"Navbahor" - "Oq-tepa" o‘yini oldidan ma’lumotlar

  • 22 aprel, 2021, 12:59
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” o‘z maydonida Toshkentning “Oq-tepa” klubini qabul qiladi.

Muxlislar mazkur jamoa haqida kam ma’lumotga ega bo‘lishgani bois, "Navbahor" klubi matbuot xizmati raqib borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

“Oq-tepa” 2000 yili G‘anisher Shog‘ulomov tomonidan tashkil etilgan. 2000-2005 yillari jamoa Rustam Hamdamov murabbiyligida O‘zbekiston chempionati 2-ligasida ishtirok etib, 2005 yilda birinchi ligaga o‘tish turnirida g‘olib chiqib, Birinchi liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

2006-2008 yillarda Birinchi ligada qatnashgan “Oq-tepa” 2009 yilda ayrim sabablarga ko‘ra, ushbu ligada ishtirok etolmadi. Jamoa 2010 yildan yana Birinchi ligaga qaytdi. Shundan so‘ng, muntazam ravishda mazkur ligada ishtirok etgan toshkentliklar Pro-liga tashkil etilgach, mazkur ligada qatnashishmoqda.

“Oq-tepa”da Furqat Esonboev, Eldor Sakaev, Nizom Nortojiev, Aleksandr Mochinov, Aleksandr Ejov, Vohid Xolboev va Aleksandr Tokov singari murabbiylar faoliyat yuritishgan. Jamoada Eldor Magdeev, Sobir Usmonxo‘jaev, Asilbek Omonov hamda Nodir Teshaboev kabi Superliga “havosi”dan bahra olgan futbolchilar o‘ynashgan.

Joriy mavsumdan 9 ta jamoa ishtirok etayotgan Pro-ligada qatnashayotgan “Oq-tepa” ayni paytgacha 4 ta o‘yin o‘tkazib (“Buxoro”, 1:2, “Olimpik”, 1:2, “Yangier”, 1:1, “Aral Samali”, 2:2), 2 ta durang hamda 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan holda, 2 ochko to‘plagan va turnir jadvalining 8-pog‘onasini egallab turibdi.

“Oq-tepa”ni yosh mutaxassis Sergey Tokov boshqarmoqda. Jamoa tarkibidan bir paytlari Superliga klublarida to‘p tepgan tajribali yarim himoyachi Sunnatillo Mamadaliev, shuningdek, to‘rt nafar legioner, nigeriyalik futbolchilar – himoyachi Opex Samuel va hujumchi Sandey Longji Song, kolumbiyalik yarim himoyachi Xuan Bekerra Ospina hamda braziliyalik Karvalo da Silva o‘rin olishgan.

“Navbahor” va “Oq-tepa” jamoalari O‘zbekiston kubogi bahslarida o‘tgan yili bir-birlariga ro‘baro‘ kelishgan. O‘shanda 1/8 final doirasidagi bahsda “lochinlar” Toshkentdagi TTYMI stadionida toshkentliklarni Azimjon Ahmedov hamda Azizbek Turg‘unboevning gollari evaziga 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.

Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “Oq-tepa” uchrashuvi bugun Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda soat 17:00da start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!