"Meni baribir yana "Andijon"ga chaqirishadi, Kumikovga xalaqit berishdan qo‘rqdim, mendan oldin ishlagan zo‘r murabbiylar ham buni eplay olmagan" yoxud Yorqin Nazarov klub tarixiga kirdi!

  • 6 avgust, 2021, 20:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha Sports.uz sayti orqali Yorqin Nazarov “Andijon” bosh murabbiyi lavozimidan ketgani haqida xabar berib o‘tgandik.

Tecno

Bilasiz, rossiyalik Viktor Kumikov uning o‘rnida ish boshladi. Shundan so‘ng, Nazarov jamoani tark etdi. Sports.uz muxbiri mazkur masala bo‘yicha “Andijon”ning sobiq ustozi bilan suhbatlashdi.

- Kumikovning kelishi to‘satdan bo‘lib qoldi, meni bundan xabarim yo‘q edi, - deya suhbatni boshladi, Yorqin Nazarov. - Shuning uchun rahbariyatning qarorini tushunmay qoldim. Rasmiy uchrashuvga uch kun qolganida yangi murabbiyni olib keldilar. Balki, menimcha rahbariyat menda tajriba etmayapti deb o‘ylagan holda jamoani Superligada olib qolish uchun mahoratliroq murabbiyni olib kelishgan bo‘lsa kerak. Viktor Kumikovmi yoki menmi, baribir maqsadimiz bir edi: “Andijon”ni Superligada qoldirish. Ammo bunga hech kim 100 foiz kafolat bera olmasa kerak. Bu – futbol, kim yutishini oldindan aytish qiyin. Umuman aytganda, bu rahbariyatning qarori, men aralasha olmayman.

- Viktor Kumikov “Andijon”da ish boshlagach, siz jamoada ko‘rinmay qoldingiz....

- “Turon” bilan o‘yinda ko‘rinmaganim shuki, uyda qizlarim shamollab qolgandi. Uydan keta olmay qoldim, ularning yonida bo‘lishim kerak edi. Ammo rahbariyat menga hech qaerga ketmasdan Kumikovga yordam berasiz deb aytgan. Lekin mustaqil ishlashni boshlagandim. Agar Viktor Kumikov klubda ishlayotgan bo‘lganida va o‘rniga meni olib kelishganida, sizga Kumikov yordam beradi deyishsa, men bu holatga qanday qarardim? Shuning uchun “Andijon” klubidan ketishga qaror qildim. Meni bu erdan hech kim haydagani yo‘q. Kuni kecha Viktor Balyutovich bilan bir soatdan ko‘proq gaplashib o‘tirdik. Unda ham menga nisbatan hech qanaqa e’tiroz yo‘q. Ammo jamoadan ketishni istadim. Aytadigan gapim: Andijon xalqiga rahmat. Ular bizni qo‘llab, yaxshi natijalar bo‘lishiga sabr qilganliklari uchun rahmat. Shuningdek, klub xo‘jayini Jur’atbek Quvvatovga minnatdorchilik bildiraman. Shu jamoada Superligadagi debyutimni boshladim. Fikrim bo‘yicha jamoani yaxshi holatga keltirib qo‘ygandik. “Turon” bilan uchrashuvdagi durang yaxshi, ammo yutsak ham bo‘lardi. O‘ylaymanki, o‘sha durangda meni ham mehnatim bor. Chunki futbolchilarni men tayyorlagandim, yangi murabbiy uch kun qolganida kelib, o‘sha tarkibni qo‘ydi. Bundan buyog‘iga endi yangi murabbiyning imzosi ko‘rinadi. Meni hech qanaqa e’tirozim yo‘q, hammaga rahmat, mingdan-ming roziman. Jamoaning ishqibozi rosa ko‘p ekan. Bu klubda halol mehnatimni qildim. Shunga yarasha “Andijon” ham yaxshi o‘ynashni boshlayotgandi. Baribir meni bu yilmi, kelasi yilmi, yana bu erga chaqirishadi. Nasib qilsa, ular bilan yana birga ishlarmiz.

yorkin2

- Rahbariyat bilan nima uchun yangi bosh murabbiy olib kelganliklari yuzasidan gaplashdingizmi?

- Menga tushuntirishdiki, u tajribaliroq murabbiy. Shuning evaziga rahbarlar Kumikovga ko‘proq ishonishdi. Men to‘g‘ri tushundim. Ammo Viktor Balyutovich bilan gaplashsam, yaxshi tarkib, menga yoqadigan kurashuvchan futbolchilarni yig‘ibsan dedi. Bu murabbiy ham qo‘l ostidagi o‘yinchilarni jismoniy tomondan yaxshiroq tayyorlashni yaxshi ko‘radi. Men ham Toshkentdagi yig‘inda ikki mahaldan futbolchilarni faqat jismoniy tomondan tayyorlagandim. Kumikovga yoqqan tomoni u tayyor jamoani qabul qildi. Faqat hujumchilar yo‘q ekan dedi. Bilasiz, bizdan Doniyor Abdumannopov, Martin Boake va Jasur Jaloliddinov kabi hujumkor o‘yinchilarimiz ketgan. Ularning o‘rniga legionerlarni gaplashib qo‘ygandim. Biri ukrainalik, yana biri “Anji” klubidan. Lekin men ketganimdan so‘ng, ular ham kelmaydigan bo‘ldi. Yangi murabbiylar esa belarusdan legionerlarni olib kelishdi.

- Kumikov bilan suhbat davomida o‘zi ham sizni jamoada qolishingizni aytdimi?

