Murod Xolmuhammedovdan "Bunyodkor"dan nega qaytib kelgani, standartlar ustasi, "Paxtakor"ning yana chempion bo‘lishiga ishonayotgani haqida

  • 5 mart, 2020, 21:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” dastlabki turda “Buxoro”ni qabul qildi va javobsiz uchta gol urib, yirik hisobidagi g‘alabani tantana qildi. Natijada ilk turdanoq muxlislariga o‘zgacha quvonch ulashdi. Buning ustiga o‘sha bahsda qo‘qonliklarning sardori va etakchisi Murod Xolmuhammedov yana o‘zini ko‘rsatdi. Himoyachi bo‘lishiga qaramasdan raqib darvozasiga ikkita gol urdi. Ochig‘i, bu futbolchi bilan mavsum boshlanmasidan oldin muloqotga kirishishni mo‘ljallab kelayotgandik. Ayniqsa, qishda “Bunyodkor”ga ijaraga ketib, oradan ko‘p o‘tmasdan yana “Qo‘qon-1912”ga qaytib kelganidan so‘ng ushbu masala bo‘yicha o‘zi bilan fikr almashish niyatida edik. Lekin bu istagimiz cho‘zilib kelayotgandi. Nihoyat, yangi mavsum boshlanib, ilk turdayoq o‘yin qahramoniga aylangan futbolchi bilan o‘zimiz qiziqtirgan barcha masala bo‘yicha muloqot qildik. Murod esa dastlab “Buxoro”ga qarshi uchrashuvdagi ajoyib g‘alaba haqida gapirdi.

Tecno

- Baribir bu chempionatning birinchi o‘yini edi, buning ustiga o‘z maydonimizda o‘ynayotgandik, - deya gap boshladi futbolchi. - Bunday jarayonda ozmi-ko‘pmi, baribir hayajon bo‘ladi. O‘ylaymanki, mavsumning ilk turida har qanday futbolchida bunday holat seziladi. O‘zi shundoq ham o‘yinchilar chempionat boshlanishini intizorlik bilan kutadilar. Chunki muxlislar qatori o‘zimiz ham katta futbolni sog‘ingandik. Qishki yig‘in davomida mavsumga shuncha tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘risini aytsam, ko‘rilgan jiddiy tayyorgarlikka yarasha chempionatni o‘z muxlislarimiz qarshisida ishonchli g‘alaba bilan boshlamasak ham uyat bo‘lardi. Aks holda biz o‘z ishqibozlarimiz oldida juda noqulay ahvolga tushib qolgan bo‘lardik. Ayniqsa, mavsumning birinchi turida barcha klublar hali o‘ziga kela olmagan, o‘yin sifati to‘liq shakllanib ulgurilmagan bo‘ladi. Ya’ni, bunday paytda deyarli barcha ishtirokchilar bir xil holatda bo‘ladi. Faqat kimda g‘alaba uchun ishtiyoq ko‘proq bo‘lib, buning uchun harakat qilsa o‘sha jamoa yutadi. Menimcha, dastlabki turlar mana shunday tarzda kechadi. Ya’ni, aksar jamoalarning o‘zlariga kelib olishlari uchun vaqt kerak. Qolaversa, ko‘plari tarkiblarini yangilagan. Masalan, bizda ham asosiy tarkibimizdagi 6-7 nafar o‘yinchilar almashtirildi. Bizga ham ular bilan tushunib ketgunimizgacha vaqt kerak bo‘ladi. Shuncha hayajonga yarasha muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishini Xudodan so‘ragandik. Shukrki, niyatimizga erishdik. Endi bunday g‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin.

xolmuhammedov4

“Qo‘qon-1912” jamoasining asosiy quroli – bu standart vaziyatlar ekanligini endilikda hamma yaxshi biladi. Chunki “Buxoro”ga qarshi bahsda mezbonlar ikkita golni aynan jarima zarbalari orqali kiritishdi. Bu borada esa jamoa etakchisi va sardori Xolmuhammedov yana “katta sahna”ga chiqdi. Qiziq, Murod o‘sha golli standart vaziyatlarni amalga oshirishda aniqlikni hisobga olganmidi yoki tavakkalona zarbalar yo‘llaganmidi?

- Professional futbolda o‘ylashimcha, tavakkal zarba berish kamdan-kam o‘yinchida uchrasa kerak, - deb mavzuni davom ettirdi Murod. - Aytmoqchi bo‘lganim, “Buxoro” darvozasiga kiritgan birinchi golimni tavakkal deb o‘ylamayman. O‘zim zarba berishdan oldin darvozaning burchagini poylagandim va to‘pni aniq o‘sha tomonga yo‘naltirdim. Ikkinchi golimga keladigan bo‘lsam, aslini olganda o‘shanda to‘pni tepish niyatim yo‘q edi. Standartni Quvondiq Ro‘zievga berayotgandim. Ammo o‘zi menga tepaqoling dedi. O‘sha mahalda men zarbani boshqa tomonga tepgandim, to‘p esa rikoshet holatida boshqa tomonga ketdi. Balki bu golni tavakkal desa bo‘lar, yana ham aniqrog‘i o‘sha vaziyatda bizga omad kulib boqdi. Chindan ham biz standart vaziyatlarga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Yig‘inlar chog‘ida ham shu narsaga alohida ahamiyat berdik. “Buxoro”ni esa bizga qarshi himoyadan o‘ynashini bilardik. Ochig‘i, ushbu uchrashuvda ularning himoyasini yorib o‘tish biz uchun qiyin edi. Shu sababli uchrashuvdan oldin mashg‘ulotlarimizda standart vaziyatlar ustida ancha ishlagandik. Mehnatlarimiz esa shunchaki mashg‘ulotlarning o‘zida qolib ketmadi va asosiy bahsda o‘z mevasini berdi. “Buxoro”ga qarshi jamoamiz va men uchun omadli o‘yin bo‘ldi. Bilasiz-ku, agar omadingiz kelmasa, qancha zarba yo‘llamang baribir darvozaga kirmaydi.

Shuningdek, dastlabki turdagi ishonchli g‘alaba “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov uchun ham juda muhim edi. Chunki u yangi klubidagi dastlabki o‘yinini o‘tkazgandi. Ashurmatov esa qo‘qonliklar bilan sobiq klubini yirik hisobda tor-mor keltirdi. Baxtiyor Ashurmatov “Qo‘qon-1912”ga kelganidan keyin jamoada nimani o‘zgartirdi? Klub etakchisi esa ushbu masala haqida shunday javob qaytardi:

- Baxtiyor Ashurmatov tajovuzkor murabbiy. U juda talabchan. Futbolchilardagi g‘alabaga bo‘lgan xohish va ishtiyoqni uyg‘otishni biladi. Hamma murabbiy har xil bo‘ladi. Ashurmatov esa kurashuvchan mutaxassis. Qo‘l ostidagi futbolchilarni ham o‘yinga xuddi jangga chiqqandek tayyorlaydi. Ashurmatovning bunday uslubi haqida oldindan bilardim va eshitgandim. Ammo hali o‘zim u bilan ishlab ko‘rmagandim. Mana, endi o‘zi bilan birga ishlab shunga amin bo‘lyapmanki, haqiqatda Baxtiyor A’zamovich futbolchilarni g‘alabaga tashna qilib tayyorlar ekan. Shuningdek, to‘p uchun kurashlarda yutqazsak murabbiyimiz buni ham yomon ko‘rar ekan. Futbolni qo‘rqmasdan o‘ynashni o‘rgatyapti. Qisqa qilib aytganda, maydonga tushdingmi, g‘alaba uchun jang bo‘lishi kerak. Ashurmatov shunday xislati bilan ajralib turadi. Uning boshchiligida maydonga sira beparvolik bilan chiqmaysiz.

xolmuhammedov

Murod Xolmuhammedov uchun boshqa futbolchilarga qaraganda yangi mavsum bir muncha ertaroq boshlangandi, aslida. Chunki u “Bunyodkor” bilan Osiyo Chempionlar ligasi pley-off doirasida ikkita uchrashuvda maydonga tushgandi. O‘shanda uning “Qo‘qon-1912”dan “Bunyodkor”ga o‘tgani ham turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Negaki, avvaliga uni “Bunyodkor”ga ikki oyga ijaraga berilgani aytildi, keyin esa bir yilga ijaraga ketgani haqida xabarlar chiqdi. Lekin futbolchi tez orada yana Qo‘qonga qaytib keldi. Ya’ni, “Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqa olmaganidan keyin “Qo‘qon-1912”ga ravona bo‘ldi. Aslida voqealar rivoji qanday tus olgandi? Bu haqida futbolchining o‘zidan aniq javobni eshitamiz.

- Aslida “Bunyodkor” rahbariyati “Qo‘qon-1912” rahbariyati bilan gaplashib vaziyatni tushuntirishdi. O‘yinchilar kamligi va ayniqsa, tajribali himoyachi zarurligini, chunki oldinda Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bahslari turganligi, asosiy vazifa esa guruh bosqichiga chiqish ekanligi inobatga olinib, bizning rahbariyatimizga meni taklif qilish bo‘yicha iltimos bilan chiqishdi. Bu borada maslahat qilishdi va mening fikrim bilan qiziqishdi. Natijada “Bunyodkor”ga yordam berishga tayyor bo‘ldim. Bu klubga bir yilga ijaraga ketdim. Lekin klub bilan og‘zaki tarzda shunday kelishgandikki, agarda “Bunyodkor” OChLning guruh bosqichiga chiqa olmasa mening Qo‘qonga qaytish ehtimolim yuqori bo‘lardi. Menga ham klub guruh bosqichiga chiqa olmasa u erda qolishdan maqsad yo‘q bo‘lib qolardi. Natijada shunday bo‘ldi va men “Qo‘qon-1912”ga qaytdim.

