"Metallurg" uchun ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq! Selektsiya to‘g‘ri qilinganmi? G‘alabasiz o‘yinlar bosh murabbiyning taqdiriga ta’sir qilyaptimi? Jamoa boshlig‘i javob berdi

  • 8 avgust, 2021, 20:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubi oxirgi paytlarda muxlislarini ranjitib qo‘yyapti. Ayniqsa, kecha Bekobodda “Surxon” bir kishi kam bo‘lib maydon egalarini dog‘da qoldirib ketdi. Bu “Metallurg” uchun signal bo‘lishi kerak. Chunki jamoa mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan va bu vaziyatdan chiqib keta olmayapti.

Tecno

Ma’lumot uchun, “Metallurg” oxirgi marta 9-turda “Nasaf”ni 2:1 hisobida engdi. Shundan keyin faqat ochko ulashib kelyapti. 10-tur AGMK – “Metallurg” – 2:0, 11-tur “Metallurg” – “Navbahor” – 2:2, 12-tur “Turon” – “Metallurg” – 2:0, 13-tur “Metallurg” – “Qizilqum” – 1:2 va 14-tur “Metallurg” – “Surxon” – 0:1.

Klubning natijalari shu tarzda davom etar ekan, unda pastga sho‘ng‘ishda davom etaveradi. “Surxon”ga mag‘lubiyatga uchragani esa “Metallurg”ning o‘yinida muammolar borligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. Biz jamoa boshlig‘i Shavkat Saidov bilan klubga taalluqli ayrim masalalar bo‘yicha gaplashdik. Dastlab mutaxassis jamoasining kechagi mag‘lubiyati bo‘yicha izoh berdi.

saidov1

- Davralar oralig‘ida rahbariyat bilan gaplashgandik. O‘shanda ko‘proq iqtidorli o‘sib kelayotgan yoshlarga e’tiborni oshirish va ular bilan natijaga erishish vazifasini qo‘ydilar. Iloji boricha bu yil legionerlarsiz, o‘zimizni mahalliy futbolchilarni ko‘tarish ham oldimizga qo‘yilgan vazifalardan biriga aylandi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda qancha yoshlarimiz o‘ynadi? “Surxon” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham bir qancha yosh futbolchilarimiz maydonda to‘p surdi. Balki ularga biroz tajriba pand berayotgandir. Ertaga jamoamiz yig‘ilgan mahalda mag‘lubiyatlarni tahlil qilib chiqamiz. Har bir jamoani yil davomida natijalari barqaror bo‘lavermaydi. Shundan kelib chiqsak, balki biz hozir “yama”ga tushib qolgandirmiz. Biz mana shu “yama”dan tezroq chiqib ketishimiz kerak. Buning uchun yoshlarimizni ruhiy tarafdan qo‘llab-quvvatlashimiz va ularda motivatsiyani uyg‘otishimiz lozim. 15 kun yorug‘ bo‘lsa, 15 qorong‘u, degan gap bor. Biz mana shu qorong‘ulikdan chiqib ketish haqida o‘ylayapmiz. G‘alaba futbolchilarniki, mag‘lubiyat murabbiyniki, deyishadi. Bunday vaziyatda bir-birini aybdor qilmaslik kerak. Tarkibda yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan, murabbiylar shtabini ham yaxshi deb bilaman. Birgalikda echim topamiz. Bunday sharoit, baza, yaratilgan imkoniyatlar yaxshi. Masalan, yaqin kunlarda “El Golazo” bilan hamkorligimiz ostida akademiyamizning ochilishi bo‘ladi. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Natijani yaxshi tarafga o‘zgartirish qo‘limizdan keladi. Faqat yoshlarimizga tajriba etishmayapti.

Transfer oynasi ochilgan mahalda tarkibda ayrim o‘zgarishlar bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Bir qancha yangi o‘yinchilar taklif qilindi, ularning orasida yoshlar ham bor. Ammo shu bilan birga jamoa etakchilari ham “Metallurg” bilan xayrlashdi. Masalan, Doniyor Narzullaev, Ixtiyor Toshpo‘latov kabi o‘yinchilarning ketishi jamoa uchun yo‘qotish edi. Bosh murabbiyning tarkibda qilgan bunday o‘zgarishlariga jamoa boshlig‘i o‘z munosabatini bildirdi.  

saidov2

- Jasur Abduraimov bosh murabbiy bo‘lib kelganidan keyin Ixtiyor Toshpo‘latovga ham, Doniyor Narzullaevga ham imkoniyat berildi. Abduraimov bu o‘yinchilar bilan xayrlashishni birinchi vazifa qilib qo‘ygani yo‘q. Misol uchun, Abduraimovning o‘yin uslubi Shipilovniki bilan umuman boshqa-boshqa. Jamoamizni tark etgan futbolchilarga hozirgi murabbiyimiz past baho bergani yo‘q. Faqat bosh murabbiy bu o‘yinchilar haqida shunday dedi: “Ular mening o‘yin uslubimga unchalik mos tushmayapti, agar futbol o‘ynayman deyishsa, boshqa klublarga ketishiga qarshi emasman, ammo qolishiga ham qarshiligim yo‘q”, degan fikrni bildirdi. Futbolchilar bilan alohida gaplashib olganimizdan so‘ng, Toshpo‘latovni “Turon”ga ijaraga berdik. Narzullaevni “Nasaf”ga berdik va u erdan Javohir Karimovni oldik. Holbuki, Narzullaev yoki Toshpo‘latovning o‘yiniga e’tiroz bo‘lgani yo‘q. Faqat bosh murabbiyning uslubiga to‘g‘ri kelmadi.

