"Navbahor" legioneri "Qizilqum"ga qarshi o‘yin oldidan qanday fikrda?
Coca Cola Superliga 20-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning serbiyalik tajribali himoyachisi Boyan Tsiger bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Bo‘lajak raqibimiz “Qizilqum” joriy mavsum bahslarini yaxshi o‘tkazmoqda va ayni paytda turnir jadvalida jamoamizdan keyingi pog‘onada bormoqda (7-o‘rin). Bir so‘z bilan aytganda, yakshanba oqshomida deyarli teng kuchga ega bo‘lgan raqiblar o‘zaro kuch sinashishadi. Jamoamiz 2-davra o‘yinlarini yaxshi o‘tkazmoqda va o‘tgan turda safardan g‘alaba bilan qaytdik. Shu bois, ayni paytda kayfiyatimiz yuqori hamda bo‘lajak uchrashuvda ham zafar quchish niyatidamiz. Bo‘lajak o‘yinnning shiddatli, keskin, yakka kurashlarga boy tarzda o‘tishi ehtimoli yuqori.

Biz mazkur bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Ancha tanaffusdan so‘ng, nihoyat, bo‘lajak o‘yin muxlislar ishtirokida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Stadionga tashrif buyuradigan ishqibozlarning bevosita ruhan va ma’nan qo‘llab-quvvatlashlari, madadi asosida maydonda to‘p tepib, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz hamda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Baxtimizga “Navbahor” ishqibozlari hamisha sog‘ bo‘lishsin.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar