
Murodjon Ahmadaliev va Daniel Roman imkoniyatlar qanday ? (Taxlil)
Hozirgi kunda o‘zbek professional boks olamidagi eng shov-shuvli xabar deya, hamyurtimiz Murodjon Ahmadalievning WBA chempionlik kamari uchun AQSh vakili, ushbu yo‘nalishdagi chempionlik kamari soxibi Daniel Romanga qarshi jang o‘tkazishi bo‘lib turibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Avgust yoki sentyabr oyiga mo‘ljallanayotgan ushbu extimoliy jang Murodjon uchun juda katta ahamiyatga ega. Chunki, u o‘zbek professional boks olami tarixiga o‘ziga xos zarxal xarflar bilan bitiladi. Bu borada batafsil to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik. Sababi, bugun biz boshqa omillarga e’tibor qaratmoq niyatidamiz. Ya’ni ularning imkoniyati va jang olib borish uslublari haqida to‘xtalmoqchimiz. Qolaversa, ushbu jangda kimning imkoniyati yuqori, degan savolga o‘ziga xos taxminlarimiz va taxlillarimiz bilan javob topish istagidamiz. O‘ylaymanki, bizning bu boradagi qarashlarimiz, shaxsiy fikrlarimiz sizni befarq qoldirmaydi.
Murodjon Ahmadalievning ustun jihatlari
Murodjonning avvalo, eng katta yutug‘i uning professional boksga xos bo‘lgan kuchli zarbasi deya e’tirof etgan bo‘lardik. Ya’ni "Pancher"ligini. Qolaversa, chapaqayligi ham raqibiga juda katta noqulaylik tug‘dira oladi. Boksda chapaqaylik qanday ijobiy xolat ekanligi barchaga ma’lum. Ya’na bir e’tiborga molik tomoni, hamyurtimizning xavaskor boksdagi ulkan tajribasidir. To‘g‘ri, xavaskor va professional boks orasida “ot bilan tuya”kabi farq bor. Biroq, uning ijobiy tarafi shundaki, o‘ziga xos tezkorlik, oyoqda ishlash, kombinatsiyalarning rang barangligi xavaskor boksda jiddiy o‘rgatiladi. Bu borada esa, yurtdoshimiz benazir hisoblanadi. Yana bir xursand qiladigan jihati Murodjonning har ikki qo‘lida birdek zarba yo‘llay olishidir. E’tibor bersangiz chalg‘ituvchi o‘ng qo‘l zarbasi ham juda kuchli ko‘rinish oladi. Masofani xis qilish qobiliyati ham juda yuqori. Bunga birgina misol qilib, Isaak Zarate bilan o‘tkazgan jangiga e’tibor qaratishingizni tavsiya qilardik. Qarshi hujumda ham chiroyli harakat qiladi. Uning eng foydali zarbasi o‘ng qo‘lidagi yon tomondan boshga va jigarga yo‘llanadigani desak yanglishmagan bo‘lamiz. To‘g‘ri, ko‘p xolatda yakuniy zarbani chap qo‘lda yo‘llaydi. Lekin intixoni o‘ng qo‘lda o‘sha ta’kidlab o‘tgan zarbamiz tayyorlab beradi. Bo‘ylar borasida ham kamchilik yo‘q. Aksincha, Murodjon 1 sm ga baland. Albatta, bo‘ydagi ustunlik nisbiy tushuncha hisoblansada, ba’zan ushbu omil ham foydali hisoblanadi. Misol uchun bo‘y va qo‘lning uzunligi yordamida “jeb” zarbalaridan unumli foydalanishni nazarda tutdim. Demak, bu borada ham xavotirga tushishga xojat yo‘q. Murodjonda yana bir xislat yaxshi rivojlanganki, albatta, bu shaxsan bizning kuzatuvimizdan kelib chiqib bildirilayotgan fikr, ya’ni u jang mobaynida ham ring tashqarisidagi murabbiylarining ko‘rsatmalariga e’tibor qaratadi. Odatda, aksariyat bokschilar jang boshlanishi bilan barchasini unutadi, qulog‘iga xech nima kirmaydi. Bu borada shaxsan bokschilarimizning o‘zlari ham ko‘p bora ta’kidlab o‘tishadi. Qo‘shimcha motivatsiya beruvchi omillar ham yo‘q emas. Misol uchun, avvalo, o‘zining murabbiyi To‘lqin Qlichevning o‘sha erda bo‘lishi, juda katta ishtiyoq Ahmadalievga kuch berishi tayin. Bir so‘z bilan aytganda, hamyurtimizning ushbu jangni o‘z foydasiga xal qila olishi uchun etarli darajada ustunlik jihatlari bor. O‘ylaymizki, u bundan oqilona foydalana oladi.
