
Mbappe: "Atletik"ga qarshi bahs menga qattiq ta’sir o‘tkazdi"
La Liganing 18-turidan o‘rin olgan bahsda "Real Madrid" "Sevilya" ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Kilian Mbappe 1 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qilib, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Mazkur to‘qnashuvdan so‘ng frantsiyalik hujumchi uning Madriddagi faoliyati haqida gapirib o‘tdi.
"To‘g‘ri, mavsum avvalida biroz moslashishga qiynaldim. Biroq, Vinisius, Bellingem, Rodrigo va boshqa jamoadoshlarim menga katta yordam berishdi. "Liverpul" va "Atletik Bilbao"ga qarshi bahslarda penaltidan foydalana olmaganim juda katta ta’sir o‘tkazdi. Men ushbu vaziyatdan so‘ng tushkunlikning eng tubiga tushdim va bu holatni o‘zgartirish uchun bor narsamni berishim kerakligini anglab etdim.
Hozirgi kunda men yaxshi formadaman va gollar urmoqdaman. 2025 yilda ham "qirollik klubi" oilasi uchun bor kuchimni berib, barcha sovrinlarga ega chiqmoqchiman" - dedi "qaymoqranglilar" hujumchisi.
Eslatib o‘tamiz, 26 yoshli o‘yinchi bu mavsum 24 ta o‘yinda ishtirok etib, 14 ta gol va 4 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar