
Masharipovni qachongacha ushlab turamiz? Yoxud u Rashidovning o‘rnini to‘ldiradimi?
Jaloliddin Masharipov bilan bog‘liq turli xabarlar oxirgi paytlarda tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda. Bunga bir nechta sabablar bor. Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, deyishganidek, “Paxtakor” futbolchisining legionerga aylanishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar bejizga yangramayapti.
“Paxtakor” Masharipovni qachon qo‘yib yuboradi?
Bitta narsani tan olishimiz kerak, Masharipovning darajasi o‘z iste’dodi va mehnati bilan allaqachon Superliganikidan o‘tib ketgan. Chempionatimizni kuzatib borayotgan muxlis va mutaxassis aytishi mumkinki, eng kuchli o‘yinchilardan biri Jaloliddin bo‘lib turibdi. Shu bois uni tezroq ushlab o‘tirmasdan xorijga qo‘yib yuborish maqsadga muvofiq bo‘lardi, bizningcha. O‘z navbatida bu o‘zbek futboli va milliy terma jamoamiz uchun ham foydalidir. To‘g‘ri, “Paxtakor”ga ham aslida Masharipovga o‘xshagan futbolchilar kerak. Balki shuning uchun ham klub ushbu o‘yinchisini ancha paytgacha ushlab keldi. Qolaversa, “Paxtakor”ning maqsadlari bor edi, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasida. Ammo ko‘rdikki, Qatarda o‘tkazilgan OChLda Arveladze jamoasi chorak finaldan qaytib keldi. O‘zimizning chempionatda bo‘lsa, klub Masharipovsiz ham chempionlik va Kubok yo‘lida bemalol sovrinlarni yutishga qodir. Shunchaki, Jaloliddinni ushlab turish orqali vaqt yo‘qotilyapti. Uning yoshi ham o‘tib boryapti. Yana uch yildan keyin u 30 yoshni “qoralaydi”. Aslida esa bunday iste’dod egasi allaqachon legionerga aylanishi kerak emasmidi? O‘zi ham bir necha yil avval Evropada o‘ynash niyati borligini va bu istagini tezroq amalga oshirmoqchiligi haqida aytgandi. Ammo haligacha Superligamizda o‘ynab yuribdi. Unga o‘zimizning klublar darvozasini ishg‘ol qilish va nimalarga qodirligini ko‘rsatish borasida qiziqishi ham qolmagan bo‘lsa bundan ajablanmaymiz. Chunki Masharipov o‘z darajasini allaqachon ko‘rsatib bo‘lgan. Faqat legioner sifatida u yangi bosqichga chiqishi shart edi.
Futbolchimizni Evropada kutishyaptimi?
Aslida esa Masharipovni chetga qo‘yib yubormaslik oqibatida bir necha yil yo‘qotildi. Xo‘sh, endi klub qanday yo‘l tutadi? Sizningcha, 27 yoshli futbolchini Evropada kutishyaptimi? Holbuki, u o‘zidagi iqtidor bilan G‘arb mamlakatlarida to‘p surishga loyiq edi, desak bu haqiqatdan uzoq bo‘lmagan fikrdir. Yaqinda Turkiyaning “Trabzonspor” klubining unga qiziqqani haqida xabarlar chiqqandi. Lekin o‘sha paytda “Paxtakor” klubi rasman taklif bo‘lmagan, deyishdi. Yaqinda esa Shota Arveladzeni “Trabzonspor” bosh murabbiylikka taklif qildi. Ushbu murabbiyning turk klublari bilan yaxshi aloqada ekani sababli balki Masharipovning u erga ketish imkoniyati bir muncha yaxshiroq deb ham o‘ylayotgandik. Lekin hozircha bu masalada hamma jim.
Jaloliddinning yangi manzili Qatarmi?
Qaytanga, uni arab klublaridan biriga ketishi tobora avj olmoqda. Bu borada sports.uz sayti orqali ham ishonchli ma’lumotlar berilmoqda. Yaqinda klub sport direktori Ja’far Irismetov Qatarning ikkita klubidan rasmiy taklif bo‘lganini aytgandi. Qolaversa, bu masala Osiyo Chempionlar ligasidan keyin hal etilishi ham ko‘zda tutilgandi. Bizningcha ham muzokaralar davom etyapti, balki o‘tgan vaqt davomida Masharipovga yana yangi xaridorlar paydo bo‘lgan bo‘lsa ham ajab emas. Ammo bizga ma’lum bo‘lishicha, “Paxtakor” etakchisini qo‘lga kiritish uchun Qatar klublaridan biri – “Qatar SK” ham faol harakat qilayotganini aytish joiz. Xabaringiz bor, ushbu klubda yana bir hamyurtimiz Sardor Rashidov to‘p surayotgandi. Ammo tajribali futbolchimiz “Qatar SK” bilan shartnomasini bekor qildi. Balki shuning uchun qatarliklar uning o‘rniga Masharipovni olib kelishmoqchidir. Lekin hozircha muzokaralar qanday ketayotgani bizga qorong‘u. Har qanday holatda ham uning tezroq legionerga aylanishining tarafdorimiz. Axir uni shuncha yil o‘zimizda ushlab turganimiz etar, agar yana Superligamizda olib qolsak, unda keyin kech bo‘lishi mumkin.
Fikrlar