"Malayziya - faoliyatimda yangi bosqich boshlanishida tramplin bo‘ladi" - "Neftchi"dan ketishi, murabbiy bilan munosabati va yangi chaqiruv haqida

  • 16 dekabr, 2022, 21:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mavsum-2022”ni Farg‘onaning “Neftchi” klubida o‘tkazgan 26 yoshli yarim himoyachi Sirojiddin Qo‘ziev jamoasini o‘zgartirdi. U “Neftchi” bilan xayrlashib, Malayziyaning “Kuching Siti” klubiga ko‘chib o‘tdi.

Tecno

“Mash’al”dan “Neftchi” jamoasiga taklif qilingan Qo‘ziev yakuniga etgan chempionatda Superligada 20 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 5 ta gol urdi. Faoliyatida ilk bor legionerga aylangan o‘yinchi Malayziya jamoasi bilan kelishuvga erishgach, ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi. Avvalo, futbolchi “Neftchi”da o‘tkazgan faoliyati xususida gapirdi.

- Birinchi davrada “Neftchi”ga ancha moslasha oldim, - deya gap boshladi, Sirojiddin. - Natijani ham unchalik yomon bo‘ldi, deb ayta olmayman. Ha, hammasidan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Lekin, baribir chakki bo‘lmadi. Ikkinchi davraning ikkinchi turidan keyin jarohat olib, bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yubordim. Bilmadim, balki shundan keyin murabbiyning menga nisbatan ishonchi biroz pasaydimi, natijada kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. To‘g‘risini aytsam, keyinchalik ko‘nglim to‘lmadi.

kuziev1

- Sizni Ilhom Mo‘minjonov taklif qilgandi. Ammo u natijalar o‘xshamagach ketdi va Levchenko bilan ishladingiz. Ayting-chi, mazkur mutaxassis bilan qanday munosabatda edingiz?

- Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko bilan munosabatim yaxshi bo‘lgan. Oramizda hech qanaqa kelishmovchilik bo‘lgani yo‘q.

- Mo‘minjonov paytida nima uchun natijalar ko‘ngildagidek chiqmadi?

- Birinchi davra boshida yaxshi tarkib yig‘ilgandi. Kuchli beshtalikka kurasha oladigan jamoa to‘plangandi. Natijaga keladigan bo‘lsak, menimcha ozroq omad etishmadi. Yutadigan bir qator o‘yinlarimizda imkoniyatlarni qo‘ldan chiqardik. Ko‘p ochko oladigan uchrashuvlarda omadsizlikka uchradik. Balki qaerdadir nimadir noto‘g‘ri ketgan bo‘lishi mumkin. Futbola mayda-chuyda narsalar bo‘lmaydi.

kuziev4

- Imkoniyatingizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bemalol legioner sifatida o‘ynay olishingiz aniq va o‘zingiz istagandek chetga ketadigan bo‘ldingiz. Bu taklif qanday yuz berdi?

- “Neftchi” bilan bir yillik shartnomam bo‘lishiga qaramasdan menga Malayziyadan 100 foizlik aniq taklif kelib tushdi. Muzokaralar olib bordik va biz bir to‘xtamga keldik. “Kuching Siti” jamoasiga o‘tganimdan xursandman.

- Har tomonlama legioner sifatida to‘p surishga tayyorman deb hisoblaysizmi?

- Futbolchi to faoliyatini tugatguniga qadar o‘z ustida ishlashi kerak. Kamchilik hammada bo‘ladi. O‘yinimni yanada kuchaytirish ustida ishlayveraman va yangi darajaga chiqishga harakat qilaman. O‘ynab keta olamanmi-yo‘qmi, degan gap ham bo‘lishi mumkin. Agar raqobatdan qo‘rqsangiz futbolni yig‘ishtirgan ma’qul. Har doim har qanday joyga borishdan cho‘chimasdan tavakkal qilib ko‘raverish kerak. O‘z kuchingizga ishonsangiz va mehnat qilishda davom etsangiz hammasi yaxshi bo‘ladi.

kuziev3

- Asosiy maqsadingiz qanday?

- Malayziya chempionatini o‘zimizni chempionatdan kuchli deb ayta olmayman. Buni yashiradigan joyim yo‘q. U erda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, tajribamni oshirib, kuchliroq chempionatlarga ketishga harakat qilaman. Malayziya - faoliyatimda yangi bosqich boshlanishida tramplin bo‘ladi, degan maqsadda ketyapman. Shu o‘rinda mavsum davomida bizni qo‘llab-quvvatlab kelgan farg‘onalik muxlislarga rahmat aytaman. “Neftchi” jamoasiga omad tilayman. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashishining tilakdoshiman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!