"Metallurg" kamida kuchli uchlikda bo‘lishi kerak?! Nega?

  • 9 iyun, 2022, 08:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligadagi tanaffus sababli klublar 17 iyundan boshlanadigan navbatdagi turga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Navbati bilan klublarimizning ishtiroki bo‘yicha to‘xtalib kelyapmiz va bu gal “Metallurg” haqida mulohaza yuritamiz.

Tecno

Bekobod jamoasi javdalda 9-o‘rinda ko‘rinish bermoqda. Ularning hisobida 9 ta o‘yin, 2 g‘alaba, 4 durang va 3 mag‘lubiyat bor. Raqiblar darvozasiga 6 ta gol urib 10 ta to‘p olib chiqqan. To‘plagan ochkolari 10 ta. Balki klubning ushbu natijalaridan kelib chiqib ko‘pchilik jamoa o‘ziga mos tarzda deyishlari ham mumkin. Lekin bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Metallurg” ham boshqalar qatori bu yil marrani katta olgan. Shunga tayanadigan bo‘lsak, bu jamoa uchun u qadar qoniqarli emas. Ayniqsa, g‘alabalari juda kam. Ularning ikkita qoldirilgan o‘yini bor. 5-turda “Paxtakor”ni qabul qilishi kerak edi. Bu bahs 4 iyulga ko‘chirilgan. Shuningdek, “Olimpik” bilan bahsi ham kechiktirilgan. O‘yin ushbu oyning 26-sanasiga belgilangan.

metal2

Bilasiz, “Metallurg”ni ispaniyalik Luisma Ernandes boshqaryapti. Aslida u klub akademiyasiga bosh mutaxassis sifatida o‘tgan yili kelgandi. Biroq asosiy jamoaning natijalari yaxshi tarafga o‘zgaravermagach, rahbariyat bosh murabbiy Jasur Abduraimovning o‘rnig vaqtinchalik Ernandesni tayinlashdi. Uning ishidan mamnun bo‘lgan mutasaddilar bu yilgi mavsumda ham klubni ispaniyalik murabbiy boshqarishini xohladilar va kelishuvga erishildi.

“Metallurg” chempionatni yomon boshlamagandi. Ilk turda AGMKni qabul qilib 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keyingi turda Qarshida “Nasaf” bilan mardonavor kurash olib borib, 1:1 hisobida durang o‘ynab qaytdi. 3-turda “Surxon”ni qabul qilib yana durang qayd etdi – 0:0. Xullas, shu tarzda mavsumni boshlagan bekobodliklar o‘z o‘yinlari bilan yaxshi taassurot qoldirayotgandilar. Lekin qarasak, jamoaning g‘alabasi cho‘zilib boraverdi. Vaziyat shunday bo‘ldiki, klub ilk g‘alabasini 4 martda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi g‘alabasiga 17 may kuni erishdi. O‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qildi. O‘sha uchrashuvda aslida bekobodliklar mag‘lubiyatga juda va juda yaqin turishgandi. 0:1 hisobini o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkita gol urib g‘alabaga aylantirishni uddalashdi. Aynan o‘sha g‘alaba tufayli “Dinamo”ni boshqargan Predrag Rogan iste’foga chiqishiga to‘g‘ri kelgandi.

metal1

“Metallurg” o‘sha ikkinchi g‘alabasiga qadar durang va mag‘lubiyatli o‘yinlarni o‘tkazib keldi. “Dinamo” mag‘lub etilgach, Yaypanda “Neftchi”ga qarshi saf tortgan bekobodliklar nokautga uchrab qaytdilar. Bir tur oldingi irodali g‘alaba jamoani ruhlantirmagani “Neftchi” bilan bahsda bilindi. Shu kuni Luisma Ernandes jamoasi o‘z darvozasidan uchta gol o‘tkazdi va javob qaytarish imkonini topa olmadilar.

Ushbu klub mana shunday natijalarni qayd etib tanaffusga chiqdi. “Neftchi”dagi mag‘lubiyatdan keyin 11-turda “Olimpik” bilan o‘yini qoldirilganligini yuqorida aytdik. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, shundan keyin Luisma Ernandes uyiga – Ispaniyaga borib kelgan. Hozirda jamoasi bilan navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Umuman aytganda, klubning natijalari haminqadar bo‘lsa-da, ispaniyalik murabbiyning ish uslubi, futbolga qarashi bo‘yicha boshqalardan iliq fikrlarni eshityapmiz. Yaqinda jamoa a’zolaridan biri bilan shu haqida o‘zaro gaplashganimizda u hali Ernandes kabi ishga yondashadigan murabbiyni ko‘rmaganini aytdi. Agar uning ko‘rsatmalarini to‘liq bajaradigan bo‘lsak, “Metallurg” kamida kuchli uchlikda bo‘lishi kerakligi haqida ham ta’kidladi. Agar shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, u holda futbolchilarga murabbiyning istaklarini amalga tatbiq etishda ijrolari etishmayotgan bo‘lishi mumkin.

metal4

Yil boshida tarkibda katta o‘zgarishlar ham bo‘ldi. Rahbariyat selektsiyani barvaqt boshlagan holda boshqalardan ko‘ra tarkibini ertaroq to‘ldirdi. O‘zlari xohlagan futbolchilar bilan shartnomalar imzolandi. Ana shunday futbolchilardan biri Zabihillo O‘rinboev bo‘lib, lekin hozircha bu hujumchi Superliga doirasida 9 ta o‘yinda maydonga tushib hali gol ura olgani yo‘q.

 Darvoqe, yaqinda klubning sodiq o‘yinchilaridan biri – Zohid Abdullaev faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Yozgi selektsiyada Ernandes tarkibda o‘zgarishga qo‘l uradimi-yo‘qmi, buni o‘zining falsafasidan kelib chiqib amalga oshirsa kerak. Ispaniyalik mutaxassisni yanada yaxshiroq bilishimiz, nimalarga qodirligini, o‘zi istagan o‘yin uslubini ko‘rishimiz uchun unga yana vaqt kerakligi yaqqol ayon. Rahbariyat ham shunday fikrda bo‘lsa kerak!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!