"Navbahor" 0:2ga yutqazayotganda, nimaning evaziga hisobni tenglashtirdi? - Viktor Jalilovdan javob

  • 27 iyun, 2021, 15:19
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga 11-turidan o‘rin olgan “Metallurg” – “Navbahor” (2:2) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida “lochinlar” bosh murabbiyi Viktor Jalilov o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

- O‘yin tempi yaxshi bo‘ldi, natija ham adolatli. Biz ham g‘alabaga yaqin keldik, “Metallurg” ham o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Umuman olganda esa, ustunlikka erishdik, ko‘plab hujumlar uyushtirdik.

- Jamoa 0:2ga yutqazayotgandi, nimaning evaziga hisobni tenglashtirdi?

- Menimcha, birinchi navbatda, bu jamoada xarakter, iroda va kuch borligidan dalolatdir. Avvalgi matbuot anjumanlarida futbolchilarning jismoniy tomonlama tayyor emasliklari haqida gap bo‘lgandi. Agar yigitlar tayyor bo‘lishmaganda, 0:2 hisobini tenglashtira olishmasdi. Shuningdek, alohida futbolchilarning mahoratini e’tirof etish lozim. Albatta, tarkibimizda shunaqa hujumlarni boshlaydigan, davom ettiradigan va samarali yakunlaydigan o‘yinchilar ko‘p bo‘lishini xohlayman. Muhimi, futbolchilarimiz vaziyat murakkablashganiga qaramay, uchrashuvning borishini o‘zgartirib, gollar urishni uddalashdi.

- “Navbahor” bugungi kuchli raqib maydonida qayd etilgan durangdan qoniqdimi?

- So‘nggi 20-25 daqiqaning borishidan kelib chiqsak, bugungi natijadan qoniqmadim. Gollar urganimizdan keyin ham tashabbusga erishdik, yana imkoniyatlar vujudga keldi, ammo ulardan foydalana olmadik. Albatta, g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, shu bois, durangdan ko‘nglim to‘lmadi. Umuman olganda, safarda durang o‘ynab, uydagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish evaziga chempion bo‘lish ham mumkin.

- “Navbahor” avvalgi 10 ta o‘yinda 9 ta gol urdi. Bu kam emasmi?

- Men uchun ko‘proq hujum uyushtirishimiz muhim. Yanada ko‘proq gollar urishimiz mumkin edi, lekin hujum chizig‘ida muammomiz bor. Buni mutaxassis bo‘lmaganlar ham payqashlari mumkin. Ammo ishlashda davom etamiz. Mana, so‘nggi 3 o‘yinda 6 ta gol urdik. Albatta, holatni yaxshilashga astoydil urinyapmiz, lekin boshqa jamoalar ham bir joyda to‘xtab qolmayapti.

- Keyingi turda jamoangiz vodiy derbisida “Andijon”ga qarshi o‘ynaydi. Mazkur bahs borasida nima deya olasiz?

- U derbi bo‘ladimi yoki oddiy o‘yinmi, barchasi keskin kurashlar ostida kechmoqda. Kechagi uchrashuvlarda ham ko‘rdik, jamoalarning turnir jadvalida egallab turgan o‘rni qanday bo‘lishiga qaramay, bellashuvlar murosasiz tarzda o‘tdi. Bizning bugungi o‘yinimiz haqida ham shunday deyish mumkin. O‘yinlar shunday tempda o‘tadigan bo‘lsa, bu futbolimiz rivojiga xizmat qiladi. Istagim – maydonda sifatli harakatlarni amalga oshiradigan futbolchilar ko‘paysin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!