Ekspert: Ronalduni o‘zidan ketdi, o‘zbeklar uni ayadi, ispan yoki nemislar bo‘lganda oyog‘ini uzib olar edi!
Moskvaning CSKA sobiq futbolchisi Dmitriy Kuznetsov Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 2026 yildagi jahon chempionatidagi ishtirokini baholadi. Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonliklar Portugaliyaga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvda 0:5 hisobida magʻlub boʻldi.
- Rostdan ham Portugaliyaga qarshi oʻyinda Oʻzbekistonning imkoniyatlari deyarli yoʻq edi. Albatta, standart vaziyatlar yoki kutilmagan gollar boʻlishi mumkin, lekin bu safar bunday boʻlmadi.
Portugaliya maydonga juda jipslashgan holda tushdi, ular gol urish va gʻalaba qozonish shart ekanini yaxshi tushunib turishardi. Chunki birinchi turdagi durang ular rejasiga kirmagan, kutilmagan natija boʻlgan.
Oʻzbekiston esa jahon chempionatida ilk bor oʻynayapti, futbolchilar bunday darajada deyarli tajribasiz. Faqat Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovni aytishimiz mumkin xolos. Ammo Husanov ham raqib gollarida xatolarga yoʻl qoʻydi.
Shu bois natija shunday boʻldi — hech qayerda yetib borishmadi, hujumga oʻtishda ham ishonchsiz harakat qilishdi, — dedi Dmitriy Kuznetsov.
Ekspertning taʼkidlashicha, terma jamoa bosh murabbiyligiga Fabio Kannavaroni taklif etish qarorini ham toʻgʻri, deb boʻlmaydi.
- Albatta, Kannavaroni chaqirishning maʼnosi yoʻq edi. Qanday mashgʻulot usuli boʻlishidan qatʼi nazar, sen “Oltin toʻp” olganmisan yoki yoʻq — barchasi baribir sening qoʻl ostingdagi “material”ga, yaʼni futbolchilarning saviyasiga borib taqaladi. Kannavaro ixtiyorida esa bunday darajadagi tarkib yoʻq edi, — deya qoʻshimcha qildi Kuznetsov.
Bundan tashqari, taniqli mutaxassis uchrashuvda ikkita gol urgan Krishtianu Ronalduning xatti-harakatlarini tanqid qildi.
- Ronalduning Oʻzbekiston darvozasiga urgan ikki goli bilan oʻziga ortiqcha baho bermaslik kerak. Unga maydonda deyarli hamma narsaga ruxsat berildi, juda koʻp vaziyatlar yaratа oldi. Lekin oʻyin oxirida bir jihatga eʼtibor berdim: u raqiblarga nisbatan hurmatsizlik qila boshladi, oʻyinchilarga qasddan toʻqnashdi.
Agar raqibi Yevropaning kuchli jamoasi boʻlganda, bunday qiliqlari uchun javobini darrov olardi. Bu yerda esa raqib saviyasiga qarab, u oʻzini haddan ziyod erkin tutdi, hatto orqadan kelib oyoqqa tepishgacha bordi. Germaniya yoki Ispaniya unga bunday qilishiga yoʻl qoʻyarmidi? Yoʻq, albatta, javobini maydonning oʻzidayoq berib, oyogʻini uzib olishardi, — deya taʼkidladi Dmitriy Kuznetsov.

Fikrlar