
"Navbahor"ga qarshi o‘yinda "Metallurg"ga nima etishmadi? - Murabbiy javob berdi
Coca Cola Superligasining 6-turidan o‘rin olgan "Metallurg" - "Navbahor" (1:3) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Restartdan keyin bugun kuch sinashgan jamoalarning ikkalasi ham ochko jamg‘arayotgandi. Shu boisdan ham kayfiyatlar a’lo edi. O‘yindan oldin optimistik kayfiyatda edik. Afsuski, Namangan jamoasi o‘zi yaratgan barcha vaziyatlarni golga aylantirdi. Bizning yigitlarda esa g‘alabaga chanqoqlikni sezmadim. Xohish va intilish kuchli bo‘lmadi. Markazda oddiy elementar xatolarga yo‘l qo‘ydik.
Hozir qaynoq haroratda va hissiyot bilan biron bir narsa deyish qiyin. Ertaga xotirjam futbolchilarning harakatlarini tahlil qilib chiqamiz. Xatolarni ko‘rib xulosa chiqaramiz. Uyda mag‘lubiyatga uchrash doim yoqimsiz va hunuk. Ha, biz mag‘lub bo‘ldik. Buni tan olamiz. "Navbahor"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Futbolchilar va murabbiylar professional ishlashdi.
Bugun turnir jadvalidan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak oltinchi turning markaziy o‘yini bo‘ldi. Akbar Ismatullaevga e’tirozim yo‘q. U o‘z darajasida o‘ynamoqda.
Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklayman. O‘z ishlarining professionallari bo‘lishini tilayman. Ma’lumot va xabarlarni etkazib berishda ularning o‘rni beqiyos, - dedi Andrey Shipilov.
Fikrlar