Messi yoki Ronaldu? "Oq-tepa"ni tark etish mojarolar bilan bog‘liqmi? - Zidanning qo‘shnisi bo‘lgan "Mash’al"ning ispaniyalik murabbiyi bilan eksklyuziv suhbat

  • 20 dekabr, 2020, 08:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha xabar berganimizdek, “Mash’al” klubi ispaniyalik Serxio Marinangeli bilan kelishuvga erishdi. Tabiiyki, bu xabar ko‘pchilikka qiziq tuyuldi.

Tecno

Joriy mavsum o‘rtalarida “Oq-tepa” klubining taklifiga binoan yurtimizga kelgan Serxioni hali yaqindan bilmasdik. Asosan “Oq-tepa”da faoliyat ko‘rsatganidan xabardor edik xolos.

To‘g‘risini aytganda, ushbu murabbiy bilan yaqindan tanishish va u bilan suhbatlashish rejamizdan o‘rin olgandi. Ammo qachon va qay tariqa uni amalga oshirish haqida o‘ylayotgandik. Uning “Mash’al” klubiga o‘tgani esa biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Natijada Marinangelini “qidirishga” tushdik va izlaganga tole yor deganlaridek, mehnatimiz samarasi o‘zini uzoq kuttirmadi. U bilan yaqindan tanishdik va suhbatlashish taklifimizga rozilik berdi.

Darvoqe, u asosan ispan tilida so‘zlashadi. Inglizchada esa oz-moz. Shu bois Serxio bilan suhbatda bizga yaqindan ko‘maklashgani uchun hamkasbimiz Abdulbosit Valixonovga ham o‘z minnatdorligimizni bildirishni lozim topdik.

-  Serxio, sizni “Mash’al” klubi bilan kelishuvga erishganingiz bilan tabriklaymiz. Lekin sizni hali o‘zbekistonlik muxlislar u qadar yaqindan bilmaydi. Faqat ma’lum muddat “Oq-tepa”da ishlaganingizdan xabardormiz. Dastlab o‘zingiz haqingizda ishqibozlarga kengroq ma’lumot bersangiz!

-  Salom, mening ismim Serxio Adrian Marinangelli. 36 yoshdaman. Argentinalikman, 17 yildan buyon Ispaniyada yashab kelaman. Men sobiq futbolchiman, Argentina, Ispaniya va Gretsiya jamoalarida to‘p surganman. Ammo ular oliy liga jamoalari emasdi. Ispaniyaning bir qator klublarida murabbiylik qilganman, asosan Madrid ligasida faoliyat olib borganman. 2012-2016 yillar mobaynida Ekvatorial Gvineya terma jamoasining murabbiylar shtabida ishlaganman. “Oq-tepa” klubi men bilan mavsum so‘ngigacha shartnoma tuzgandi. Shuningdek, menda Jeneva xalqaro maktabida futbol akademiyasi murabbiyi bo‘lib ishlash taklifi ham bor edi.

-  “Oq-tepa”ga kelgan paytingizda niyatlaringiz katta ekanligini aytgandingiz. Biroq u erdagi faoliyatingiz uzoq cho‘zilmadi. Bu nima bilan bog‘liq? Yoki “Oq-tepa”dagi faoliyatingiz orqali aytganda, u er siz o‘ylagandek emas ekanmi?

-  Mening rejalarim 100 foiz aniq edi. Ajoyib klubda ish olib bordim, aloqalarimiz doim yaxshi bo‘lib keldi. Menimcha, jamoa o‘yini ancha yaxshilandi, bunda mening va bosh murabbiyning xizmatlari bor. Natijalar kutilganidek bo‘lmadi, xolos. “Oq-tepa” eshiklarini qattiq yopmayman, men bu erga qaytaman, faqat berilgan imkoniyatdan foydalanib ko‘rishga qaror qildim.

serx

-  “Mash’al” klubi bilan kelishuvga erishganingizni ochig‘i kutmagandik. Bu taklif qanday paydo bo‘ldi? Bu jamoa nimasi bilan sizni o‘ziga jalb qildi?

