"Manchester Yunayted"ni qabul qilib olgan Maykl Kerrik qanday murabbiy?
"Manchester Yunayted" rahbarlari baribir Sulsherni ishdan olishga majbur bo‘ldi. "Uotford" bilan o‘yindan so‘ng rahbariyatda oldida boshqa yo‘l qolmadi. Norvegiyalik mutaxassis chetga surilgan bo‘lsa-da, uning o‘rniga uzoq yillik rejaga ega murabbiyni taklif etishning imkoni bo‘lmadi.
Zayniddin Zidan, Luis Enrike, Brendan Rojers, Erik ten Xag singari asosiy da’vogarlarning 3 tasi boshqa proektlarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Zidan esa, negadir APLga kelishni istamayapti. Natijada, klubda yordamchi murabbiy vazifasini o‘tayotgan Maykl Kerrikdan boshqa variant qolmadi.
Klub rasmiy sayti Mayklni vaqtincha murabbiy vazifasini bajarish uchungina Sulsher o‘rnini egallagani haqida ma’lumot berdi. Katta ehtimol bilan, ma’qul variant paydo bo‘lsa, Kerrik yana yordamchi murabbiy lavozimini egallashi mumkin. Shunga qaramay, bu "Yunayted"ning yangi ustozini imkoniyatlariga past baho berish kerak, degani emas. U "Vilyarreal", "Chelsi" va "Arsenal"ga qarshi og‘ir bahslarda jamoasini maydonga olib chiqishi kerak. Balki, bu uchrashuvlardagi natijalar uning murabbiylik kursisida uzoq qolishini ta’minlar?!

U haqida klubdagilar qanday fikrda?
Ingliz nashrlaridagi ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, Kerrikka deyarli barcha hurmat yuzasidan muomala qilishni boshladi. Gap faqat "qizil iblislar" futbolchilari yoki murabbiylar shtabi haqida emas. Pep Gvardiola uni o‘zi ko‘rgan eng kuchli yarim himoyachilardan biri, deb e’tirof etgandi.
Joze Mourino jamoa tepasiga kelganida, Kerrik Ser Aleks tashlab ketgan eng so‘nggi yodgorlikdan biri edi. "Benazir" o‘zining "Old Trafford"dagi dastlabki o‘yinlaridan birida klub muxlislari nega Diego Forlan haqidagi qo‘shiqni kuylayotgani bilan qiziqadi. U bergan savolga zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Maykl Kerrikdan boshqa hech kim javob bera olmaydi. Kerrik xotirjamlik bilan "Old Trafford"da urugvaylik hujumchini hurmat qilishlarini, u klub uchun 100 ta o‘yin o‘tkazmagan bo‘lsa-da, "Enfild"da dubl qayd etgani uchun bu qo‘shiq hali-hamon kuylanishini tushuntirib beradi. Ko‘p o‘tmay, Maykl sog‘lig‘i sababli butsalarini mixga ilishga majbur bo‘ldi. Joze esa, o‘sha kuniyoq unga o‘z shtabidan o‘rin taklif etdi.
Mourino shu yo‘sinda Mayklni o‘zi va klub o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tab berishini taxmin qilgan. Xotirjam, kamgap, kamtar va futbolni yaxshi tushunadigan insonning so‘zlariga futbol olamining yulduzlari ham jim quloq solishiga shubha yo‘q, ammo bu qancha davom etishi mumkin?
Maykl o‘z o‘yin falsafasiga egami?
Afsuski, barcha kuchli futbolchilar ham murabbiylik sohasida o‘z imzosiga ega bo‘lmaydi. Kerrik futbolchilik faoliyatining so‘nggi yillarida o‘ynovchi murabbiyga aylanib bo‘lgan edi. U maydondagi yosh sheriklari xato qilsa, koyib bermas, keyingi safar qanday yo‘l tutish borasida kerakli maslahatlarni berishga harakat qilardi. Mana endi bu ishni rasman amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Keling, Kerrikni jamoadoshlariga bergan tavsiyalaridan birini ko‘rib chiqamiz.

2018 yilda Pol Pogba "Manchester derbisi"dagi g‘alabadan so‘ng qahramonimizga minnatdorchilik bildirgan edi. Birinchi bo‘limdan keyin 0:2 hisobida "yonayotgan" "Yunayted" etakchisiga Kerrik ko‘proq jarima maydonchasiga katta tezlikda kirib kelishni maslahat beradi. Natijada, Pogba o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborgan gollarga mualliflik qiladi.
Sulsher jamoa postini qabul qilib olgach, asosiy jamoa mashg‘ulotlarini to‘liq Kerrik o‘tkaza boshladi. Jamoa futbolchilari kuchli murabbiyning yordami kerak ekanligini ta’kidlaganiga qaramay, hech kim uni "Yunayted" darajasidan past mutaxassis, deb atamadi. Mayklning futbol fidoiysi ekanligi borasida Fred bildirgan fikrga e’tibor qarating:
"Men jamoaga endi kelgan paytlarim u men bilan har kuni mashg‘ulotlardan so‘ng 1 soat ishlardi. Qaerda xato qilayotganimni tushuntirib, o‘z fikrini asoslab berdi. Natijada, ko‘p o‘tmay ingliz futboliga to‘liq moslashib oldim. Buning uchun, Maykldan minnatdorman".
Aslida, "qizil iblislar"ning yulduz futbolchilari katta natijalarga erishish maqsadida top darajadagi murabbiylardan biri kelishini talab qilishi mumkin, ammo bu Mayklning klubdagi "avtoritet"iga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi turgan gap.

To‘g‘ri, yaxshi inson - zo‘r murabbiy, degani emas. Kerrikni ikkinchi Zidan yoki Xavi bo‘lishini bashorat qilishga hali erta. "Manchester Yunayted" uchun hozir undan optimalroq variant yo‘q. Qahramonimiz "qizil iblislar" uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi aniq, ammo bosh murabbiy lavozimi uchun kurashmasa kerak. Fikrlashi evaziga Gvardiolani, sovuqqonligi sababli Mourinoni hayratga solgan yigit og‘ir vaziyatda shogirdlariga kerakli so‘zlarni ayta olishiga ishonish mumkin. Sulsherdan farqli o‘laroq, Kerrikda bosim yo‘q. U hech kimga hech narsani isbotlashi shart emas. Birgina shu omilning o‘zi unga o‘zidan avvalgi murabbiydan yaxshiroq natija qayd etish imkoniyatini taqdim etadi.
Ya . U



Fikrlar