- Bu to‘g‘risida gaplashmadik. Unga omad tiladim. Rahbariyat unga bizni qolib ishlaydi, yordam berishadi, deb aytgan ekan. Aytyapman-ku, o‘zim qolishni xohlamadim. Ketishimning yana bir sababi, bu murabbiyga xalaqit berib qo‘yishdan qo‘rqdim. Chunki mening dunyoqarashim bilan uni dunyoqarashi har xil. Shu boisdan yordamchi bo‘lib qolmadim.

nazarov2_1

- “Andijon”ni Kumikov boshchiligida Superligada qolishiga qanchalik ishonyapsiz?

- Menimcha, jamoani Superligada qoldirish bo‘yicha ikkalamizdagi imkoniyat bir xil edi. Bu xususiy klub, rahbariyat nima qilishni o‘zlari biladi. Men e’tiroz bildirmayman. Eng muhimi, to‘g‘ri yo‘l tanlandi. Jamoa yoshartirildi. Asosan 19-20 yoshli futbolchilarni oldik, katta yoshdagilarni olmadik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Turon”dan Sardor Xursandovni oldik. U meni shogirdim. Ilgari “Sho‘rtan”da qo‘l ostimda o‘ynagan. “Turon”da unga bir daqiqa ham vaqt berishmadi. Mana, “Andijon” safida “Turon”ga qarshi o‘yinda Xursandov ramziy terma jamoaga kiritildi. Bu erga yig‘ilgan o‘yinchilarning barchasini ko‘zi yonib turibdi. Turli klublarda imkoniyatga ega bo‘lmagan va zaxirada o‘tirgan futbolchilar bu erda katta ishtiyoq bilan o‘ynashga tayyorlar.

- “Andijon”da bosh murabbiy o‘zgarishi siz uchun to‘satdan yuz berdimi?

- Ha, kutmagandim. Chunki menga bu haqda aytilmagandi. Murabbiy kelishidan bir kun oldin Toshkentdagi oxirgi mashg‘ulotimizda eshitdim. Chempionatga sanoqli kunlar qolgandi. Baribir bu qarorini tushunmadim. Olib kelganga yarasha ertaroq, balki “Navbahor”ni yutganimizdan keyin chaqirish kerakmidi?! U o‘ziga moslab jamoani tayyorlagan bo‘lardi. Lekin Kumikov bilan gaplashganimda, fikrimcha, men u istagan futbolchilarni yig‘ibman, o‘ziga yoqayotgandek bo‘ldi. Bundan tashqari, “Andijon”da xursandchilik bilan eslab yuradigan ishlar ham bo‘ldi. Avvalo ilk debyutimni shu erda o‘tkazdim. Men “Andijon” klubi tarixiga kirganimdan xursandman. Hech qachon “Navbahor”ni Namanganda yutmagan. Oldin ishlagan Kumikov, Xomyakov, Averyanov...mendan zo‘r mutaxassislar ham bu ishni qila olmagan ekan.

nazarov_1

- “Andijon” bosh murabbiyi sifatida ketma-ket oltita o‘yinda jamoa yutqazdi. Nima deb o‘ylaysiz, birgina Namangandagi g‘alaba qolgan mag‘lubiyatlarni “yuvib” yubordimi?

- Menimcha, “yuvib” yubordi. Jamoani qabul qilganimda ham aytgandim, futbolchilar jismoniy tomondan tayyor emasdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati saralashi uchun Saudiya Arabistoniga ketgan paytida chempionatimizda bir oy tanaffus bo‘ldi. O‘shanda jamoani Xonobodga olib chiqib, jismoniy tarafdan tayyorladim. Shundan keyin meni jamoam o‘ynadi. Faqat safarda og‘ir jamoalar bilan tushib qoldik. “Nasaf”, “Paxtakor”, AGMK, “Navbahor”...Men Germaniyada o‘qib, malaka oshirib kelganman. Shuning uchun murabbiylik taktikamda jismoniy tomonlama ishlash asosiy o‘rinda turadi. Agar mening uslubimda o‘yinchilar jismonan tayyor bo‘lmasa, ular men o‘ylagan ko‘rsatmalarni bajara olmaydilar. Ularni avval jismonan tayyorlab olaman va keyin taktikaga o‘rgataman. Oyog‘ida kuchi bo‘lmasa yoki yugura olishmasa, mening taktikamni bajara olmaydilar. Tanaffusdan keyin qiyin raqiblarga qarshi uchrashuvlarda ochko olishga munosib edik. O‘sha etakchilarga qarshi o‘yinlarimiz faqat safarda o‘tdi va ular turnir jadvalida yuqori pog‘onalarda edi. Endi uyga borib biroz dam olaman. Keyin ko‘ramiz. “Andijon”da ishlab turgan paytimda menga Osiyodan taklif tushgandi. Lekin O‘zbekiston chempionatidan kuchsizroq. O‘shanda bunga jiddiy qaramagandim. Chunki bor e’tiborimni “Andijon”ga va klubni Superligada qoldirishga qaratgandim. Endi biroz xordiq chiqargach, ular bilan gaplashib ko‘raman. Ammo bu ham tajriba bo‘ladi. Balki o‘ylashimcha, o‘zimizni chempionatimizdan ham taklif tushib qolsa kerak.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
06/08/2021 21:04
Ёрк,инбек ука сизга маслах,атим сиз Андижонга к,айтинг ва у'смир 21 жамоасини бошк,ариб туринг кегинчалик ИНШАЛЛОХ, БОШ ЖАМОАНИ Х,АМ БОШК,АРАСИЗ АНДИЖОН МУХЛИСЛАРИ СИЗНИ КУТИШЯПДИ К,АЙТИНГ ЁРК,ИНБЕ СИЗ АНДИЖОНГА КЕРАКСИЗ