
"Mash’al" futbolchisini Qatarda kutishyapti
“Mash’al” klubi selektsiya ishlarida faollikni boshlab yuborgan. Aniqrog‘i, futbolchilarini Superliga klublariga va xorijga transfer qilish yuzasidan qizg‘in muzokaralar ketmoqda. Bu haqida yaqinda “Mash’al” klubi bosh direktori Ilhom Qurbonov sports.uz saytiga ma’lum qilgandi.
Xabaringiz bor, “Mash’al” o‘z hujumchisi Sherzod Temirovni “Paxtakor”ga sotdi. Hozirda ham muborakliklarning qator o‘yinchilariga xaridorlar chiqmoqda.
Sports.uz sayti ma’lumotiga ko‘ra, jamoaning 20 yoshli yarim himoyachisi Sardor Abduraimovga qiziqish jiddiy. Ayniqsa, Qatar yulduzlar ligasida ishtirok etayotgan klub “Mash’al” futbolchisini o‘z safida ko‘rish istagida va bu borada ikkala tomon muzokaralar jarayonida. Faqat unga qaysi jamoa qiziqayotgani sir tutilmoqda.
Bu hali hammasi emas. Sardorga Osiyoning yana bir mamlakatidan aniq taklif kelib tushgan. Bundan tashqari, Superligamizdan ham etarli darajada chorlovlar borligi ma’lum. Ushbu mavsumda Abduraimov 20 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi va 4 ta golga assistentlik vazifasini bajardi.
Ma’lumki, iqtidorli futbolchi birinchi davrani “Bunyodkor”da o‘tkazgandi, biroq u erda Vadim Abramov bosh murabbiyligida etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi, asosan zaxirada qolib ketgandi. “Mash’al”ga qaytganidan keyin Sardor Abduraimov yana o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsata boshladi. Oqibatda uning o‘yini Osiyo klublarini ham o‘ziga jalb etyapti.
“Mash’al” futbolchisi yangi mavsumni o‘zimizning chempionatda o‘tkazadimi yoki legionerga aylanadimi, buni tez orada bilib olamiz.
Shuningdek, “Mash’al”ning nigeriyalik yarim himoyachisi Ifeani Ifeaniga ham o‘zimizning va Osiyo klublaridan takliflar bo‘lyapti. U joriy chempionatda 21 ta o‘yinda maydonga tushdi va ikki marta assistentlik qildi.
Fikrlar