"Maydonda murabbiyni emas, birovlarning ko‘rsatmalarini bajaradigan futbolchilardan ko‘ra, yoshlar ming marta afzal" yoxud Aliqulovga ham kelishilgan o‘yinlarda qatnashish taklif qilinganmi?

  • 31 may, 2021, 18:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Sho‘rtan” jamoasidagi muammolar hali ham tugamagan ko‘rinadi. Kuni kecha klubning bir qator o‘yinchilari kelishilgan o‘yinlar hamda totalizatorda ishtirok etganliklari uchun diskvalifikatsiya qilindi.

Tecno

Shuningdek, oxirgi paytlarda jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov ham “Sho‘rtan” bilan birga emasdi va bu holat ham turli gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi, deyish mumkin. Klub esa pro-ligada hali g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti.

Sports.uz muxbiri ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib bir qator masalalarga oydinlik kiritdi.

- Asror Chorievich, oxirgi paytlarda “Sho‘rtan” klubi bilan birga emasdingiz. Sizni davolanayotganingiz haqida ham yoki ketganingiz xususida ham eshitgandek bo‘ldik. Bu borada aniq ma’lumot bersangiz...

- Futbolchilik paytimda olgan jarohatlar tufayli vaqti-vaqti bilan davolanib turardim. “Sho‘rtan”da ishlayotganimda buning uchun vaqt topa olmayotgandim. To‘g‘risi, jamoamizda yuz bergan holatlar ham menga ruhiy tomonlama ta’sir ko‘rsatdi. Kubok o‘yinlari “Sho‘rtan” uchun unchalik muhim bo‘lmaganligi bois shu vaqtdan unumli foydalanib davolanishni lozim topdim, buning uchun rahbariyatdan ruxsat oldim. Mana, sog‘ligimni tikladim va klubga qaytganimga 10 kundan oshdi.

alikulov_4_1

- Chempionat o‘rtasida davolanishni oldindan rejalashtirganmisiz?

- Hozir aytganimdek, avvalo Kubok tufayli chempionatdagi tanaffus va klubdagi ishlarning menga ta’siri bo‘ldi, bosh og‘riqlar ko‘paydi. O‘zimda ruhiy tomonlama ham charchoq sezgandim. Futbolchilik davrimda boshimdan ham jarohatlar olgandim. Keyinchalik buning asoratlari bo‘lmasligi uchun ham davolanib turishim kerak. Mana shu holatda klub rahbaridan ruxsat olib Toshkentda davolandim.

- Hozir sog‘ligingiz qanday?

- Yaxshi. 10 kundan beri jamoadaman. “Oq-tepa” bilan o‘yinga tayyorlandik va bu jamoaga qarshi durang o‘ynadik. “Sho‘rtan”ga 2003 yilda tug‘ilgan olti nafar yoshlarni taklif qildik. Ayrim o‘yinchilarimizni olti oy va yana ayrimlarini bir yilga futboldan chetlashtirishdi.

- Sizdan shu haqida ham so‘ramoqchi edim. Totalizator, kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi aniqlangan futbolchilar diskvalifikatsiyaga uchradi. Bu xabar sizni qanday ahvolga solib qo‘ydi?

- Kutilmagan holat, juda. “Sho‘rtan” rahbarlari, homiylari qarzdorliklarni yopish uchun eng shimarib ishlashyapti. Bu yoqda esa ayrim futbolchilarning bunday yo‘l tutishgani hammamizni karaxt holatga tushirib qo‘ydi. Kutmagandik! Klub qanday ahvolda edi-yu va uni tiklash uchun qanchadan-qancha insonlar jon kuydirayotgan bir paytda futbolchilarning o‘zini bunday tutishini qanday tushunish mumkin? Hammamizni sarosimaga soldi. Buni eshitganimizda juda og‘ir ahvolga tushib qoldik.

alikulov2_2

- “Sho‘rtan” futbolchilarining qing‘ir o‘yinlarga aralashishlari jamoadagi moliyaviy muammolarga borib taqaladimi yoki boshqa sababmi? Bu borada klubning ichki holatida tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borildimi?

- Bu juda og‘riqli masala. 2019 yilda “Sho‘rtan” ko‘plab shubhali o‘yinlarni o‘tkazgan. 2020 yilda jamoaga kelganimizdan keyin vaziyatni tartibga solish, halol futbol o‘ynash kabi holatlar bo‘yicha O‘FA tomonidan ham ogohlantirish berilgan, bizga. Rahbarlar bilan hammasini kelishib, yaxshi jamoa tuzish, sog‘lom raqobatni vujudga keltirish maqsadida bu erda ish boshlagandik. FIFAning ta’qiqi tufayli yangi o‘yinchilarni ololmadik, bizni chegaralab qo‘ydi. Futbolchilarni tanlab ola bilmadik. Ixtiyorimizdagi bor o‘yinchilar bilan o‘ynashga majbur bo‘ldik. Klub moliyaviy qiyinchilikdan chiqib ketish uchun qaysidir tomondan iqtisod qilishga majbur edi. Misol uchun futbolchilarga katta pullar yo‘q edi. Yil boshida o‘yinchilar bilan gaplashilganida ular bor sharoitga ko‘nishgan va shunga qarab shartnoma imzolangan. O‘yinchilarning bunday ish qilishlarida ko‘proq o‘zlari aybdor. Klubda olayotgan oylik maoshlarini bunga sabab qilib ko‘rsatish kerak emas. Eng og‘riqligi bunday ishga mahalliy futbolchilar qo‘l urishgan.

- Yaqinda “Sho‘rtan” qarzdorliklarni bartaraf qilgani uchun FIFA ta’qiqni olib tashlagandi va yana umid uchqunlari paydo bo‘lgan. Birinchi davradan keyin qanday rejalar bor? Yangi o‘yinchilar bilan muzokaralar boshlanganmi yoki hali ham to‘siqlar mavjudmi?

-  Hech qanacha to‘siq yo‘q. Jamoamizdan ketgan oltita futbolchi o‘rniga boya aytganimdek, 2003 yilda tug‘ilgan yoshlarni taklif qildik va ularni ro‘yxatdan o‘tkazdik. “Oq-tepa” bilan uchrashuvda aksariyati debyut o‘yinini o‘tkazdilar.  

- Rostini ayting-chi, sizga kelishilgan o‘yinlarda qatnashish taklifi bilan chiqishganmi?

- Totalizator o‘yinlarida ishtirok etmaganman, kelishilgan o‘yinlarda ham.

alikulov1

- “Sho‘rtan” hamon mavsumni g‘alabasiz o‘tkazyapti. Buning chorasi bormi? Jamoani saqlab qolish uchun rejalar qanday?

- Jamoani kuchaytirish uchun harakat qilyapmiz. Maydonga chiqib murabbiylarning emas, boshqa birovlarning ko‘rsatmalarini bajaradigan futbolchidan ko‘ra, yaxshisi, yoshlarning o‘ynagani murabbiy uchun ming marta afzal. 18 yoshli o‘yinchilar orasidan iqtidorlilari bor va ularni tarbiya qila olamiz. Vaziyatni o‘nglash uchun oxirigacha kurashamiz.

- Klubdagi bunday vaziyatlardan keyin ketish haqida o‘ylamayapsizmi?

- To‘g‘risi, qiyin. Yil oxirigacha shartnomam bor. O‘sha shartnomani rahbariyat oldida 100 foiz bajarishimiz kerak. Endi imkoniyatimizdan ortiqroq darajada harakat qilishimiz lozim. Ammo qiyin ahvoldamiz. Baribir qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!