
Lukaku va Vernerga raqobatchi kerak
“Chelsi”ning hujumchilar masalasidagi ahvoli yaxshi emas. Ayni paytda Tomas Tuxel qo‘l ostida faqat ikki hujumchi – Romelu Lukaku va Timo Verner bor. Belgiyalik to‘purar hozirgacha premer-ligada uchta gol urdi xolos. Germaniyalik hujumchi esa Angliya kelganiga bir yildan o‘tgan bo‘lsa-da, hali o‘z o‘yinini topa olgani yo‘q.
Shu sababli Tomas Tuxel klub xo‘jayinlaridan jamoa o‘yiniga mos tushadigan boshqa hujumchi olishni talab qilyapti. Londonga keladigan nomzod jamoa tarixidagi eng zo‘r hujumchilardan hisoblangan Dide Drogba tipida bo‘lishi kerak.
Hozircha, Tuxelning bu talabiga faqatgina Duvan Sapata to‘g‘ri kelmoqda. Kolumbiyalik futbolchi hozir “Atalanta” sharafini himoya qilmoqda. Bergamoliklar uni sotishga shoshilmayapti. Sapataga og‘iz solayotganlarga kamida 60 million evro tayyorlab turish aytilmoqda.
Agar Sapata “aristokratlar” safiga o‘tmasa, Tomas Tuxel yozda erkin agentga aylanadigan “Torino” to‘purari Andrea Belottini taklif qilmoqchi. Italiya terma jamoasi safida Evropa chempionligini qo‘lga kiritgan hujumchi kuchliroq jamoaga o‘tish maqsadida turinliklar bilan yangi bitim tuzmadi.
Fikrlar