
Millionlar evaziga boshqa klubga ko‘chib o‘tgan murabbiylar! Bu ro‘yxat sizni hayron qoldiradi!
«RB Leytsig» klubi Yulian Nagelsmanni «Bavariya»ga qo‘yib yuborishi evaziga 25 million evro ishlab olganidan xabaringiz bor. Avvaliga, myunxenliklar yosh mutaxassisni qo‘lga kiritish maqsadida 20 million taklif etdi, lekin rad javobini oldi. Shunga qaramay, «FK Gollivud» o‘z maqsadiga etdi. Xo‘sh, bunday holatlar avval ham futbol olamida kuzatilganmi? Eng katta summa evaziga boshqa jamoaga qo‘yib yuborilgan murabbiylar kim? Shu va boshqa savollarga bugun javob berib o‘tishga harakat qilamiz.
25 millionlik murabbiy!
Aslida, bu summa qog‘ozda, xolos. Barcha bonuslar berilgan taqdirdagina umumiy qiymat 25 «limon»ni ko‘rsatishi shartnomada belgilab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsada, Joze Mourinoning rekordini yangilash uchun shuning o‘zi kifoya. «Buqalar» murabbiyi voqealar rivoji bunday tus olganidan xursand ekanligini yashirib o‘tirmadi.
«RB Leyptsig»dagi faoliyatim davomida futbolchilar bilan birgalikda ajoyib damlarni boshdan o‘tkazdim. Bu erni yurakdagi og‘ir dard bilan tark etaman, lekin baxtliman. Menga o‘zgacha jamoani boshqarish imkonini taqdim etishdi. Ko‘plab kitoblarning asosiy mavzusiga aylagan «Bavariya»da faoliyatimni davom ettirish men uchun sharaf.
EChL yarim finaliga qadar etib borganimizni hech qachon unutmayman. Bu hayotimdagi eng shirin damlar bo‘lgan. Hozir xayrlashishga erta. Amalda, «RB Leyptsig» a’zosiman. Afsuski, yozda ketaman. Hech qachon «Bavariya» bosh murabbiyi kursisiga bo‘lgan ishtiyoqimni yashirmaganman. Bu fantastik imkoniyat! «Buqalar» rahbarlaridan minnatdorman. O‘z vaqtida, meni qo‘yib yuborgani va myunxenliklarning taklifiga rozi bo‘lgani uchun. Barcha-barchaga rahmat!»
Futbol olamidagi eng qimmat murabbiy
Murabbiylar bilan shartnoma imzolash uchun klublarning pul to‘lashi futbol olamida har kuni ham uchrayvermaydi. Hozirda klublar ishsiz mutaxassislar bilan shartnoma imzolashni afzal ko‘radi. Shuningdek, mutaxassislarning 65 foizida o‘zi istagan ketish huquqini beruvchi bandlarga ega shartnomalar mavjud. Nagelsmann esa, qolgan 35 foiz murabbiylar qatorida edi. Myunxen jamoasi rahbarlari yangi erani boshlash maqsadida aynan Yulian Nagelsmanni tanladi. Hatto, 25 million evro ham ularni qaroridan qaytargani yo‘q.
E’tiborlisi shundaki, »RB Leyptsig« ham o‘z vaqtida Nagelsmanning shartnomasini sotib olgan edi. 2018 yilda »buqalar« »Xoffenxaym« murabbiyi uchun 5 milliondan voz kechadi. 2018/19 yilda esa, uni klubga olib keladi. Endi esa, »Bavariya«ga 5 barobar foyda bilan qo‘yib yubordi. Bundan ko‘rinib turibdiki, 33 yoshlik mutaxassisning transfer summasi allaqachon 30 milliondan ortib ketdi.
So‘nggi yillarda nemis klublari bu holatni urfga kiritdi. Misol tariqasida »Borussiya M«ni »Borussiya« Dortmundga 5 million evro evaziga almashtirgan Marko Rozeni ko‘rsatish mumkin. Yozda murabbiy Dortmundga ko‘chib o‘tadi. »Borussiya M« Rozening o‘rnini 7,5 million evro evaziga »Ayntraxt« klubi murabbiyi - Adolf Xyutter bilan to‘ldiradi. Bir mavsumning o‘zida Bundesliganing 3 klubi yangi murabbiy uchun kompensatsiya to‘lamoqda.
