotiv"dan ketishi kayfiyatiga ta’sir qildimi? Yangi klubiga o‘tishi qanday yuz berdi? Uning debyuti qachon? - "Tambov"ga ko‘chib o‘tgan Jasur Jaloliddinov dastlabki intervyusini berdi

  • 15 oktabr, 2020, 13:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Moskvaning “Lokomotiv” klubi bilan besh yillik shartnoma imzolagan iqtidorli legionerimiz Jasur Jaloliddinov kuni kecha ijara evaziga “Tambov” klubiga ko‘chib o‘tdi.

Tecno

Bungacha esa hamyurtimiz “Lokomotiv”da ancha muddat bo‘ldi, mashg‘ulotlarda doimiy ravishda qatnashib yurdi. Faqat raqobat kuchli edi. Jasurga esa o‘yin amaliyoti muhim edi. Shu sababli “Lokomotiv” umidli futbolchisini ijaraga berishga qaror qildi. Jaloliddinov esa “Tambov”ga ko‘chib o‘tganidan keyin dastlab sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Dastlab sizni “Tambov” klubiga ko‘chib o‘tganingiz bilan tabriklayman. Avvaliga ushbu o‘tish qanday yuz bergani haqida to‘xtalsangiz...

- Tabrik uchun rahmat. “Tambov” jamoasiga o‘tishim juda tez sodir bo‘ldi. Menimcha, hamma meni Rossiyada qolishimni xohlayotgandi. Ayniqsa, Rossiya premer-ligasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishim har tomonlama muhim edi. Buni agentlarim ham, muxlislarimiz ham xohlab turishgandi. Shuning uchun barcha istayotgan narsa amalga oshganidan xursandman. “Lokomotiv”dagilar meni O‘zbekistonga qo‘yib yuborgisi kelmayotganini, Rossiyadan klub topib bermoqchiligi haqida aytishgandi. Bu bilan ularning ko‘z ostida bo‘lib turishimni xohlayotganlarini ma’lum qilishgandi. Yaqinda esa klubdan qo‘ng‘iroq qilishib, hamma masala hal bo‘lganini aytishdi va menga “Tambov” varianti haqida aytishdi, men esa rozilik bildirdim. Ikki kun ichida hammasi hal bo‘ldi. Ikki kun oldin esa “Tambov” haqida bilmasdim. Yangi jamoada esa meni yaxshi kutib olishdi, hammasi joyida.

- Yangi klubda 7-raqamda o‘ynaydigan bo‘libsiz-a? Bu raqamni o‘zingiz tanladingizmi yoki klub tavsiya qildimi? Shu bilan birga “Tambov” bosh murabbiyi Sergey Pershuvin bilan uchrashuvingiz qanday o‘tdi?

- Men hali raqam haqida o‘ylamagandim. Birinchi navbatda o‘tish xususida o‘ylab yurgandim. “Tambov”ga borganimda o‘zlari menga, senga 7-raqamni beramiz, seni qoniqtiradimi, deb aytishdi va men “ha” dedim. Albatta, bosh murabbiy bilan ham gaplashib oldik. U bilan hamma masala bo‘yicha suhbatlashdik. “Tambov”ga qo‘limdan kelganicha yordam berishimni aytdim. Ular ham meni qo‘lga kiritishni xohlashgani haqida aytishdi. Xudo xohlasa, birgalikda yaxshi ish olib boramiz, deb menga ishonch bildirdi. Yangi jamoam menga juda yoqdi. U erda ko‘proq yoshi katta o‘yinchilar to‘p surishadi. To‘g‘risi, menga aynan yoshi katta futbolchilar bilan birga o‘ynash yoqadi. Chunki ulardan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi, tajribalari katta. Shu sababli kerak bo‘lsa, har kuni yangi jihatlarni o‘rganish mumkin. Qolaversa, kerakli maslahatlarini ham berib turishadi. “Bunyodkor”da ham Lutfulla To‘raev, Anvar G‘ofurov va Murod Zuhurov kabi yoshi katta o‘yinchilar bilan o‘ynab, ulardan ancha narsa o‘rganganman. “Tambov”dagi faoliyatim esa men uchun faqat foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.

jasur

- Albatta, biz ham u erdagi faoliyatingiz o‘zingiz uchun foydali bo‘lishiga ishonamiz. Aslida esa sizni Rossiyaga ko‘chib o‘tganingiz hamda “Lokomotiv” bilan 5 yillik shartnoma tuzganingiz faoliyatingizda katta qadam bo‘lgandi. Ammo u erda raqobat o‘ta kuchli bo‘lganini ham yaxshi bilamiz. Sizni chempionatda qatnashadigan o‘yinchilar ro‘yxatidan chiqarishganida agentingiz Yuriy Belous bu masalada sizni qo‘llab-quvvatlab o‘z munosabatini bildirganini o‘qidik. Mana shu jarayon qanday yuz berganiga ham to‘xtalsangiz...

