Marlen Chobanov: "Paxtakor"dan ketishimning sabablari ko‘p, ammo ...

  • 19 yanvar, 2022, 14:18
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, "Paxtakor" himoyachisi Marlen Chobanov rasman "Turon" jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Futbolchi yangi mavsumni Pro-Ligada o‘tkazadi. SPORTS.uz sayti Marlen bilan bog‘lanib, "sherlar" safini nima uchun tark etgani va yaypanliklarga ko‘chib o‘tish sabablarini so‘radi.

– Assalomu alaykum, yangi jamoaga o‘tganingiz bilan tabriklayman. Nima uchun aynan "Turon"ni tanladingiz?

– Va alaykum assalom. Avvalambor "Paxtakor" muxlislari meni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rardim. Ularga katta rahmat. "Turon" menga aniq taklif bilan chiqdi. Ularning yaxshi loyihasi bor. Klub Superligaga qaytish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Men bularning barini taroziga qo‘yib ko‘rdim va yaqinlarim bilan maslahatlashib, jamoamni almashtirishga qaror qildim.

– "Turon"dan tashqari boshqa jamoalardan ham taklif bo‘lganmidi?

– Albatta, takliflar yo‘q emasdi. Ammo men shu variantda to‘xtadim. Qaysi jamoalar ekanligi haqida aytmaganim maqul. Bu odobdan bo‘lmaydi.

– Anzur Ismoilov va Egor Krimets "Paxtakor"ni tark etgach, ko‘pchilik yangi mavsumda sizga imkon beriladi, deb o‘ylagandi. Biroq siz ham klubdan ketdingiz.

– Buning sabablari juda ko‘p, lekin muhokama qilishni istamayman. "Paxtakor" yaxshi jamoa. Ular menga ko‘p narsa berdi. Bu hayot va unda bizning yo‘llarimiz ajraladigan vaqt kelgandi. Hozir men faqat o‘ynab, futbolchi sifatida o‘smoqchiman.

– Terma jamoa yig‘inida ishtirok etishga ulgurdingiz. "Turon" safida o‘ynab, termadan chaqiruv olishingizga ishonasizmi?

– Buning amalga oshish imkoniyati juda past. Bizda Pro-Ligadan terma jamoaga futbolchi chaqirilmaydi. To‘g‘risini aytsam, hozir umuman milliy terma jamoa haqida o‘ylamayapman. Mening vazifam har kuni o‘zimni rivojlantirish va takomillashtirib borish. Qolgani esa terma jamoa bosh murabbiyiga bog‘liq.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!