
MMA: O‘zbekiston Kubogiga oid statistik ma’lumotlar bilan tanishing!
Ayni kunlarda qadimiy Buxoro shahrida o‘ziga xos tarixiy musobaqa start olgan. Ya’ni, MMA bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida ilk O‘zbekiston Kubogi o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, birinchi O‘zbekiston chempionati bahslari mart oyida Toshkent shahrida tashkil qilingandi. 25-27 sentyabr sanasini o‘z ichiga olgan mazkur birinchilikning an’anaviy vazn o‘lchash marosimlari va dastlabki saralash bahslari 25 sentyabr kuni o‘z yakuniga etdi. Bugun qolgan saralash va keyingi bosqich janglari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Kubogi bahslarida 12 ta viloyat, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Mudofaa vazirligi o‘z jamoalari bilan ishtirok etmoqda. Shuningdek, ushbu turnir 16-17 yosh va 18 va undan kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. 16-17 yoshlilar 9 ta, ya’ni 52, 57, 61,2, 65,8, 70,3, 77,1, 83,3, 93, 120 kg vazn toifalarida kuch sinashayotgan bo‘lsa, kattalar o‘rtasida ushbu vazn toifalariga +120 kg ham qo‘shilgan. Yoshlar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent viloyati hamda Surxondaryo viloyati to‘liq tarkib bilan ishtirok etayotgan bo‘lsa, kattalar o‘rtasida esa birgina Toshkent viloyati barcha vazn toifasida o‘z vakillariga ega.16-17 yoshlilar o‘rtasida jami, 88 nafar, kattalarda esa 116 ta jangchi g‘oliblik uchun bahsga kirishgan.
Xullas, O‘zbekiston Kubogiga oid statistik ma’lumotlar shulardan iborat. Musobaqa natijalari va boshqa yangiliklarni muntazam yoritib borishga harakat qilamiz. Voqealar rivojini bizda kuzatib boring.
Fikrlar