Bu holat avval ham sodir bo‘lgan. «Transfermarkt» portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar 13 murabbiy boshqa jamoaga pul evaziga ko‘chib o‘tgan. Ularning eng kammi 5 million evro klub g‘aznasiga tushirgan. Birinchilardan bo‘lib »Manchester Siti« bunday tryukni amalga oshiradi. 2008 yilda »Blekbern«ga »Siti« Mark Xyuzning shartnomasini bekor qilish maqsadida 5 million funt to‘lab bergan. 1,5 yil davomida jamoani boshqargan Mark 2009/10 yilgi mavsum o‘rtasida o‘z o‘rnini Roberto Manchiniga bo‘shatib berdi.
Nagelsman transferi uchun ikki klub pul to‘lagan yagona mutaxassis emas. Undan avvalroq Brendon Rojers bu yo‘lni bosib o‘tgan. Avvaliga (2012 yilda) »Suonsi« uni »Liverpul«ga 6.2 million evaziga qo‘yib yuborgan bo‘lsa, keyinroq »Lester« (2019 yilda) »Seltik"ka shimoliy irlandiyalik uchun 10 million to‘ladi.
Yulian Nagelsmanga qadar Joze Mourino bu ro‘yxatni 10 yildan ortiq boshqarib keldi. Portugaliyalik «Inter» bilan amalga oshirgan treblidan so‘ng, «Real» Madridga taklif etildi. Milanliklar «Real»ga 16 million evro sababligina Jozeni qo‘yib yuboradi. Oradan bir yil o‘tgach, Roman Abramovich «Portu»ga Andre Villash-Boash uchun 15 million evro to‘lab berdi. O‘tgan yili esa, «Sporting» rahbarlari «Braga» ustozi - Ruben Amorim uchun 10 milliondan voz kechdi. E’tiborlisi shundaki, bu ish o‘zini oqladi. Joriy mavsum yakunida Ruben «sherlar»ni Portugaliya chempionligi sari dadil boshlab bordi.
Futbol olamida amalga oshgan barcha murabbiylar transferi
11-13 o‘rin. Yulian Nagelsmann (Germaniya) — «Xoffenxaym»dan «RB Leyptsig»ga 2019 yilda 5 mln evro
11-13 o‘rin.Peter Bosh (Niderlandiya) — «Ayaks»dan «Borussiya D»ga 2017 yilda 5 mln evro
11-13 o‘rin. Marko Roze (Germaniya) — «Borussiya M»dan «Borussiya D»ga 2021 yilda 5 mln evro
10 o‘rin. Mauritsio Sarri (Italiya) — «Chelsi»dan «Yuventus»ga 2019 yilda 5.5 mln evro
9 o‘rin. Ronald Kuman (Niderlandiya) — «Sautgempton»dan «Everton»ga 2015 yilda 6 mln evro
7-8 o‘rin. Brendan Rodjers (Shimoliy Irlandiya) — «Suonsi»dan «Liverpul»ga 2012 yilda 6.2 mln evro
7-8 o‘rin. Mark Xyuz (Uels) — «Blekbern»dan «Manchester Siti»ga 2008 yilga 6.2 mln evro
6 o‘rin. Adolf Xyutter (Avstriya) — «Ayntraxt F»dan «Borussiyu M»ga 2021 yilda 7.5 mln evro
5 o‘rin. Ruben Amorim (Portugaliya) — «Braga»dan «Sporting»ga 2020 yilda 10 mln evro
4 o‘rin. Brendan Rodjers (Shimoliy Irlandiya) — «Seltik» dan «Lester»ga 2019 yilda 10.5 mln evro
3 o‘rin. Andre Villash-Boash (Portugaliya) — «Portu»dan «Chelsi»ga 2011 yilda 15 mln evro
2 o‘rin. Joze Mourino (Portugaliya) — «Inter»dan «Real»ga 2010 yilda 16 mln evro
1 o‘rin. Yulian Nagelsmann (Germaniya) — «RB Leyptsig»dan «Bavariya»ga 2021 yilda 25 mln evro
Fikrlar