- Buni to‘g‘ri va oddiy qabul qilish kerak deb o‘ylayman. Chunki bu narsalar o‘zidan-o‘zi bo‘lib qolgani yo‘q. Menimcha, hamma “Lokomotiv”dagi vaziyat qandayligini bilib turibdi. Klub Evropa Chempionlar ligasida o‘ynashi kerak. Jamoaning oldida esa katta maqsadlar turibdi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, “Lokomotiv”ga tayyor va tajribali o‘yinchilar kerak edi. Agar legionerlar bo‘yicha limit bo‘lmaganida u erda qolardim deb 100 foizga ayta olaman. Faqat limit masalasida muammo bo‘lib qoldi. Klubda legionerlar ko‘payib ketdi. Natijada meni ijaraga berishdi. Lekin men bilan bog‘liq vaziyatda barchasi oldindan aniq edi, degan gaplarga qo‘shilmasdim. Ishonch bilan aytishim mumkinki, oldindan hech nima ma’lum emasdi. “Lokomotiv”da bekorga buncha ko‘p vaqt yurganim yo‘q. Faqat klub oxirgi lahzalarda meni ijaraga berish qaroriga keldi. Agar hammasi avvaldan aniq bo‘lganida “Lokomotiv”ga kelgan kunimning ertasigayoq ketgan bo‘lardim. O‘zim esa jamoada qolish uchun oxirigacha ishondim. Biroq ijaraga ketsam ham hech qanday fojea bo‘lmasligini, aksincha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishimni va hammasi yaxshi bo‘lishini bilib yurgandim. Ya’ni, vaziyatni to‘g‘ri tushunib turgandim. Ammo o‘zim “Lokomotiv”da oxirigacha qolishga harakat qildim. Lekin mening ijaraga ketishim yomon narsa emas. O‘ylashimcha, barchasi yaxshi bo‘ldi.

- Bo‘lmasam-chi! Axir siz hamon Rossiya premer-ligasida o‘ynash imkoniyatiga egasiz. Bu “Lokomotiv” bo‘ladimi yoki “Tambov”mi, muhimi yoshingizga nisbatan qarasak, baribir siz kuchli chempionatda qoldingiz. “Lokomotiv”da taqdiringiz hal bo‘layotgan mahalda tushkunlikka tushib qolish yoki xavotirli vaziyatlar sizda kuzatilmadimi?

- Yo‘q, kayfiyatga hech qanday ta’siri bo‘lmadi, tushkunlikka ham tushib qolmagandim. Chunki yuz berayotgan vaziyatni to‘g‘ri tushunib turgandim. “Tambov”ga o‘tganimdan xursandman. Bu erda o‘yin amaliyotiga ega bo‘laman deb umid qilaman. “Lokomotiv”da yurgan paytlarimda esa tushkunlikka tushmadim. Jamoa bilan doimiy ravishda mashg‘ulotlarda qatnashib yurdim. Hammasi yaxshi edi. Faqat o‘ynamay turgandim xolos. Holbuki, “Lokomotiv”da meni yaxshi qabul qilishgandi. Hammsi zo‘r edi. Murabbiylarning menga e’tibori yaxshi edi, o‘yinchilar bilan ham munosabatim joyida edi.

jasur6

- Voqealar rivoji mana shunday tus olayotgan paytda o‘zingizga yoki klubingizga yana boshqa takliflar ham bo‘ldimi?

- To‘g‘risi, boshqa takliflar haqida bilmadim. Qaerlardan qiziqishlar bo‘lgani xususida qiziqmadim ham. Butun hayolim faqat “Lokomotiv” bilan band edi. Lekin o‘zim ham boshqa klubga ijaraga ketishim mumkinligini taxmin qilib turgandim. Shunchaki, qaergaligini hech kimdan so‘ramayotgandim. Faqat ikki kun ichida hammasi hal bo‘ldi. Shunchaki, menga hammasi hal bo‘lganini, tezroq harakat qilish kerakligini aytishdi.

