"Manchester Siti" mutaxassislari Kapadzega: “Sizlarda yana Abduqodirlar bormi?”
Bir necha oy avval murabbiy Temur Kapadze Abduqodir Husanov harakat qiladigan “Manchester Siti” klubi qarorgohiga borib, tajriba almashib kelgan edi.
Safar davomida u “shaxarliklar” tizimida faoliyat yuritadigan murabbiylar va mutaxassislar bilan yaqindan uchrashib, suhbatlashgan. Suhbat jarayonida ingliz klubi vakillari undan yana Husanov kabi iqtidorli futbolchilar bo‘lsa, ular haqida ma’lumot berib turishini so‘rashgan.
“‘Manchester Siti" akademiyasiga tashrif buyurganimda, u erdagi mutaxassislarning ko‘pchiligi germaniyalik ekan. Ular mendan: "Yana Abduqodirlar bormi?" — deb so‘rashdi. Mutaxassislar Husanovdan juda mamnun. Uning o‘yinlaridan ham muxlislar, ham murabbiylar shtabi qoniqqan. Klubning sport direktori bilan ham suhbatlashdim. U menga tashrif qog‘ozini berdi va: "Shu kabi futbolchilar bo‘lsa, xabar bering. Bizda skautlar bor, ular ham kuzatib borishyapti, ammo siz murabbiysiz ulardan yaxshiroq bilesiz", — dedi”, deya ma’lum qildi Kapadze “Sport TV”da efirga uzatilgan “Gol” ko‘rsatuvida.



Fikrlar