Xalal beruvchi omillar
Bu borada elementar xolatlarni aytib o‘tish mumkin. Jumladan, tabiiyki jang AQSh da o‘tkaziladi. Daniel Roman esa mezbon bokschi. Qolaversa, teng jangda ba’zan davogar nisbatan ustunlik qilsada, chempionga nisbatan hakamlarning yaqin yondashuvi seziladi. Raqibiga nisbatan 10-12 raundlik janglarda kam ishtirok etganligini ham aytib o‘tish lozim. Va yana, chempionlik jangining kuchli bosimi ham nisbatan xalal berishi mumkin. Albatta, bu bir taxmin xolos. Umid qilamizki, agar bu jang amalga oshsa, Murodjon bunday qarashlarga xojat qoldirmasdan katta ustunlik evaziga g‘alaba qozonadi. Biz unga ishonamiz!
Daniel Romanning ustunlik jihatlari
Daniel Roman 2010 yildan buyon professional boksda faoliyat yuritib keladi. Ya’ni unda 9 yillik tajriba bor. Qolaversa, 30 bor jang o‘tkazib ularning 27 tasida g‘alaba qozona olgan. Mag‘lubiyat ham yo‘q emas. Takashi Okada va Xuan Reyesga ochkolar hisobida imkoniyatni boy bergan. Jensen Ramires bilan esa, duranga imzo chekkan. Albatta , bular faoliyatining boshlanish qismida bo‘lgan. So‘ngi bora Reyesga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin, ketma-ket 19 marotaba zafar quchib, mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Ayonki, uning birinchi ustunligi profi ringdagi tajribasidir. Ya’ni qaysi ma’nodaki, unda 10-12 raundlik janglar yurtdoshimizga nisbatan anchagina ko‘p. Qolaversa, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek u o‘z uyida jang olib boradi. Bu ham bir kichik ustunlik desak yanglishmagan bo‘lamiz. Yana bir jihati u ham xuddi Murodjon kabi ikki qo‘lda kuchli zarba yo‘llay oladi. G‘alabalarining 10 tasini nokaut bilan yakunlagan. Bu esa har xolda kuchli zarba soxibi ekanligini anglatadi. Lekin zarba kuchi borasida baribir Ahmadaliev undan ustunroq nazarimizda. Uning eng xavfli zarbasi pastdan jag‘ qismiga yo‘llaydigani desak mubolag‘a bo‘lmas. To‘g‘ri, u nokaut qayd etgan janglarida aynan ushbu zarbasi rol o‘ynagan deb ayta olmaymiz. Lekin, mazkur quroli raqibni to‘xta olishda, muvozanatdan chiqarishda eng ko‘p xizmat qiladi. Buni bevosita janglaridan kuzatishingiz mumkin. Ramonning yana bir xavfli tomoni, yaqin masofadan jang olib borishda benazirligidir. Raqibni kutib olishda ham yaxshi harakat qiladi. Ringni ham yaxshi xis qiladi. Qisqa qilib aytganda hozirda WBA reytingi peshqadami ekanligi ham qanday bokschi ekanligini anglatib turibdi.
Xalal beruvchi omillar
Birinchi navbatda faoliyati mobaynida Murodjon kabi kuchli zarbasi bor bokschilar bilan to‘qnash kelmaganligi. Qolaversa, u 30 ta jangi mobaynida birorta o‘zbek boks maktabi uslubiga xos harakat qiluvchi raqiblar bilan jang o‘tkazgan emas. Aynan ushbu omillar uning zarariga ishlashi oydek ravshan. Qolaversa, oyoq bilan ishlash borasida ham biroz kamchiligi bordek taassurot uyg‘otmoqda. Mazkur, kamchiliklar yurtdoshimizning g‘alabasiga xizmat qilsa, ayni muddao bo‘lardi.
Albatta, ushbu fikrlarimiz bizning kuzatuvimiz maxsuli xolos. O‘ziga xos kuzatuvimiz esa, yurtdoshimizning ushbu uchrashuvda imkoniyati yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Xalqimizda “Yaxshi niyat-Yarim davlat” degan naql bor. Keling, yaxshi niyat qilaylik, duoda bo‘laylik. Zero, ushbu niyatlarimiz ijobat bo‘lib, Murodjon Ahmadaliev AQSh zaminida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan birinchi yurtdoshimizga aylansin!
Ahmadbek EShMATOV Tayyorladi
Fikrlar