
"Murabbiyni taktikasiga to‘g‘ri kelmadik shekilli, o‘zim ham ketmoqchi bo‘lib yurgandim" - "Buxoro"dan ketgan futbolchi endi qaerga boradi?
Xabaringiz bo‘lsa, “Buxoro” safini bir qator o‘yinchilar tark etgani xususida yaqinda Sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tdik.
Klubdan ketgan futbolchilar orasida yarim himoyachi Jasur Azimov ham bor. Iqtidorli o‘yinchi buxoroliklar safiga o‘tgan yining yozida borib qo‘shilgandi. Deyarli bir yillik faoliyatdan so‘ng jamoa bilan xayrlashdi. Sports.uz jurnalisti Azimov bilan aloqaga chiqdi.
- Jasur, “Buxoro”ni tark etganingizni eshitdik, nima bo‘ldi?
- Murabbiyni taktikasiga to‘g‘ri kelmadik shekilli, jamoadan ketdik. Ikki tomon kelishgan holda xayrlashdik.
- Vaziyat siz uchun kutilmaganda yuz berdimi yoki aslida ham voqealar rivoji shunga qarab ketayotganmidi?
- Ulug‘bek Baqoev kelganidan keyin bitta uchrashuvda ishtirok etdim. Keyin O‘zbekiston Kubogida “Turon”ga qarshi uchrashuvda jarohat oldim. Shundan so‘ng o‘ynaganim yo‘q. O‘z uyimizda “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvdan keyin murabbiylar shunaqa qaror qilishibdi. Mayli, ularning qarorini hurmat qilamiz. O‘zim ham birinchi davradan so‘ng ketmoqchi bo‘lib yurgandim. Faqat birinchi davrani tugatib qo‘ygach, keyin ketishni o‘ylagandim. Lekin ular ertaroq harakat qildi, biz ham rozi bo‘ldik.
- “Buxoro”da avvaliga Fuzaylov, keyin Baqoev ishga kirishdi. Ammo natijalar o‘zgarmayapti. Klubga nima etishmayapti, deb o‘ylaysiz?
- Ko‘rgan bo‘lsangiz, bizga Hakim Fuzaylov paytida biroz omad etishmadi. Hamma uchrashuvda muxlislarga yoqadigan hujumkor futbol o‘ynayotgandik. Faqat xatoimiz – vaziyatlardan foydalana olmayotganimizda edi. Shuning evaziga jamoamizga omad etishmayotgandi. Ulug‘bek Baqoev kelgach, menimcha hali o‘zining futbolini o‘yinchilarga singdira olmadi. Yana bilmadim. Ammo shunaqa bo‘lsa kerak. Biz u so‘rayotgan narsani eplay olmayapmiz.
- Aslida murabbiy o‘zgarishi to‘g‘ri bo‘ldi, degan fikrdamisiz?
- Murabbiy o‘zgarishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini natija aytib turadi. Natija yaxshi bo‘lsa, qilingan o‘zgarish to‘g‘ri bo‘lgan bo‘ladi. Agar natija ko‘ngildagidek chiqmasa bu o‘zgarish xato qilingan hisoblanadi. Buni rahbariyat hal qiladi. Biz oddiy futbolchimiz, hech narsa deya olmaymiz. Rahbariyat kim bilan desa o‘sha murabbiy bilan ishlaymiz. Menimcha, “Buxoro” jamoasi bu yil Superligada qoladi. Ikkinchi davrada Xudo xohlasa, jamoa o‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib olsa kerak. Bunga vaqt kerak. “Buxoro”ga omad tilab qolaman. Muxlislari doim sog‘-salomat bo‘lishsin.
- Jasur, keyingi rejangiz qanday? Oldingizda yangi variantlar bormi?
- Hozir o‘z uyimda Samarqandda “Dinamo” jamoasi bilan shug‘ullanib turibman. Vadim Abramovga meni jamoa bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etishimga sharoit yaratib bergani uchun rahmat. “Dinamo”da sport formamni ushlab turibman. Variantlar bor, o‘zimizdan ham, chetdan ham. Nasib qilsa, biror-bir klubda ko‘rinish beramiz.
- Qaysi mamlakatlardan qiziqishlar bo‘lyapti?
- Asosan sharq davlatlari - Malayziya, Indoneziya, Bangladeshdan variantlar bor. Agentlar so‘rashyapti.
- O‘zingizga qolsa, yozda Superligada qolmoqchimisiz yoki ketganim yaxshi deb hisoblaysizmi?
- Niyatim o‘zimga qolsa, faoliyatimni Superligamizda davom ettirmoqchiman. Kelasi yildan legionerga aylanmoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar