
Millatlar Ligasi. Yo‘qotishlarga to‘la Angliya uchun so‘nggi imkon yoxud Belgiyaning “oltin avlodi” titul yutadimi? (prevyu)
Belgiya - Angliya qarama-qarshiligi haqida so‘z yuritishni boshlar ekanmiz, avvalo, ularning har ikkisi omadsiz terma jamoalar ekanligini aytib o‘tish joiz. Inglizlar futbolni o‘zlari “dunyoga keltirib”, unda etarlicha katta yutuqlarga erishmagan. Belgiya esa, o‘zining “oltin avlodi” bilan ham hech qanday titul yuta olmayapti. Ya’ni, jahon futbolida megayulduzlar kolonnasi g‘alabaga teng emasligi aynan “qizil iblislar” misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Grand jamoa bo‘lish instinkti nima ekanligini aynan Belgiyaning omadsizliklari misolida kuzatishingiz mumkin.
Ushbu bellashuvda g‘alaba qozonish ularga Millatlar Ligasi g‘olibligini kafolatlamaydi. Ammo final bosqichida ishtirok etish bu - ulkan imkoniyat.
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi bahsda ham, ochig‘i, adolatsiz hisob qayd etilgandi. Angliya terma jamoasi g‘alabasiga to‘liq hurmatni saqlagan holda aytishim kerakki, o‘sha kuni Belgiya hech bir jihatda raqibidan qolishadigan futbol namoyish etmadi. Keraksiz joyda sovg‘a qilingan penalti va Mauntning super zarbasi inglizlarga g‘alaba keltirdi. Karraskoning goli ofsayd sabab bekor qilindi, vaholanki, tortishib ko‘rsa bo‘lardi. Yana bir nechta vaziyatlarda Yannik gol urish imkoniyatini ko‘kka sovurdi. Lukakuning reydlari oldida “uch sherlar” himoyasining to‘rttala vakili ham ojiz qoldi.
Albatta, futbolda vaziyatlaridan maksimal foydalangan jamoa g‘alaba qozonib ketishi mantiqdan. Ammo VAR orqali ko‘rib chiqishga arziydigan jihatlarning bo‘lganligi biroz ko‘ngilni xira qiladi.
Belgiya
Roberto Martines shogirdlari o‘z uylarida kechadigan bellashuvlarda ancha ishonchli harakat qilib kelmoqda. Mezbon sifatida harakat qilgan so‘nggi 10 ta rasmiy uchrashuvida Belgiya faqat va faqat g‘alaba qayd etib kelyapti. Ushbu bahslarda 46 ta gol raqiblar darvozasiga joylangan. Jamoalarning o‘zaro bellashuvlaridagi natijalari ham qiziqarli ko‘rinish olgan: 2 tadan g‘alaba har ikkala tarafda va 2 ta durang.
Belgiyada Azarning o‘ynamasligi biroz xafa qiladigan holat. Biroq, “Real”ga o‘tgach, jarohatlar girdobidan chiqa olmayotgan vingerning yo‘qligiga ko‘pchilik o‘rganib ham qoldi.
Ammo raqibning yo‘qotishlari oldida ularniki u qadar katta emas. Ustiga-ustak, Salemakers va Trossard singari bir qator yaxshi jarajali futbolchilar tarkibga qaytdi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Alderveyreld, Denayer, Boyata, Mene, Tilemans, Vitsel, Torgan, De Bryuyne, Mertens, Lukaku.
Angliya
Garet Sautgeyt oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘payib ketdi. Sentyabr oyidagi yig‘inda Meyson Grinvud va Fil Foden tartibsizlikka yo‘l qo‘ygan holda inglizlarni jahon futboli jamoatchiligi oldida sharmanda qilgandi. Ularning beodobligini bosh murabbiy jiddiy jazolanadi, deya va’da bergandi. Ha, Sautgeyt o‘z va’dasi ustida turib, jamoasidagi muhitni yaxshi holatda saqlab qoldi.
Endi esa futbol vatani vakillari jarohatlar to‘la tarkib bilan o‘z guruhi etakchisi maydoniga etib kelgan.
Angliyada ham raqiblari singari bir qator quvonarli statistikalar mavjud. Misol uchun, so‘nggi 4 ta mehmondagi o‘yinda ular gol o‘tkazib yubormay, g‘alaba qozonmoqda.
“Uch sherlar” Bryusselda so‘nggi bor 1970 yilda o‘ynagandi. 50 yil avval bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmonlar 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi.
Bugungi g‘alaba o‘sha o‘yindagidan ortiqroq foyda keltirgan bo‘lardi. Chunki, yarim asr avvalgi bahs o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida bo‘lib o‘tgandi. Bugun angliyaliklar Millatlar Ligasi pley-offi ilinjida maydonga tushmoqdalar.
Taxminiy tarkib: Pikford, Uoker, Kin, Dayer, Tripper, Xenderson, Rays, Chiluell, Sterling, Sancho, Keyn.
Murabbiylar
Roberto Martines: “Oktyabr oyida kechgan bahsni to‘liqligicha o‘z nazoratimizda o‘tkazgandik. Ikkinchi taymda qo‘limizda turgan g‘alabani boy berdik. Ikkinchi 45 daqiqalikda biz o‘yinimizga anchagina qo‘sha oldik. Birinchi taymni juda ajoyib kayfiyatda yakunlagandik. Ertaga bizda yana bir marotaba o‘zimizni sinab olish imkoni bor. Yuqori darajali o‘yinimizni 45 daqiqadan 90 daqiqaga cho‘za olishimiz lozim”.
Garet Sautgeyt: “Biz moslashuvchan bo‘lishga majburmiz. Taktik sxemalardan foydalanish bo‘yicha do‘stlarimiz bilan maslahatlashib olishimiz zarur. Futbolchilar o‘zlarining salohiyatlariga va amalga oshirayotgan qarorlarining to‘g‘riligiga to‘liq ishongan taqdirdagina ushbu muhim o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ladilar. Jamoada hamma o‘ziga yarasha etakchilik jihatlariga ega va turli vazifalarni bajargan holda etakchilik qilishadi. Jamoamizda ko‘p gapirmasa ham, etakchilikni o‘z qo‘lida saqlab qolishga qodir bo‘lgan futbolchilar etarli”.
Xulosa o‘rnida
Bugungi o‘yinda jamoalar gollarga boy bellashuvni e’tiborimizga havola etishi aniq. Belgiya so‘nggi 23 ta uchrashuvning barchasida gol urib kelmoqda.
Bugungi uchrashuvda Angliya qanot vingerlariga tayanib harakat qilishi kutilmoqda. Aynan ular o‘yindagi burilish nuqtaga aylanishi mumkin.
Shu qadar ko‘p jarohatlar bilan ham, inglizlar tarkibida etarlicha tanlov imkoniyati borligi ularga nisbatan hurmatimizni oshiradi.
Sautgeyt shogirdlari tashabbusni qo‘lga olishga majburlar. Sababi, g‘alabadan boshqa har qanday natija ularning ahvolini g‘oyat qiyinlashtirib yuboradi.
Roberto Martines jamoasida esa qarshi hujumlarda ulkan imkoniyatlar paydo bo‘lishi aniq. Ular bexato himoyalanib, raqibni munosib kutib olsa va hujumlarga javob berib tursa bo‘lgani.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar