
"Menga berilgan imkoniyatdan foydalana olmadim" - Doston Hamdamov rejalarini o‘zgartirib yuborgan BAAdagi faoliyati, "Paxtakor"ga nega qaytgani va Shomurodov bilan gaplashgani haqida
“Paxtakor” klubi yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda sobiq etakchilarini qaytarishga erishdi. Odil Hamrobekov bilan Doston Hamdamov yana “Paxtakor”da to‘p surishga rozi bo‘ldilar. Shu tariqa, ular yana “Sherlar”ga aylandi.
Hamrobekov kabi Hamdamov ham “Paxtakor” uchun muhim futbolchi. Biz Doston bilan BAAdan qaytib kelganidan keyin muloqot qilishni rejalashtirgandik. Futbolchi esa avvalo qaysi klubda to‘p surishini oydinlashtirib olishi haqida aytgandi. Uning yana “Paxtakor”ga qaytishi esa jamoa muxlislari uchun yaxshi xabarga aylandi. Hamdamov Sports.uz muxbiriga nima sababdan sobiq jamoasiga qaytgani haqida gapirdi.
- “Paxtakor” – bu doim sovrinlar, Kuboklar uchun kurashadigan jamoa. Shuning uchun hamma vaqt o‘z oldiga eng yuqori maqsadlarni qo‘yib keladi. Xudo xohlasa, bu yil yana O‘zbekiston chempioni bo‘lsa, kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Aynan shu sababli ham “Paxtakor”ga qaytdim, desam ham bo‘ladi. Ha, menda boshqa variantlar ham bor edi. Lekin men uchun eng yaxshi variant “Paxtakor” bo‘lib turgandi. Ammo uzoq kutgim kelmadi. Transfer oynasi yopilishiga vaqt bor edi. “Paxtakor”ning mashg‘ulotlari va o‘yinlari boshlanib ketgani uchun ham yana shu klubga qaytganim yaxshi bo‘ldi deb o‘ylayman.
Doston Hamdamovning qaytishi shubhasiz “Paxtakor”ning o‘yini kuchayishiga xizmat qiladi. Uning o‘z o‘rni bor. Ammo klubga qaytgach, dastlabki uchrashuvlarda futbolchini ikkinchi bo‘limda maydonga tushayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
- To‘g‘ri, har bir murabbiyning o‘ziga yarasha taktikasi va o‘yin uslublari bor. Hozircha hammasi joyida. “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra bilan oldindan yaxshi munosabatda bo‘lib kelganmiz va bundan keyin ham munosabatlarimiz yaxshi darajada bo‘ladi deb o‘ylayman, - deya fikr bildirdi, Doston.
Uning iqtidoriga gap bo‘lishi mumkin emas. O‘ziga yarasha mahorati ham bor. O‘tgan mavsum yakunlangach, faoliyatida o‘zgarish bo‘lishini xohladi va legionerga aylandi. Bilsangiz, u BAAning “Al-Nassr” klubiga o‘tib ketdi. U erda bir-ikkita uchrashuvda maydonga tushganidan keyin kutilmaganda BAAnnig boshqa jamoasi – “Xatta”ga ko‘chib o‘tdi. Xullas, futbolchimiz legioner sifatida yarim mavsumni o‘tkazgach, ortga qaytdi. BAAda nima uchun rejalari o‘zgarib ketgani biz uchun ham qiziq edi. Fursatdan foydalanib, Hamdamovdan shu xususida ham fikrini bilib oldik.
- To‘g‘ri, “Al-Nassr” klubi bilan kelishuvimiz yaxshi edi. Ammo u erda legionerlar limiti tufayli keyin “Xatta” jamoasiga o‘tdim. BAA chempionatiga borib kelganimdan afsuslanmayman. O‘zimni sinash va imkoniyat bo‘lish uchun bu katta yutuq bo‘ldi deb o‘ylayman. Hayotda hamma narsa bo‘lar ekan. O‘ylashimcha, menga berilgan imkoniyatdan foydalana olmadim. Baribir “Al-Nassr” klubidan ham, “Hatta” jamoasidan ham minnatdorman. Ikkala klub ham menga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘ldi.
Darvoqe, Doston Hamdamov hozirda “Roma”da to‘p surayotgan Eldor Shomurodov bilan juda qalin do‘st. Ular doim gaplashib turadilar. Shu sababdan “Paxtakor” futbolchisidan do‘stining yangi klubdagi imkoniyati haqida so‘radik.
- Eldorga avvaldan ishonib kelganmiz. U Joze Mourino qo‘l ostida bundan ham kuchli ekanini ko‘rsata oladi. U bilan internetda rasmiy xabar chiqishidan bir-ikki soat oldin gaplashgandim. O‘shanda “Roma” bilan shartnoma tuzgani haqida aytgandi. Eldorga omad tilayman. Muhimi, sog‘-salomat holda jarohatlarsiz bo‘lishni istayman. Yanada yaxshi jamoalarda to‘p surib, O‘zbekiston futboliga hissa qo‘shishda davom etadi.
Shomurodovning Italiyada muvaffaqiyatli to‘p surishi evaziga yana boshqa o‘zbekistonlik o‘yinchilarda ham Evropaning kuchli beshlik chempionatlarida faoliyat olib borish imkoniyati ortadi deb umid qilamiz. Dostondan esa yana qaysi o‘yinchilarimiz Eldor kabi kuchli chempionatlarda to‘p surish uchun imkoniyati yuqori deya so‘raganimizda shunday javob berdi:
- Hozircha bir narsa deyish qiyin. Hammasi insonni o‘ziga bog‘liq. Kim o‘zini yaxshi ko‘rsatsa, Evropaning yaxshi jamoalarida to‘p surishga hammada imkoiniyat bor.
Yodingizda bo‘lsa, Doston ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Saudiya Arabistonidagi jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi o‘yinlarida qatnashdi. O‘sha saudiyaliklarga qarshi uchrashuvda Vadim Abramov Hamdamovni zaxiradan maydonga tushirib, oradan ko‘p o‘tmay uni yana zaxiraga olgandi. Futbolchi o‘sha holatni ham esladi.
- To‘g‘risi, o‘sha vaziyatda qanday xato qilganimni yoki nima bo‘lganini tushunganim yo‘q. Bu murabbiyning o‘zini qarori deb o‘ylayman. E’tirozim yo‘q. Ammo nima sababdan zaxiradan maydonga tushirib, yana zaxiraga olganining sababini haligacha tushunmayman. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha o‘yinda yutishimiz kerak edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Biz maydonga tushamizmi-yo‘qmi, baribir murabbiyning o‘z firki bor va shunga qarab taktikasi, uslubini qo‘llaydi. Ammo hozirgacha o‘shanda nima uchun bunday bo‘lganini bilmayman.
U “Paxtakor” bilan bir yarim yillik shartnoma tuzdi. Bu degani kelasi mavsum oxirigacha “Sherlar” safida bo‘lishini bildiradi. Lekin shu vaqt oralig‘ida unga chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, shartnomani bekor qilib ketadimi? Shu savolga uning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Oldindan bir narsa deyish qiyin. Hozir butun e’tiborimiz “Paxtakor”ning chempionat va Kubokdagi ishtirokiga qaratilgan. Iloji boricha o‘zimizni ko‘rsatib, “Paxtakor”ning g‘alabalariga hissa qo‘shishga harakat qilamiz. Kelasi yilga Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surish niyatimiz bor. O‘sha erda o‘z kuchimizni ko‘rsatib, kuchliroq chempionatlarga yo‘l olish maqsadidamiz.
Fikrlar