Muxtor Qurbonov: "Shartnoma tuzib olmaguncha befoyda gapning keragi yo‘q"

  • 21 dekabr, 2021, 21:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bronza medal egasi AGMK klubi 20 dekabrdan mashg‘ulotlarini boshlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Yaqinda jamoani serbiyalik legioner Yovan Jokich tark etdi.

Hozircha undan boshqa yangilik eshitilmadi. Ammo tarkibda albatta o‘ziga yarasha o‘zgarishlar bo‘lishi aniq. AGMKning rejalari bo‘yicha klub bosh direktori Muxtor Qurbonov Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.  

- AGMK klubi ketma-ket ikki yil chempionatda bronza medalini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston Kubogida ham oxirigacha boryapti. Bosh direktor sifatida jamoaning qayd etayotgan natijalaridan qoniqyapsizmi?

- Bu yil bundan ham yuqoriroq o‘rinni olmoqchi edik. Ayrim paytlarda omad kelmay qoldi. Ammo uchinchi o‘rinni ham sovrin deb hisoblaymiz, chunki bu bronza degani. Ikki yildan beri uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritish ham oson ish emas. Biroq biz yanada teparoqda bo‘lishni xohlardik. O‘zbekiston chempionatida raqobat kuchayib boryapti. Masalan, “So‘g‘diyona” jamoasi ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, ikkinchi o‘rindan joy oldi. Menimcha, kelasi yili oltin medal uchun 6-7 ta klub kurash olib boradi. Umumiy ma’noda aytganda, jamoamizning natijasidan biroz xafa bo‘lgan bo‘lishimiz mumkinu, lekin bronzani ham chakki emas deb o‘ylayman. Qaerdadir qoniqdik, qaerdadir yo‘q. Kubokda g‘olib chiqmoqchi edik, chempionatda ikkinchi o‘rinni egallash niyatimiz ham bor edi. Afsuski, bo‘lmadi, bu – futbol. Nasib ekan-da. Keyingi yilga yanada omadliroq bo‘lishiga harakat qilamiz.

muxtor

- AGMKning yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejasi ishlab chiqilgandir?

- 20 dekabrdan boshladik. 30 dekabrga qadar Toshkentda mashg‘ulotlar olib boramiz. Yanvar, fevral va mart oyidagi yig‘inlarimizni maslahatlashib, aniqlashtirib olamiz. Shundan keyin yana bu haqida gaplashamiz.

- Bu safar ham yana xorijda yig‘in o‘tkaziladimi?

- Xudo xohlasa, mo‘ljalimizda bor.

- Yaqinda Yovan Jokich AGMKdan ketdi. Klub uni olib qolish harakatidamidi yoki...

- Olib qolmoqchi edik. Uni biz bilan tuzgan shartnomasi tugagandi. Futbolchini xohishiga ham qaraladi. Jokich Namanganda o‘ynashni istadi. Futbolda doim kimdir keladi, kimdir ketadi. Jokich ham ozmi-ko‘pmi AGMK klubida o‘ynadi. Balki u yana muhitni almashtirib ko‘rishni istagandir. Nima qilishni o‘zi biladi. Jamoamiz o‘zagini saqlab qolib, 3-4 ta o‘yinchini qo‘shib olsak, yana medallar uchun kurashishga tayyor bo‘lamiz.

muxtor4

- Nima deb o‘ylaysiz, Jokichning ketishi AGMK uchun katta yo‘qotishmi?

- Buni vaqt ko‘rsatadi. Jokichning pozitsiyasiga boshqa o‘yinchilarni ko‘ramiz. Barchasini fursati kelganda bilib olamiz. Futbolda almashtirib bo‘lmas o‘yinchi yo‘q. Ha, balki qaysidir ma’noda Yovan Jokich bizga etishmasligi mumkin. Yoki bo‘lmasa uning o‘rniga boshqa futbolchi kelib undan ham zo‘r o‘yin ko‘rsatishi mumkin, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Jokichdan tashqari AGMKni yana kimlar tark etdi?

- Hali hech kim tark etgani yo‘q. Qolganlarni shu oy oxirigacha shartnomalari bor.

- Klubga yangi qo‘shilayotgan futbolchilar borasida ma’lumot bera olasizmi?

- Yangi qo‘shilayotganlardan kimnidir familiyasini ayta olmayman. Barchasi yangi yildan keyin oydinlashadi. Muzokaralar davom etyapti. Qo‘l qo‘yib, shartnoma tuzib olmaguncha befoyda gapning keragi yo‘q. Qaysidir o‘yinchi haqida gapirsam, keyin biz u bilan kelisha olmay qolishimiz mumkin. Qachonki, shartnoma tuzganimizdan keyin rasman e’lon qilsak bo‘ladi.

muxtor1

- Eshitishimcha, Tojikistonning “Istiqlol” klubi himoyachisi AGMKga o‘tyapti ekan...

- Hali aniq bo‘lgani yo‘q. Hozircha muzokaralar ketyapti.

- Mirjalol Qosimovning oldiga yangi mavsum uchun “konkret” vazifa qo‘yildimi?

- Bizda har doim maqsad bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Har doim katta vazifalarga intilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!