- Ishonamizki, siz “Lokomotiv”ga yanada tajribali o‘yinchi sifatida qaytasiz. Buning uchun “Tambov”da o‘zingizni ko‘rsatishingiz lozim. Yangi jamoangizda dastlabki mashg‘ulotingizni ham o‘tkazdingiz. Ammo “Lokomotiv” bilan “Tambov”ning maqsadlari turlicha. Bunday paytda yangi jamoada o‘zingizni qanday his qilyapsiz va oldingizga shaxsiy qanday vazifalar qo‘yyapsiz?

- O‘zimning maqsadim yanada o‘sish va Rossiya premer-ligasiga moslashish. Bu erda o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatishni istayapman. To‘g‘ri aytyapsiz, “Lokomotiv”ga tayyor o‘yinchi sifatida bormoqchiman. “Tambov”ning maqsadi esa elitada jon saqlab qolish. Bu yo‘lda men ham bor kuchimni ishga solib yordam berishga harakat qilaman.

jasur2

- 18 oktyabr kuni “Tambov” chempionat doirasida “Rotor”ga qarshi o‘ynaydi. U erda esa hamyurtimiz Maksim Shatskix murabbiylar shtabidan ishlayotganini yaxshi bilsangiz kerak. U esa siz haqingizda ma’lumotlarga ega ekanligini va kuzatganini aytdi. Ya’ni, “Rotor”ga qarshi bahs sizning premer-ligadagi debyutingizga aylanishi mumkin. Shu bois bo‘lajak uchrashuvni qanchalik kutyapsiz?

- Hammasidan xabarim bor. Shatskixning men to‘g‘rimda bildirgan fikrlari uchun katta rahmat. Ko‘p vaqt o‘yin amaliyotisiz qolib ketganim uchun o‘zim ham tezroq o‘ynashni kutyapman, sog‘indim desam ham bo‘ladi. Ammo “Rotor” bilan uchrashuvda debyutim bo‘ladimi yoki yo‘qmi, buni aniq bilmayman. Chunki “Tambov”ga to‘rt kun dam olgach, keyin qo‘shildim. Shu bois nima bo‘lishini bilmayman. Murabbiylar holatimga qarab qaror chiqarishsa kerak.

- “Lokomotiv”ga borgan dastlabki kunlarda siz bilan gaplashganimizda klubning tajribali o‘yinchilaridan biri Gilerme ancha-muncha yordam berayotgani haqida aytgandingiz. O‘tgan vaqt davomida “Lokomotiv”da yana qaysi futbolchilar bilan yaqin munosabat o‘rnatdingiz va “Tambov”ga kelgach, ko‘proq qaysi o‘yinchilar bilan muloqot qilyapsiz?

- O‘tgan kunlar mobaynida “Lokomotiv”ning har bir futbolchisi bilan yaqin munosabat o‘rnata oldim. Aloqalarimiz yaxshi bo‘ldi. Ammo eng ko‘pi baribir Gilerme bilan ko‘proq gaplashardim. “Tambov”da esa endi ikkinchi kunim. Hali hamma bilan to‘liq tanishib chiqishga ulgurmadim. Yaqin kunlarda jamoaning barcha a’zosi bilan tanishib olaman.

jasur4

- Rossiya premer-ligasida sizdan tashqari Oston O‘runov va Eldor Shomurodov o‘ynayotgandi. Eldor esa yaqinda “Jenoa”ga ketdi. Ular bilan ham doimiy ravishda aloqada bo‘ldingizmi, ya’ni, o‘zingizni yolg‘iz his qilmadingizmi?

- Ha, ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turganman. Oston aka bilan Moskvada tez-tez ko‘rishib turardik. Eldor aka bilan ham doimo gaplashib turaman.

- Yaqinda milliy terma jamoamiz yig‘in tashkil qilib, ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Vadim Abramovning ushbu yig‘inga sizni ham chaqirishini kutganlar ko‘p edi...

- Hozirgi paytda o‘zimni terma jamoaga loyiqman deb o‘ylamayman. Chunki o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Shu tomonlama qaraganda, meni chaqirishmagani to‘g‘ri bo‘ldi deb hisoblayman.

- Suhbat uchun rahmat, “Tambov”dagi faoliyatingizda omad tilaymiz.

- Minnatdorman.

    

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!