saidov

“Metallurg” jamoasi boshlig‘i bilan gaplashishimizni asosiy sabablaridan biri bu bosh murabbiy masalasi bilan bog‘liq edi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Boisi, qoniqarsiz natijalar tufayli rahbariyat tomonidan hali ham bosh murabbiyga nisbatan ishonch o‘z kuchidami? Yoki murabbiyning kursisi qimirlab qolganmi? Shu haqda Shavkat Saidov Sports.uzga quyidagilarni ma’lum qildi.

- Jasur Abduraimov klubga taklif qilinganida vitse-prezident va prezident bilan “Bunyodkor” bilan o‘yin arafasida uchrashganlarida shaxsan o‘zim ham qatnashganman. Birinchi davra yakunlari bo‘yicha ham xuddi shunday tarzda yana rahbariyat bilan suhbat uyushtirildi. Aytishim kerakki, Abduraimovga to‘liq ishonch bildirilgan. Murabbiy ish boshlaganidan so‘ng, jamoa o‘yinidagi o‘zgarishlar, hujumkor futbol ko‘rsatish rahbariyatga ma’qul. Yoshlar bilan ishlash uchun unga kattaroq imkoniyat berildi. Bugungi kunda rahbariyat tarafidan bosh murabbiyga qat’iyan ishonch bildirilgan. Yoshlar bilan ishlash yo‘lida davom etiladi. Rahbariyat tomonidan akademiyamizga katta e’tibor qaratilishi birinchi masalaga aylangan. O‘zingiz bilasiz, akademiyani ishga tushirish, infratuzilmasini shakllantirish uchun yaxshigina sarmoya kerak bo‘ladi. Shuni hisobga olgan holda bir-ikki yil davomida yoshlarga e’tiborni oshirish, o‘zbek yigitlarini tarbiyalash va ularni munosib futbolchi sifatida shakllantirish maqsadi qo‘yilgan. Natijalar Abduraimovning faoliyatiga ta’sir qilmaydi.

metallurg

Hammasi ma’lum, “Metallurg”ning qoniqarsiz natijalari bosh murabbiyning taqdiriga sira ham ta’sir o‘tkazmaydi. Unday bo‘lsa, klub hozirgi vaziyatdan chiqib ketish echimini topdimi?

- “Metallurg”ni mavjud vaziyatdan olib chiqib ketish bo‘yicha echimini izlayapmiz. Bu borada mutaxassislar bilan fikr almashyapmiz. Ertaga murabbiylar shtabi bilan ham muhokama qilamiz. Lekin bu futboldagi oddiy holat. Balki keyingi uchrashuvlarda tarkibda rotatsiya bo‘lar. “Surxon”ga qarshi bahs “Metallurg”ning eng yomon o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Xuddi shu tarzda chempionatning birinchi turida “Surxon” maydonida ham eng yomon o‘yinni o‘tkazgandik, - dedi Saidov.

Qizig‘i shundaki, chempionatning ilk turida Termizdagi bahsda ham maydon egalari qo‘shimcha daqiqadagi yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritgandi. Bekoboddagi o‘yinda ham “Surxon” yana qo‘shimcha daqiqada gol urib yutib ketdi. Balki bu jamoa “Metallurg” uchun noqulay raqibga aylandimi?

metallurg3

- Statistikaga qarasangiz, aksincha, “Surxon” biz uchun qulay raqib sanaladi. O‘tgan mavsumlarda bu raqibni faqat yutganmiz. Biroq bu yil hisobidan chindan ham “Surxon” biz uchun noqulay raqibga aylandi. Balki “Qizilqum”ga qarshi uchrashuv natijasi ham yigitlarimizga ruhiy tomondan ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Yoshlarda yaqqol ko‘zga tashlanadigan narsa – bu barqarorlik etishmasligi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, Roziev 2002, Abdumajidov 2001, Ibrohimov 2001, Toshqo‘ziev 1998, Temirov 1999 yilda tug‘ilgan. Shu va yana boshqa yigitlarimiz o‘tgan yillar davomida hali barqaror o‘yin ko‘rsatmagan, Superligada. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev ham yoshlar haqida barqarorlik etishmasligi haqida ko‘p gapiradi. Biz ularga ishonishda davom etamiz va o‘z navbatida yoshlarda ham o‘zlarida ishonch uyg‘onsa, albatta bu vaziyatdan chiqib ketamiz, - deb so‘zini yakunladi, jamoa boshlig‘i.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!