
Madrimov – Kalombo: Nokaut qirollari to‘qnashuvi!
3 aprel kuni Toshkentdagi “Humo” arenasida tashkil etiladigan professional boks kechasi dasturidan joy olgan janglarda pancher bokschilarning jangi ko‘pchilik muxlisu mutaxassislar e’tiborida turibdi.
Aynan shunday janglardan birida engilmas ikki nokautchi – Isroil Madrimov va Emmani Kalombo o‘zaro to‘qnash keladi.
Isroil Madrimov eng ko‘p muxlisga ega bo‘lgan bokschilarimizdan hisoblanadi. Havaskor boksda uning yutuqlari qit’a miqyosida chegaralanib qoldi. Qit’a chempioni va Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan xivalik yigit jahon chempionatlarida adolatsizlik qurboni bo‘lib, maqsadiga etisha olmadi.
Shunga qaramay, Isroil jahon va olimpiya chempioni Arlen Lopesni ikki marta enggan kam sonli bokschilardan biri hisoblanadi.
2018 yilda professional ringga qadam qo‘ygan Isroil asosan katta tajribaga ega kuchli raqiblarni engib, reytingda tez ko‘tarildi. U oltita jangdan beshtasini muddatidan oldin tugatdi.
Isroil Madrimov ettinchi jangini engilmas bokschi kongolik Emmani Kalomboga qarshi o‘tkazadi. Afrikalik nokautchi 14 ta to‘qnashuvning barchasida raqiblarini muddatidan oldin enggan. Uning ustun tomoni o‘ta kuchli zarbada.
Kalombo faoliyati davomida WBF Intercontinental va WBO Africa chempionlik kamarlariga ega chiqqan. Shu o‘rinda, kongolik bokschi barcha janglarini o‘z qit’asida o‘tkazganini ta’kidlash joiz. U birinchi marta Afrikadan tashqaridagi boks kechasida qatnashadi.
Isroil mahorat va tajriba bobida Afrika chempionidan ustun ko‘rinmoqda. Aslida hamyurtimiz o‘z vaznida jahon chempionlik kamarlarini egallab turgan qudratli bokschilarga qarshi jang qilishga ham tayyor ekanini biri necha bor ta’kidlagandi.
Havaskorlar boksida kuchli zarbasi bilan ajralib turadigan Sanjar Tursunov Osiyo vitse-chempioni va jahon chempionati sovrindori hisoblanadi. Professional ringda tajribali raqiblarga qarshi ikkita jang o‘tkazib, zafar quchgan. Dastlab, 2018 yilda AQShdagi turnirda meksikalik Migel Kubosni nokaut qilgan bokschimiz, joriy yilning fevralida Moskvada belaruslik Yuriy Bixovtsevni ochkolar hisobida engdi.
Uchinchi jangini o‘tkazadigan Sanjar Tursunov Ukraina vakili Ivan Yuxta bilan bellashadi. Dastlabki ikki to‘qnashuvda undan jiddiy raqiblarni mag‘lub etgan hamyurtimiz uchun bu galgi uchrashuv navbatdagi g‘alabani taqdim etishi kutilmoqda. Chunki ukrainalik charm qo‘lqop ustasi havaskor boksda ham katta tajriba to‘plagan bo‘lsa-da, e’tiborga molik natijalarni qayd eta olmagan.
Yuxta professional ringda uchta jangda g‘alaba qozonib, ikki bor nokaut qayd etgan. Bitta jangda mag‘lubiyatini tan olgan bo‘lsa, yana bir bor durangga erishgan.
Sanjar Tursunov va Ivan Yuxta jangi olti raunddan iborat bo‘ladi.
Fikrlar