
"Messi 4 yil davomida 1400 ta ukol qabul qilgan" - Leoning shifokori
Lionel Messining bolalik davridagi shifokori Diego Shvartsshtayn argentinalik futbolchining o‘sha paytlardagi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni qanday bartaraf etgani haqida so‘zlab berdi.
- Uni menga davolanish uchun sevimli klubim "Nyuells Old Boyz"ning rahbarlari yuborgan. Ular minglab o‘g‘il bolalar borligini, ammo bu bola shubhasiz eng iste’dodlisi ekanligini aytishdi. Messi mening oldimga kelganida 10 yoshda edi, bo‘yi esa juda past - atigi 125 santimetr edi.
U hech qanday o‘sish jadvaliga to‘g‘ri kelmasdi. Nimadir noto‘g‘ri ekanligi aniq edi. To‘rt oy davomida batafsil tekshiruvlar o‘tkazildi. Uning oilasi boy emasdi va bu jarayonni yanada murakkablashtirardi. Ma’lum bo‘lishicha, Messi organizmida o‘sish gormoni etarlicha ishlab chiqarilmas ekan. Bunday nuqson bilan har 20 ming boladan bittasi tug‘iladi.
Men uni uch yildan ortiq davoladim. Leo futbol o‘ynash uchun hamma narsaga tayyor ekanligi ko‘rinib turardi. Ba’zilar tashqi ko‘rinish uchun, boshqalar qizlarga yoqish uchun bo‘yini oshirmoqchi bo‘ladi, Messi esa yuqori darajada futbol o‘ynash uchun balandroq bo‘lishni istardi. Men o‘shanda unga: "Bo‘ying haqida xavotir olma. Maradonadan balandroq bo‘lasan," dedim.
Chindan ham shunday bo‘ldi. Messining bo‘yi to‘rt santimetrga balandroq, Maradonaniki esa 165 sm edi. O‘shanda men faqat uning bo‘yi balandroq bo‘lishiga ishonardim. Endi esa Leo undan ham yaxshiroq ekanligini tushunib etdim.
Davolash har kuni oyoq yoki qo‘lga o‘sish gormoni ukoli qilishdan iborat edi. Biroq u hech qachon nolimas, juda qat’iyatli edi. Umuman olganda, muolajalar to‘rt yil davom etdi va u taxminan 1400 ta ukol oldi.
2000-2001 yillarda davolash xavf ostida qoldi. Muolaja oyiga 1300 dollar turardi. Argentinada katta iqtisodiy inqiroz boshlanganda, ko‘plab tibbiy sug‘urtalarda, xususan Messining otasi Xorxenikida ham muammolar yuzaga keldi. Biz yana bir necha oy zo‘rg‘a tirikchilik qildik, keyin men o‘qiyotgan Barselonaga borishga majbur bo‘ldik. Kataloniya klubi xarajatlarning bir qismini qopladi, ammo davolanishning 70 foizi biz jo‘nab ketishimizdan oldin Argentinada o‘tgan edi.
Bunday davolanishni dopingning bir turi deb o‘ylaydigan odam shunchaki ahmoqdir. Bu ukollar unga futbolchi sifatida hech qanday qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatmagan. Biz faqat uning imkoniyatlarini boshqalarniki bilan tenglashtirdik, xolos. Agar dori-darmonlar bo‘lmaganida, u 10-15 santimetr pastroq bo‘lib, hozirgi darajasiga yaqinlashishning ham iloji bo‘lmasdi.
Messi bilan so‘nggi marta 2014 yilda suhbatlashganmiz. Men "Barselona" o‘yinlarida bo‘lganman va uning otasi bilan juda yaxshi munosabatdaman," - deya ta’kidladi Shvartsshtayna "Super Express" nashriga bergan intervyusida uchun.
Fikrlar