Madrid superklubi “Siti” yulduzini so‘rayapti
Ispaniya chempionatida muntazam yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan Madriddning “Atletiko” klubi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Tijani Reyndersga qiziqish bildirmoqda.
Reynders o‘tgan yozda “Milan”dan 46,3 million funt sterling evaziga “Siti”ga ko‘chib o‘tgan edi.
Bu mavsumda u barcha musobaqalarda 47 ta uchrashuvda qatnashib, 7 ta gol urdi. Biroq Premyer-ligada atigi 19 marta asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Mavsumning ikkinchi qismida Rodrining safga qaytishi uning o‘yin vaqtiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, “Manchester Siti”da bosh murabbiy almashgani va klubning “Nottingem Forest” futbolchisi Elliot Andersonni sotib olish rejasi ham Reyndersning kelajagini noaniq qilib qo‘ymoqda.
Sky Sports nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Atletiko” aynan shu vaziyatdan foydalanishga harakat qilib, Niderlandiya terma jamoasining 27 yoshli a’zosi bo‘yicha so‘rov yuborgan.
“Atletiko” markaziy yarim himoyani kuchaytirish variantini qidirishda davom etmoqda. Chunki klub “Atalanta” yarim himoyachisi Ederson bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.

Fikrlar