
Messi endi yomg‘ir yog‘maydigan cho‘lda o‘ynaydi
Chili futbol federatsiyasi FIFA 2022 yilgi jahon chempionati saralash turniri doirasida Argentinaga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuv manzilini o‘zgartirishga ruxsat berganini ma’lum qildi.
Ushbu uchrashuv Santyago shahridan Kalamaga ko‘chiriladi. Kalama – Atakama cho‘lida, Loa daryosi bo‘yicha joylashgan shahar. Bu erda so‘nggi marotaba yog‘ingarchilik 1972 yilda kuzatilgan. Ungacha 400 yil davomida yomg‘ir yog‘magan. Dengiz sathidan 2300 metr balandlikdagi bu mintaqa quruq va sovuq ob-havoga ega.
Janubiy Amerika saralash turnirida Argentina terma jamoasi jahon chempionati yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Chili futbolchilari esa hozircha olti o‘rinda bormoqda va Kolumbiya, Peru, Urugvay hamda Boliviya bilan to‘rtinchi o‘rin uchun raqobatlashmoqda.
Chili va Argentina o‘rtasidagi bellashuv 27 yanvarga belgilangan.
Fikrlar