
“Napoli” futbolchisiga qurolli hujum qilindi
“Napoli”ning braziliyalik legioneri David Neresga noma’lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirildi. Bu haqida futbolchining rafiqasi Kira Vaynona xabar berdi.
Noxush voqea “Napoli” stadioni hududida Italiya chempionatining uchinchi turida neapolliklarning “Parma”ga qarshi uchrashuvidan keyin yuz berdi.
- David uni stadion tashqarisida kutgan muxlislardan uzr so‘raydi. U stadiondan chiqishda ikki nafar qurollangan shaxs unga hujumiga uchradi. Ular Davidning mashinasini pachoqladi va qurol bilan tahdid qilib, narsalarini o‘marib ketdi, - deb yozdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Kira Vaynona.
27 yoshli Neres bir necha hafta oldin “Benfika”dan “Napoli”ga transfer qilingan edi. Futbolchi “Parma”ga qarshi o‘tkazilgan bahsning 70-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Fikrlar