MMA bo‘yicha professionallar o‘rtasidagi turnir taassurotlari yoxud promoushenga ehtiyoj bormi?
23-25 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi MHSK sport majmuasida MMA bo‘yicha professionallar o‘rtasida turnir o‘tkazildi. Mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqa juda tomoshabop va shiddatli tarzda bo‘lib o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Turnir yakunidagi g‘olib va sovrindorlarga e’tibor qaratsak, chempion bo‘lganlar orasida yurtimiz MMA olamida o‘z nomiga ega bo‘lganlarini ham ko‘rishimiz mumkin. Ular darhaqiqat, kuchli ekanliklarini isbotladi. Shuningdek, yangi iste’dodlar ham kamol topayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, 120 kg vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan, Azamat Nuftillaevning professional rekordiga e’tibor bersak, 4-0 natijani ko‘rishimiz mumkin. U mag‘lubiyatsiz odimini davom ettirgan holda, FFC - Falco Fighting Championship promousheni chempioni hisoblanadi. 65.8 kg vaznda g‘olib bo‘lgan, Islom Mahammatjonov ham 3-0 rekordga ega va ahamiyatli jihati u anchagina kuchli bo‘lgan, Chexiya promousheni XFNda bitta jang o‘tkazib, raqibini 35 soniyada nokautga uchratgan edi. Ancha yillar avval faoliyatini boshlab, 6 yillik tanafussdan keyin yana oktagonga qaytgan Shohasan Mirzamatov ham ilk bora o‘tkazilgan ushbu musobaqada o‘rta vazn toifasida (83.9 kg) g‘olib bo‘ldi.

Shuningdek, Jahongir Jumaev, Jasur Mirzamuhamedovlar ham qo‘l jangi va boshqa yakkakurash turlarida o‘z so‘zini ayta olgan atletlar hisoblanadi. Demoqchimanki, aynan shunday saviyadagi jangchilarning ishtiroki ham turnir saviyasini va nufuzini oshirib yubordi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda professionallar o‘rtasidagi turnirda tom ma’nodagi professionallar o‘z so‘zini ayta olish barobarida xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatlari shunchaki tasodif emasligini isbotlashdi.
Yana bir quvonarli jihat yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha ham kuchli raqobat yuzaga kelayotganligidir... Turnirda ishtirok etgan ko‘plab yoshlarimiz tajribali raqiblariga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va kelajakda ulardan yuqori natijalar kutishimiz mumkinligiga ishontira oldilar. Super engil (56,7 kg) vaznda Hasan O‘roqov kuchli va tajribali raqiblarini mag‘lub etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, o‘ta engil vazn (61,8 kg) toifasida Jasurbek Anorboev ham chempionlik nashidasini surdi. Yarim o‘rta vazn (77,1 kg) da Samandar Sattorov, yarim og‘ir vazn(93.8 kg) toifasida esa Shahboz Ortiqovga teng keladigani topilmadi.
Xullas, ushbu turnir ko‘rsatdiki, bizda etarli xom-ashyo mavjud va bundan unumli foydalanish lozim. Ya’ni, yurtimizda juda ko‘plab, yoshlar MMA olamiga kirib kelmoqda. MMAning ommaviyligi oshib, chekka-chekka hududlarda ham ushbu sport turi rivojlanib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Albatta, biz uchun bir necha yillar avval assotsiatsiyaning ochilishi shunchaki orzu edi. Garchi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi o‘z faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, salmoqli ishlarni amalga oshira oldi. Ilk bora tashkil qilingan havaskorlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston kubogi va professionallar o‘rtasidagi turnirlar yuqoridagi gapimizga misol bo‘la oladi. Qolaversa, “GFC 20” turnirining Toshkentda tashkil etilishi ham muxlislar uchun o‘ziga xos tortiq bo‘ldi.
Asta-sekin barcha qilinishi kerak bo‘lgan ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, yurtimizda promoushen ham ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ehtimol, bu borada ham ishlar allaqachon boshlab yuborilgandir. Chunki, jahon tajribasiga e’tibor qaratsak, odatda, promoushenlarning o‘rni yuqori sanaladi. AQSh MMA federatsiyasi yoki assotsiatsiyasidan ko‘ra, UFC, «Bellator» ko‘proq mashhurlikka ega yoki Rossiya MMA olamida ham federatsiyadan ko‘ra, ACA, Fight Night, M-1, GFC degan jumlalarni ko‘p eshitamiz. Qo‘shni Qozog‘istonda ham bir nechta shunday promoushenlar mavjud, ular orasida “Alash Pride»ni alohida ta’kidlab o‘tsak bo‘ladi yoki Qirg‘izistonning WEF tashkilotini aytib o‘tishimiz mumkin. Xullas, barcha professional jangchilarimiz ham xorij promoushenlari bilan shartnoma imzolay olmaydi. Shunday ekan, ularni tavsiya qilish, bevosita xorijlik menejerlar kuzata olishi, qolaversa moliyaviy jihatini ham inobatga olib, o‘zimizda ham muntazam shunday janglar tashkil qiluvchi promoushenni tashkil qilish kerak nazarimizda...

Shubhasiz, barchasi mablag‘ga borib taqaladi. Lekin marketing yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, bu ham o‘z echimini topsa kerak. Har qanday jang kechalari pandemiya bartaraf etilsa, muxlislar bilan to‘lib-toshishi aniq. Ayniqsa, xorijlik jangchilarning ishtiroki yo‘lga qo‘yilsa, yanada qiziqish ortishi turgan gap. Balki, vaqti kelib, translyatsiyadan ham katta mablag‘ topish mumkin bo‘lar... Lekin bir narsa aniqki, promoushen tashkil etilishi yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlanishi, UFC, “Bellator” “One Championship” kabi jahonning eng kuchli promoushenlarida saviyali, kuchli jangchilarimiz ko‘payishini ta’minlaydi. Shuningdek, turizm rivojiga ham qaysidir ma’noda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tayin.
Albatta, “katta karvon” endigina yo‘lga tushdi. Tez orada bunday voqeyliklar ham amalga oshishiga ishonchimiz komil. Zero, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasining tashabbuslari va faoliyati bizni shunday fikr bildirishimizga sabab bo‘lmoqda!
Fikrlar