
MYuning ikki sobiq yulduzlari Angliya klubining egalariga aylanishdi
Devid Bekxem va Garri Nevill Angliya futbolining to‘rtinchi divizioni jamoasi bo‘lgan "Salford Siti" klubini to‘liq egallab olishdi. Ularning maqsadi — klubni kelajakda Premer-ligaga olib chiqish.
Bekxem va Nevill allaqachon "Salford Siti"ning hammuassislari bo‘lib, ular bilan birga "Manchester Yunayted"dagi sobiq jamoadoshlari — Niki Batt, Rayan Giggs, Fil Nevill va Pol Skouls ham klubda ulushga ega edi. Bu "92-yil avlodi" 2014 yilda klubni sotib olgan va 5 yil ichida uni 4 marta yuqori ligaga olib chiqishda yordam bergan edi. Biroq, shundan beri jamoa Ikkinchi ligada qolib ketdi.
Endilikda klubni yuqori pog‘onalarga olib chiqish maqsadga aylangan. Shu yo‘lda Bekxem va Nevill AQShdagi Consello maslahat firmasining asoschisi Deklan Kelli hamda Britaniya tennis assotsiatsiyasi raisi Lord Mervin Deyvis bilan hamkorlikda klubni to‘liq sotib oldilar. Bu orada Batt, Giggs, Fil Nevill va Skouls o‘z ulushlaridan voz kechishdi.
The Athletic nashriga ko‘ra, yangi egalik qilayotgan guruh va boshqa kichik ulush egalari klubning sport va infratuzilma rivoji uchun 15–20 million dollar atrofida mablag‘ yig‘ishgan.
Fikrlar