
Messining orqasidan kim “pichoq urdi”? Yangi mojaro sabab, Leo “Barsa”dan ketadi!
Lionel Messi va “Barselona” o‘rtasida yana bir katta mojaro kelib chiqdi. Aslida o‘tgan mavsum yakunlanganidan keyin tomonlar munosabatini buzgan muammolarning ta’siri ketmay turib, yana kelishmovchiliklar avj oladigan bo‘ldi.
Bu galgi mojaro Ispaniyada katta mavqe’ga ega El Mundo nashrining “Barselonani barbod qilgan bitim” sarlavhasi ostida argentinalik futbolchi va “Barselona” o‘rtasida 2017 yilda tuzilgan oxirgi shartnomaning moliyaviy ma’lumotlarini e’lon qilgani sabab bo‘ldi.
Bu maqola ayni paytda iqtisodiy inqirozdan qutilish yo‘lini topa olmayotgan Kataloniya klubini yanada murakkab ahvolga solib qo‘ydi. Tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha shartnomaning moliyaviy ma’lumotlari maxfiy saqlanishi lozim edi va uni Messidan tashqari, yana uch kishi bilardi.
Argentinalik futbolchi va “Barselona” o‘rtasida 2017 yilda tuzilgan oxirgi to‘rt yillik bitimga binoan, Messi jami 555 million evroni qo‘lga kiritishi belgilangan. Shundan 138 million evro har mavsumdagi kafolatlangan yillik maosh va bonuslar hisoblanadi. Leo yana 115 million evroni bitimni imzolashga rozi bo‘lgani uchun “ko‘tarma puli” shaklida olgan. Uning klubga sadoqati uchun kataloniyaliklar 78 million evro miqdorida bonus taqdim etishi kerak. “Barselona”ni og‘ir ahvolga solgan ushbu bitim shu yilning 30 iyuniga qadar davom etadi.
Messining maoshi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lganidan keyin futbolchining o‘zi qattiq g‘azablangan. U maxfiy tarzda saqlanishi kerak bo‘lgan hujjatlar qanday qilib, omma e’tiboriga tarqatilganini tushunmay qoldi. Leo buni o‘ziga nisbatan xoinlik, deb qabul qildi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, argentinalik to‘purar klub ichida o‘ziga nisbatan g‘araz niyatda yurgan kimsalar borligidan xavotirda va yangi mojaro sababli, “Barselona”dan butunlay ketishga qaror qilgan.
O‘z navbatida, Kataloniya klubi ham vaziyatga oydinlik kiritishga kirishib ketdi.
- “Barselona” futbol klubi va futbolchi Lionel Messi tomonidan imzolangan o‘rtadagi shartnoma haqidagi ma’lumotlar El Mundo gazetasida chop etilganidan afsusdamiz. Bu tomonlarning kelishuviga ko‘ra, maxfiy saqlanishi kerak bo‘lgan ichki hujjat bo‘lganiga qaramay, ommaviy tarzda tarqatildi.
“Barselona”futbol klubi bu hujjatning chop etilishi bo‘yicha mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi, klubga tegishli maxfiy axborotlar sizdirilgani va chop etilgani ortidan klubga zarar etgan taqdirda, El Mundo gazetasiga nisbatan huquqiy chora ko‘radi.
“Barselona” futbol klubi Lionel Messini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va shu jamoa tarkibida o‘ynab, dunyo futboli tarixida eng yaxshi o‘yinchi bo‘lib qolayotgan futbolchi bilan klub o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga qaratilgan har qanday urinish va xatti-harakatlarni keskin qoralaydi, - deb bayonot tarqatdi “Barselona” o‘z rasmiy sayti orqali.
Kataloniya klubining mazkur bayonoti Lionel Messini zig‘irchalik ham qoniqtirgani yo‘q. Argentinalik to‘purar maoshiga doir ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalariga sizdirilgani ortidan klub rahbarlarini sudga berishga qaror qildi. Ayni paytda futbolchining advokatlari bu bo‘yicha ish boshlagani ma’lum qilindi.
Yana bir nufuzli nashr – Marca jurnalistlarining aniqlik kiritishicha, Messi uning maoshiga aloqador ma’lumotlarga ega bo‘lgan uch kishini sudga tortmoqchi. Bular “Barselona”ning sobiq prezidenti Xosep Mariya Bartomeu, futbolchi bilan shartnoma imzolanishiga mas’ul bo‘lgan ijrochi direktori Oskar Gau va ayni paytda klub prezidenti vazifasini bajarayotgan Karles Tusketsdir.
Bu voqea Lionel Messi va klub rahbariyati o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi. Qolaversa, klub iqtisodiy inqirozni ro‘kach qilib, futbolchi va xodimlar maoshini ayovsiz qisqartirayotgan bir paytda, jamoa sardorining jimgina yurib, yarim millard evrodan ortiq mablag‘ni “ilib ketishi” uning imijiga qanday ta’sir qiladi? U klubni qutqarish uchun maoshining katta qismidan kechishga rozi bo‘lgan va Messini etakchiligini tan olib, unga ergashgan jamoadoshlari ko‘ziga endi qanday qaraydi?
Shunday ekan, Messi yozda “Barsa”dan ketadigan ko‘rinadi...
Fikrlar