-  Ushbu shartnomaning amalga oshishida “El Golaso” agentligi katta o‘rin tutdi. Mening loyihamni bir qancha vaqt mobaynida ko‘rib chiqishdi. Va nihoyat, kelishuvga erishdik. Bu hamkorlik qiziqarli bo‘lishi aniq. Kutilgan natijalar bo‘lishiga umid bildiramiz.

-  Futbolimizni yaqinda o‘rganishni boshladingiz. Ayting-chi, bu boradagi dastlabki taassurotlaringiz qanday? Sizga yoqqan va yoqmagan jihatlari nimada ko‘rinyapti?

-  Men o‘zbek futbolini bir necha yillardan buyon kuzatib kelaman, Madrid akademiyasida murabbiylikka o‘qigan davrimda o‘zbekistonlik do‘stim bo‘lar edi. Uning ta’siri ostida o‘zbek futbolini kuzata boshlaganman. Futbolingizdagi asosiy plyus tomon shundaki, sizlarda yaxshi futbol namoyish etish uchun barcha sharoitlar bor. Futbolchilaringiz ancha yaxshi darajada. Eng katta kamchiligingiz - futbolchilarning jismoniy holatida. Bu futbolingizni o‘sishdan to‘xtatib qo‘yuvchi eng katta omil.  Agar shu kamchilik bartaraf etilsa, sizning futbolingiz Osiyoda birinchi raqamli bo‘ladi.

serixo6

-  O‘zbekistonlik do‘stingiz kim?

-  Mening do‘stim Zokirjon Xoliqov. U bilan Madridda ikkinchi darajali murabbiy litsenziyasi uchun o‘qiganmiz. Unga meni Jahongir Usmonov bilan tanishtirib qo‘ygani uchun rahmat aytaman, u ham ajoyib inson va yaxshi do‘st

-  Aslida yurtimizda faoliyat olib borishingizdan asosiy maqsad nima? Bu erda nimadir o‘rganmoqchimisiz yoki futbolimizga qandaydir yangilik olib kirmoqchimsiz?

-  Mening ushbu davlatda ishlay boshlaganim sababini birdan tushuntirib berish qiyin masala. Bizning ishimiz har doim ham natija keltirmasligi mumkin. Men asosan futbolchilar bilan ishlayman, ularga Evropa darajasidagi futbolchi bo‘lib etishishi uchun yordam beraman, bu bir-ikki oyda hosil beradigan ish emas, vaqt talab qiladi. Biz futbolchilarga to‘g‘ri karera olib borish va kuchli futbolchi bo‘lish bosqichlarida yordam beramiz.

-  Odatda xorijlik mutaxassisning boshqa yurtda mehnat qilishining zamirida mablag‘ bilan bog‘liq masala asosiy o‘rinda turadi. Bilamizki, “Mash’al” mavsum davomida moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Sir bo‘lmasa, klubga qanday talablar qo‘ydingiz?

-  Ha, ko‘pchilik murabbiylar chetga o‘ziga xos maqsadlar bilan chiqadi. Men O‘zbekistonda har taraflama yaxshi muhitdaman. Ham insoniylik, ham professionallik jihatidan o‘sishga erishmoqdaman. Men oilamni tashlab “Oq-tepa”ga keldim va yana bir oilaga ega bo‘ldim.

serxio4

-  Chempionatimiz o‘yinlarini kuzatgan bo‘lsangiz kerak, sizga qaysi murabbiyning ishi yoqdi?

-  Uslublarni solishtirish qiyin masala, har bir jamoada o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan uslub mavjud. O‘z uslubiga ega bo‘lmagan klubda natija bo‘lmaydi. Televizorda futbol ko‘rayotib jamoa uslubi haqida gapira olmaysiz. Asosan “Paxtakor”da shakllangan uslub ko‘rganman. Ularning uslubi natijalarni kafolatlaydiganlar sirasiga kiradi.

-  Eshitishimizcha, o‘z vaqtida Marselo Belsaning ish uslubini yaqindan o‘rgangan ekansiz. Yana qaysi top-darajadagi mutaxassislarning ishini kuzatgansiz?

-  Men Zidan bilan ancha yaxshi tanishman, lekin yaqin do‘stmiz va yaqin aloqalarga egamiz deya olmayman. U mening mahallamda turadi va har gal uning uyi oldidan o‘ta turib, futbol haqidagi ikki og‘iz fikrlarini eshitishga harakat qilaman.

serxio22

-  Ajoyib-ku! Zidan bilan oxirgi marta qachon gaplashgansiz?