Ammo aytish mumkinki, “Bunyodkor” pley-off bosqichining birinchi o‘yinida  yaxshi o‘yin namoyish etib, yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Biroq safarda “Al Ayn”ga qarshi kechgan hal qiluvchi bellashuvda jamoa yutqazdi. Buning sababini esa o‘sha uchrashuvlarda o‘ynagan Xolmuhammedov quyidagicha izohladi:

- Birinchi uchrashuvda ko‘rsatgan o‘yinimizni ikkinchi bahsda namoyish eta olmadik. Natijada “Al Ayn” bilan bellashuvda biroz bo‘shroq o‘ynadik. To‘g‘risini aytsam, birinchi o‘yindagi raqibimizdan ko‘proq xadiksiragandik. Agar ilk bosqichdan o‘tib olsak, o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortardi va ikkinchi bosqichda safardan g‘alaba bilan qaytishimizga ishongandik. Birinchi o‘yindagi raqibimiz esa biz uchun kuchliroqdek tuyulgandi. Afsuski, “Al Ayn” bilan bo‘lgan bahsda biz o‘zimiz kutgan natijaga erisha olmadik.

xolmuhammedov5

“Bunyodkor” bosh murabbiyi Vadim Abramov uchun ham Murod Xolmuhammedovni o‘z jamoasida ko‘rishi ayni muddao edi. Chunki u chindan ham jamoaning himoya chizig‘ini kuchaytirayotgandek edi. Xo‘sh, Xolmuhammedovning “Qo‘qon-1912”ga qaytishiga Vadim Karlenovich qanday munosabatda bo‘ldi?

- Abramov ham bir so‘zli murabbiy. Aytyapman-ku, meni bir yil ijaraga olgani bilan og‘zaki ravishda, klub, agar guruh bosqichiga chiqa olmasa ortga qaytishim borasida mening ko‘nglimga qarashga kelishgandik. Bunday vaziyatda hammasi mening xohishimga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Agar “Bunyodkor”da qolaman desam u erda yana o‘ynayotgan bo‘lardim. Ammo men Qo‘qonga qaytishni istadim, - deya munosabat bildirdi Xolmuhammedov.

Ashurmatov boshchiligida shakllantirilgan qo‘qonliklar yangi mavsumda qaysi o‘rin uchun kurashishga qodir degan savol ham muxlislarni qiziqtirmoqda. Bu masalada jamoa sardori shunday dedi:

- Murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan o‘zaro gaplashib, kuchli beshtalikka kira olishimizda o‘zimizga ishonamiz. Endi shu maqsadimiz yo‘lida oxirigacha harakat qilamiz. Umid qilamanki, ushbu jamoamiz bilan yuqori o‘rinlarni egallay olamiz. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

xolmuhammedov3_1

Shuni ham alohida aytish kerakki, o‘tgan yili Xolmuhammedov himoyachi-to‘purar nomiga sazovor bo‘lgandi. U bir qator gollarning muallifiga aylangan. Joriy yilgi mavsumni ham u dubl bilan boshlagani e’tiborga molik. Bundan chiqdi, Murod yana bu yil ham himoyachilar orasida to‘purar bo‘lish niyatidami?

- Hali shu paytgacha biror himoyachining to‘purar bo‘lganini eshitmaganman, - deydi o‘yinchi. - To‘g‘risi, himoyachi bo‘lishimga qaramasdan ko‘plab gollar uraman va to‘purar bo‘laman deb niyat qilmaganman. Aslida bunday maqsad qilishim ham noto‘g‘ri. To‘g‘ri, har bir futbolchining maqsadi bo‘ladi. Lekin men himoyachi bo‘la turib hujumchilar bilan to‘purarlik uchun raqobat qila olmayman. Ularning pozitsiyasi boshqa, mening pozitsiyam boshqa. Ammo har bir futbolchining har bir o‘yinda gol urgisi keladi. Birinchi navbatda maydonga tushganimda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, jamoamga yordamim tegishini istayman. Undan keyingi maqsadim esa gol urish.

O‘tgan yili “Paxtakor” boshqalardan yaqqol ajralib turdi va shunga yarasha barcha musobaqalarni yutdi. Natijada chempionat saviyasi tushganligi haqida ham aytildi. Xo‘sh, bu yil vaziyat qanday tus oladi? Yana “Paxtakor”ning yaqqol etakchiligini ko‘ramizmi? Umuman aytganda, Xolmuhammedov yangi mavsumdan nimalarni kutayotgani haqida gapirdi.

- Boshqalarning bu haqida bildirgan fikrlari ham chiqdi. Men ham ko‘pchilikning aytgan gaplariga qo‘shilaman. “Paxtakor” bu yil ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi. Baribir hozirgi kunda O‘zbekistonda ularga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladigan jamoa yo‘q deb hisoblayman. Shu bois birinchi o‘rinni boshqalarga berib qo‘ymaydi deb o‘ylayman. Qolgan klublarni esa yaqqol ajratib ko‘rsata olmayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ramazonov Murod
06/03/2020 08:13
Кукон галаба козонди Тухтасинов галаба козонди Судя чемпион