
Muzaffar Rajabov ajoyib loyihaga qo‘l urdi yoxud Buxoroda katta MMA zali barpo etilmoqda
Qariyb 20 yildan buyon vatanimiz sharafini xalqaro turnirlarda munosib himoya qilib kelayotgan WTKF chempioni, "Buxoro yo‘lbarsi" nomi bilan mashhur Muzaffar Rajabovni nafaqat O‘zbekistonda balki xorijda ham yaxshi tanishadi. U o‘zi jang o‘tkazish bilan birga murabbiylik faoliyatini ham olib boradi.
U "Amir Temur" klubiga asos solgan. Mazkur klubda ko‘plab yoshlar jangovar sport turlarining sir-asrorlarini bevosita Muzaffar Rajabovdan o‘rganib kelmoqda va bir qator muvaffaqiyatlarni ham qo‘lga kiritishga ulgurgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Muzaffar Rajabov tomonidan Buxoroda jangovar sport turlariga ixtisoslashgan zal qurilayotgan ekan. Biz sportchimiz bilan bog‘lanib, zal qurilishi va shunga oid ma’lumotlar bilan qiziqdik.
- Katta loyihaga qo‘l urganmiz. Nasib qilsa, ushbu qurilayotgan zalimiz Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladi, degan umiddamiz. Yana 10 kunlardan keyin ushbu majmuamiz to‘la qad rostlaydi. Yangi zalimizda yoshlarimiz jangovar sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘zlarida olov bor, ishtiyoqi yuqori bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizda barchasi bepul bo‘ladi. Ushbu ishlarimiz bilan yurtimiz sporti rivojiga o‘zimizning oz bo‘lsa-da, hissamizni qo‘shish niyatidamiz. Qolaversa, barchasi o‘z iziga tushib, odatiy hayot tarziga o‘tsak, butun Markaziy Osiyo mamlakatlarining MMA terma jamoalarini o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga taklif etmoqchiman. Albatta, bu yosh jangchilarimizni mahoratini oshirish barobarida o‘ziga xos turizmni ham rivojlantirishga turtki bo‘ladi, deb o‘ylayman. Mexmonxona, oziq-ovqat umuman barchasi yonimizdan bo‘ladi. Ular faqatgina chipta masalasini hal qilishadi. Xullas, rejalar ulkan. Bu borada dastlabki qadamlarni tashlab ulgurdik va o‘ylaymanki, barchasi biz orzu qilgandek ko‘rinish oladi.
Fikrlar