-  So‘nggi marotaba 3 oy oldin, O‘zbekistonga kelmasimdan ilgari ko‘rishgandim. U bilan non do‘konida ko‘rishib qolgandik va futbol haqida suhbatlashib uyga qaytgan edik.

-  Bunga qadar o‘zbek futboli haqida qanday tasavvurda edingiz? Futbolimizda kimlarni bilardingiz va bu erga kelib ish boshlagach, o‘zingiz uchun nimalarni kashf qilyapsiz?

-  Bu erga kelgunimcha ham mamlakat futboli haqida ba’zi narsalarni bilardim, ammo u qadar ko‘p emas. Kelganimdan buyon Pro-liga va Superliganing ko‘plab murabbiylari bilan uchrashishga erishdim va ko‘pchiliklari meni hayratda qoldirishdi. Ular futbolni his qila olishi bilan e’tiborimni tortdi.

-  “Mash’al” klubining o‘z o‘yin uslubi bor. Jamoa asosan akademiyasidagi yoshlarga tayanadi. Ayting-chi, siz jamoaga yangi uslub, ya’ni, yangi taktika va g‘oyalarni kirita olasizmi? Bu borada qanday rejalaringiz bor?

-  Men “Mash’al”ning futbol falsafasi haqida bilaman va nazarimda ular to‘g‘ri yo‘lda. Superliga jamoasida tajriba orttirish ajoyib bo‘lardi. Men ishga fidoiylik bilan yondasha olaman. Aminmanki, ushbu klubda men ko‘proq narsa o‘rganaman. Ularga bera oladigan narsamdan, o‘rganadigan jihatlarim ko‘proq.

serxio5

-  Serxio, siz “Real” klubida malaka oshirgan ekansiz. “Barselona” bilan “Real” doim jiddiy raqobatni yuzaga keltirishadi. Sizningcha, “Real”ni “Barsa”dan ustun tomoni nimada? Ispaniyada qaysi jamoaning muxlisi ko‘p?

-  “Barselona”ning eng katta yutug‘i u futbolchilarni o‘z akademiyasidan oladi (“Mash’al” kabi). “Real” esa futbolchilarni sotib oladi. Albatta, “Real”ning muxlislari ko‘proq.

-  Dunyoda Ronaldu va Messining muxlislari ko‘p va doim kim kuchli ekanligi katta muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ispaniyalik mutaxassis sifatida bu savolga qanday javob berasiz?

-  Messi so‘zsiz eng kuchli futbolchi. Ha, Ronaldu unga yaxshi raqobat ko‘rsata oldi, ammo baribir uni Messi bilan solishtirib bo‘lmaydi.

-  Ronaldu Ispaniyadan Italiyaga ketgani bu ispan La Ligasiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? “Real” uni sotish orqali xatoga yo‘l qo‘ygan, deb o‘ylaysizmi?

-  Ronalduning ketishi La Liganing muhim bo‘lagidan ayrilishini anglatdi, uning o‘rnini to‘ldirish hozircha imkonsiz.

serxio_1

-  O‘zbekistonlik Eldor Shomurodov Italiya A seriyasida to‘p suryapti va bu Evropaning kuchli beshlik chempionatidagi yagona o‘yinchimiz. Sizningcha, o‘zbekistonlik futbolchilar Ispaniya La Ligasida to‘p surishga salohiyati etarli, deb o‘ylaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, qaysi o‘yinchilarimiz Ispaniyada bemalol to‘p sura olishlari mumkin?

-  O‘zbekistonda bir qancha kuchli futbolchilar bor. Ular bemalol Evropaning kuchli chempionatlarida to‘p sura oladi. Marketing ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishsa, o‘zbek futbolchilarining Evropadagi bozori chaqqon bo‘ladi. Osiyo kubogida namoyish etgan o‘yiningizdan shunga amin bo‘lganmanki, yurtingiz futboli katta natijalarga erisha oladi va Qatardagi jahon chempionatiga chiqa olasizar.

-  Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat. Umid qilamizki, O‘zbekistondagi faoliyatingiz siz uchun muvaffaqiyatli kechadi.

-  Sizga ham rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!